O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda BRMni izchil amalga oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi maʼlumot BMT Bosh Assambleyasining rasmiy hujjati sifatida tarqatildi
2023-02-04 | Jamiyat
O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi maʼlumot BMT Bosh Assambleyasi 77-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida qabul qilindi va tarqatildi.

Hujjat BMTning oltita rasmiy tili - arab, xitoy, ingliz, fransuz, rus va ispan tillariga tarjima qilindi va barcha aʼzo davlatlar, BMTning ixtisoslashgan agentliklariga taqdim qilindi, shuningdek, tashkilot jurnali va Rasmiy hujjatlar tizimida A/77/700 raqam ostida joylashtirildi. Unda O‘zbekiston BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini hayotga tadbiq etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rishda davom etayotgani qayd etilgan.
Davlat boshqaruvi tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlarga ijobiy baho berilgan. Ushbu o‘zgarishlar doirasida davlat xizmatchilarining soni bosqichma-bosqich qisqartirilib, tejalgan mablag‘lar ijtimoiy masalalarni hal etishga yo‘naltirilishi taʼkidlangan.
Xususan, 2022 yilda iqtisodiyotga 8 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilingani, pensiya va ijtimoiy nafaqalar eng kam isteʼmol xarajatlaridan past bo‘lmagan darajaga oshirilgani, 500 mingga yaqin kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatilgani, shuningdek, mamlakat bo‘ylab maktablarda qo‘shimcha 500 ming o‘quvchi o‘rni yaratilgani qayd etilgan.
Nashrda 2023 yil O‘zbekistonda «Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili» deb eʼlon qilingani, uning asosiy vazifalaridan biri maktab taʼlimi sifatini oshirish, o‘qituvchilarning mehnat sharoitlarini yaxshilash hamda ularning rolini oshirish etib belgilanganiga alohida eʼtibor qaratilgan. Joriy yilda 70 ta yangi maktab qurish, 460 ta maktabni kengaytirish ko‘zda tutilgani urg‘ulangan. Shu bilan birga, barcha hududlarda boshlang‘ich sinflar uchun bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yilishi, respublikada Yevropa standartlari bo‘yicha yangi taʼlim dasturi joriy etilayotgani alohida taʼkidlangan.
«To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi» umumxalq harakatining yo‘lga qo‘yilgani, ona va bola salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha uch yillik keng ko‘lamli dasturni amalga oshirish, aholini sog‘lom turmush tarzi bilan taʼminlash, shuningdek, ichimlik suvi va elektr energiyasi bilan taʼminlash, hududlarda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlum qilingan.
«Umuman olganda, O‘zbekiston rahbariyati tomonidan belgilangan vazifalarning izchil bajarilishi 2030 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish kun tartibida ko‘zda tutilgan maqsadlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, shuningdek, aholi farovonligini yuksaltirish, respublikadagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga xizmat qiladi», deyiladi hujjatda.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi