O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston delegatsiyasi Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi parlamentlararo forumida ishtirok etmoqda
2023-02-10 | Jamiyat
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya Qozog‘istonning Turkiston shahrida o‘tkazilayotgan Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi parlamentlararo forumida ishtirok etayapti

Taʼkidlash joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari qo‘shni davlatlar rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangani tufayli Markaziy Osiyoda siyosiy muloqot faollashdi va o‘zaro ishonch mustahkamlandi. Davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari yo‘lga qo‘yilishi natijasida mintaqada ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik darajasi yangi bosqichga ko‘tarildi.
Mintaqa mamlakatlarining barcha sohalarda o‘zaro do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik va strategik sheriklikka asoslangan munosabatlari sifat va mazmun jihatidan yana-da boyib bormoqda. Xususan, parlamentlararo muloqotni kuchaytirish, mavjud har qanday to‘siqlarni birgalikda bartaraf etish ustuvor yo‘nalishga aylangan.
Forumning birinchi kuni Senat Raisi Markaziy Osiyo davlatlari parlament delegatsiyalari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi.
Shundan so‘ng delegatsiya aʼzolari Turkiston shahridagi tarixiy madaniy yodgorliklar bilan tanishdi, jumladan, Hazrat Xo‘ja Ahmad Yassaviy mavzoleyini ziyorat qildi.
Bugun Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi parlamentlararo forumining asosiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi har tomonlama strategik hamkorlikni mustahkamlash va bu jarayonda parlamentlarning rolini faollashtirish kabi masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati