O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Taraqqiyotga faqat mashaqqatli va jasoratli mehnat orqali erishiladi

2023-01-27 | Iqtisodiyot

O‘zbekiston qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Botir Zokirovning mamlakatimizdagi qurilish sohasida olib borilayotgan ishlar haqida maqolasi eʼlon qilindi.

Yangi O‘zbekistonni keng ko‘lamli ulkan qurilishlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu turar joy bo‘ladimi, ijtimoiy obyektlar, yangi infratuzilma bo‘ladimi, hamma-hammasi, avvalo, inson qadri uchun yo‘naltirilayotgan, odamlar uzoq kelajakda emas, bugun ham munosib va farovon yashashi yo‘lida qilinayotgan islohotlardir.

Bugun xalqimizni uzoq yillar qiynab kelgan uy-joy masalasi haqida gapirganda, avvalo, komil ishonch bilan aytish joizki, bu hayotbaxsh siyosat bundan keyin ham davlatimiz eʼtiborida bo‘lib qolaveradi.

Negaki, davlatimiz rahbari 2022-yil 20-dekabr kuni Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi islohotlar haqida gapirar ekan:

“aholi uchun yangi uy-joylar qurish hajmini 1,5 barobar oshirib, 90 mingga yetkazilishi, bu borada ikki yil oldin boshlangan imtiyozli shartlar asosida ipoteka kreditlari berish davom ettirilishi;

kelgusi yilda Toshkent viloyatida “Mening birinchi uyim” yangi ipoteka dasturi boshlanishi, dastur doirasida, birinchi navbatda, turar joyga ehtiyoji bor hamda yosh oilalar uchun eng qulay shartlar asosida uy-joylar barpo etilishi” to‘g‘risida alohida taʼkidlab o‘tdi.

Xalqimizni rozi qilish yo‘lida davom etayotgan bu kabi tarixiy va keng ko‘lamli ishlar, ayniqsa, bizga juda katta masʼuliyat yuklaydi. Aytish joizki, bu borada Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi oldida ulkan dolzarb vazifalar turibdi.

Shu bois, bugun xalqimiz oldida o‘zimizni hisobdor sanab, aholini uy-joy bilan taʼminlash, ular uchun munosib turmush sharoiti yaratish borasida qilinayotgan ishlar haqida to‘xtalishni joiz bildik.

Avvalo, sohadagi masʼuliyat, ijro intizomi, xodimlarimizning o‘z vazifasiga fidoyilik, halollik bilan vijdonan yondashuvini taʼminlash borasida qilinayotgan ishlar haqida gapirish o‘rinli bo‘ladi.

O‘zbekiston Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan vazirlik tizimida tizimli chora-tadbirlar ko‘rib kelinmoqda.

Jumladan, mazkur farmonda belgilangan vazifalarni amaliyotga so‘zsiz tatbiq etish maqsadida xodimlar o‘rtasida hujjat mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.

Bunda asosiy eʼtibor xodimlarning yangi shakllangan qonunchilik bazasidan xabardorligini oshirish, o‘z xizmat vazifasiga vijdonan va alohida masʼuliyat bilan yondashish, har bir ishda shaxsiy javobgarlikni kuchaytirishga qaratildi.

Pirovardida o‘tgan yillar mobaynida o‘z xizmat vazifasiga sidqidildan yondashadigan, fidoiy kadrlar jamoasi shakllandi. Bugun ular bilan birgalikda yuqorida aytganimiz keng ko‘lamli vazifalarni bajarishga kirishganmiz.

Vazirlik va uning quyi tashkilotlarida ijro intizomiga rioya etilishini taʼminlash yuzasidan tizimli ishlar tashkil etilgan.

Xususan, har dushanba kuni hafta davomida amalga oshirish belgilangan ustuvor vazifalar vazir rahbarligida mutasaddilar ishtirokida atroflicha muhokama etiladi.

Bunda hududlarda yuzaga chiqishi kutilayotgan, respublika darajasida hal etiladigan muammolar kun tartibining birinchi masalasi sifatida ko‘rib chiqiladi hamda hal etish yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘riladi.

Muhokama natijalari bo‘yicha vazirlik darajasida o‘z yechimini topmagan muammoli masalalar tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirokida ko‘rib chiqiladi va masalani ijobiy hal etish yuzasidan zarur tadbirlar belgilanadi.

2022-yil davomida “ijro.gov.uz” elektron tizimida vazirlikda nazoratga olingan 195 ta topshiriq ijrosi taʼminlandi. Xususan, bu davr mobaynida vazirlik tomonidan 58 ta meʼyoriy hujjat ishlab chiqildi. O‘z navbatida, ijro intizomiga rioya etishda tizimli ravishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 25 nafar mutasaddiga nisbatan taʼsirchan choralar ko‘rildi.

Bugungi kunda qurilish sohasi iqtisodiyotning jadal surʼatlar bilan rivojlanib borayotgan tarmoqlaridan biriga aylandi. Qurilish ko‘lami yil sayin ortib bormoqda, shunga monand yangi ish o‘rinlari tashkil etilib, odamlarimiz farovonligi ham yuksalmoqda.

Jumladan, respublika bo‘yicha jami qurilish ishlari hajmi 2020-yilda 88,1 trillion so‘mni, 2021-yil 107,5 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilda 130,7 trillion so‘mga yetdi.

Qurilish sohasining jadal surʼatlarda o‘sib borishi zamon talablari asosida chuqur islohotlarni amalga oshirishni talab etmoqda. Shu bois, so‘nggi yillarda Prezidentimizning qurilish sohasini isloh qilish bo‘yicha 27 ta farmon va qarori, hukumatning 24 ta qarori qabul qilindi.

Shuningdek Shaharsozlik kodeksi yangi tahrirda ishlab chiqilib, amaliyotga yo‘naltirildi. Qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021–2025-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Bu kabi muhim hujjatlar faoliyatimizning huquqiy asosini tashkil qilib, bugungi kunda muayyan natijalarga erishib kelinmoqda.

Xususan, 5 yil mobaynida shahar, shaharchalar va qishloq aholi punktlari bo‘yicha jami 1277 ta shaharsozlik hujjati, jumladan, 190 ta bosh reja, 1087 ta qishloq (ovullar), mahalla fuqarolar yig‘inining bosh rejasi loyihalari bilan bir vaqtda batafsil rejalashtirish loyihalari ishlab chiqildi. Birgina 2022-yilda 140 ta aholi punktining meʼmoriy hujjati tayyorlandi.

2023-2027-yillarga mo‘ljallangan bosh rejalarni ishlab chiqish bo‘yicha dastur tayyorlandi. Endi mazkur dastur asosida 19 ta shahar va 222 ta shaharcha bosh rejasi, 184 ta hududning master rejasi hamda 504 ta qishloqning bosh rejasini ishlab chiqishni maqsad qilganmiz.

Prezidentimizning farmon va qarorlari, ular asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar ijrosini taʼminlar ekanmiz, aytish joizki, sohaga bir qator innovatsion g‘oyalarni tatbiq eta boshladik.

Ulardan biri – bugungi kunda shaharsozlik tizimida hajmiy-fazoviy ko‘rinishdagi (3D) loyihalarni rivojlantirish ishlari jadal bajarilmoqda. Mazkur sohadagi ishlar shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda, asosan, surat, animatsiya, videorolik va maketlar yordamida shakllantiriladigan loyihalarni rivojlantirish imkonini beradi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida hududlarni rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. O‘z navbatida, biz ham bu boradagi farmon va qarorlar ijrosini taʼminlash maqsadida katta rejalarni belgilab olganmiz.

Birgina 2022-yilgi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 413 ta mahallaning bosh rejasi xususiy loyiha tashkilotlarini jalb etgan holda ishlab chiqildi. 

Ushbu dastur doirasida mahalla va qishloqlarda jami 543 ta ijtimoiy soha, 376 ta ichimlik suv obyekti foydalanishga topshirildi.

Bu borada vazirlik huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan qurilish ishlari sifatli va o‘z vaqtida topshirilishi yuzasidan doimiy nazorat chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Mana shu yangilanishlar bilan uyg‘un kechayotgan yana bir katta islohot bor. Bu – mahallalar infratuzilmasini yaxshilash.

Shu maqsadda Prezidentimizning 2022-yil 25-oktyabrdagi “2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga tayanilib, hududlarni obod qilish, qishloq va mahallalarda infratuzilma bilan bog‘liq eng dolzarb masalalarni tizimli hal etish, xususan, joylarda ichki yo‘llar, ichimlik suv, elektr energiyasi va tabiiy gaz taʼminotini, taʼlim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va boshqa infratuzilma obyektlarini yaxshilash, shu asosda aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishga kirishildi.

Shu maqsadda jami 5284 ta mahalladagi 6 mingta ijtimoiy soha va infratuzilma obyektida qurilish-taʼmirlash ishlarini bajarishni rejalashtirganmiz.

Bugungi kunga qadar 1058 ta obyektga yer ajratish bo‘yicha belgilangan tartibda tegishli qarorlar chiqarildi, 1941 ta obyektga arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqildi, 5957 ta obyekt uchun loyiha tashkilotlari aniqlanib, loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqildi, 5949 ta obyektga davlat ekspertizasi xulosalari olindi, 5685 ta obyekt uchun tender eʼlon qilinib, pudratchilar aniqlandi. Ayni kunlarda bu hududlarda qurilish-montaj ishlari boshlab yuborilgan.

Shu o‘rinda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” hamda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash dasturlari doirasidagi keng ko‘lamli ishlarning xalqimiz hayotini o‘zgartirib yuborayotgan qudratli shukuhi haqida ham to‘xtalish adolatdan bo‘ladi. Gap shundaki, Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan bu hayotiy islohot minglab yurtdoshlarimizning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga turtki bo‘ldi. Bugun obod mahalla va qishloqlarda yangi hayot nafasi ufurib, odamlarni yaxshiliklar sari undamoqda.

Hayotni o‘zgartirib yuboruvchi islohotlar va tashabbuslar bo‘ladi. Shulardan biri Prezidentimizning 2021-yil 9-dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonidir.

Agar qurilishi jadal boshlangan “Yangi O‘zbekiston” massivlari infratuzilmasiga, shaklu shamoyiliga eʼtibor beradigan bo‘lsak, bu yerda inson manfaati, uning qadri har narsadan ustun ekani namoyon bo‘ladi. Shu maʼnoda, Prezidentimizning mazkur farmoni sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqqan hujjatlar sirasidan.

Yurtdoshlarimizni “Yangi O‘zbekiston” massivlarini bunyod etish borasidagi ishlar qanday davom etayotgani ham qiziqtirishi tabiiy.

Aytish mumkinki, 30 ta “Yangi O‘zbekiston” massivida 636 ta ko‘p qavatli zamonaviy uy va 57 ta ijtimoiy soha obyektini infratuzilma va muhandislik-kommunikatsiya obyektlari bilan birga kompleks barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Prezidentimiz “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish tashabbusini ilgari surganidayoq, birinchi navbatda, bu joyda aholi uchun barcha sharoitlarni yaratish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar bergan edi. Shu bois, yangi massivlarda jami 57 ta ijtimoiy soha obyekti qurilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda qurilishi davom etayotgan yangi massivlarda 18 ta maktab, 24 ta bog‘cha, 15 ta tibbiyot muassasasi bunyod etilmoqda.

Mazkur farmon ijrosi doirasidagi ishlar hozir ham jadal davom etmoqda.

Bunda ko‘p qavatli uy-joylarning qurilish osti yer uchastkalari tadbirkorlik subyektlariga elektron onlayn auksion orqali ijara huquqi asosida realizatsiya qilinadi. Ularga tutash yer uchastkalari uy-joy qurib bitkazilganidan keyin mahalliy ijroiya hokimlik organining tegishli qarori bilan ko‘p qavatli uy-joy mulkdorlariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratib beriladi.

Massivlarda tashkil etiladigan ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini qurish uchun yer uchastkalari ham tadbirkorlik subyektlariga belgilangan tartibda elektron onlayn auksion orqali mulk va ijara huquqlari asosida realizatsiya qilinadi.

Demak, “Yangi O‘zbekiston” massivlarida yashovchi aholi uchun birlamchi zarur infratuzilmalar shu yerning o‘zida muhayyo etiladi.

Qurilish sohasidagi ijro intizomi bilan bog‘liq yana bir katta islohotni ham aytish joiz. Bu – sifat va xavfsizlik masalasi.

Bu borada qilingan ishlar ham salmoqlidir. Jumladan, Prezidentimizning 2022-yil 17-noyabrdagi “Qurilish loyihalarini amalga oshirishda nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, jarayonning ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan qurilish obyektlarida sifat nazoratini hamda obyektlar belgilangan mudatlarda topshirilishini tartibga solish maqsadida qurilish obyektlarida texnik nazoratni amalga oshirish uchun xususiy sektorni jalb qilishga ruxsat berildi.

Qurilishni loyihalashtirish hamda loyiha hujjatlari ekspertizasi jarayonlari qayta ko‘rib chiqilib, shaffof elektron tizimga o‘tkazildi. Mazkur ishlar vazirlik huzuridagi “Shaharsozlik hujjatlari ekspertiza” DUK tomonidan amalga oshirilib kelinmoqda.

Ekspertiza organlariga qog‘oz hujjatlar to‘plamini taqdim etish amaliyotidan to‘liq voz kechildi. Natijada ekspertizaga loyiha-smeta hujjatlari onlayn topshirilyapti. Yaʼni o‘tgan yil yakuniga qadar jami 45 mingga yaqin obyekt loyihasi ushbu tizim orqali ekspertizadan o‘tkazilishi tufayli ular bo‘yicha 11 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ tejab qolindi. Ekspertiza yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarga guvohnoma berish orqali tizimda raqobat muhiti yaratildi.

Obyektlarning murakkablik toifasidan kelib chiqib ekspertiza xulosasi berish tizimi tabaqalashtirildi. Tabaqalashgan toifadagi loyihalarga xulosa berish uchun ekspertiza tashkilotlari elektron reytingi yo‘lga qo‘yildi. Ekspertni attestatsiyadan o‘tkazish va murakkablik toifasi bo‘yicha loyihalarga tabaqalashgan holda xulosalar berish mexanizmi yaratildi.

Qurilish normalari va qoidalari, idoraviy qurilish normalarini qayta ko‘rib chiqish natijasida:

birinchidan, 2017-2021-yillarda qurilish sohasiga oid 388 ta texnik normativ hujjat ishlab chiqildi va eskilari yangilandi. 2022-yilning o‘zida 51 ta shaharsozlik normasi, 46 ta davlat standarti va 15 ta iqtisodiy to‘plam ishlab chiqildi;

ikkinchidan, zamonaviy normalar va texnologiyalarni tatbiq etish maqsadida ilg‘or xorijiy davlatlar bilan ham hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Bunda asosiy eʼtibor seysmik va yong‘in xavfsizligiga oid normativ hujjatlarni takomillashtirishga qaratildi;

uchinchidan, bino-inshootlarning energiya tejamkorligi, sanuzellar, veloyo‘laklar va yo‘l chorrahalari bo‘yicha namunaviy loyihalari va normativ talablari zamon talablariga moslashtirildi.

Davlatimiz rahbari qayta-qayta taʼkidlab kelayotganidek, odamlarni rozi qilish bosh maqsadimizga aylangan. Bu qurilish va kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida ham o‘z aksini topmoqda.

Navbatdagi yana bir muhim masala – sohaga malakali kadrlarni jalb qilish. Yangi O‘zbekistonda qurilish-bunyodkorlik ishlari avj olmoqda. Bu, tabiiyki, bilimli, tajribali loyihachilar, arxitektorlarni talab etadigan jarayon.

Shu bois, mutaxassislarimiz Turkiya, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi rivojlangan davlatlardagi hamkasblari bilan tajriba almashib, qurilish sohasiga doir ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirib kelmoqda.

Umuman olganda, bugun mamlakatimizda qurilish sohasining yangi avlodi va zamonaviy uslublari shakllanmoqda.

Prezidentimiz Murojaatnomada “Taraqqiyotga faqat mashaqqatli va jasoratli mehnat orqali erishiladi”, deb taʼkidladi. Bugun biz ham o‘z faoliyatimizni, kelgusi reja va maqsadlarimizni mana shu haqiqat talablaridan kelib chiqib belgilab oldik.

Albatta, xalqimizni rozi qilish yo‘lida hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Buning uchun, avvalo, Prezidentimizning farmon va qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini og‘ishmasdan, so‘zsiz taʼminlash talab qilinadi. Shunday ekan, biz o‘zimizga bildirilgan ishonchni oqlash uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz.

Manba: «Yangi O"zbekiston»

Поделиться