O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Elchi Xurshid Mirzohidov: O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘zaro munosabatlarda yuksak natijalarni qo‘lga kiritdi

2023-01-26 | Siyosat

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi arafasida “Dunyo” AA muxbiri mamlakatimiz elchisi Xurshid Mirzohidov bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning rivojlanishi va uning istiqbollari haqida suhbatlashdi.

- O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi hamkorlikning zamonaviy holati haqida so‘zlab berishingizni so‘raymiz...

- O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlari haqida gapirar ekanman, ikki davlat o‘rtasidagi serqirra rishtalarning mustahkam poydevori va asosiy tamoyillarini yaratgan umumiy tarix, ko‘p asrlik o‘zaro hurmat va yaxshi qo‘shnichilik an’analarini eslashni istar edim.

Ikki davlatning zamonaviy aloqalari qisqa davr ichida sezilarli darajada mustahkamlandi va kengaydi. Oliy va yuqori darajalardagi, shu jumladan, yirik xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar – BMT, MDH, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasidagi muntazam uchrashuvlar ikki tomonlama hamkorlikning yuqori darajada ekanligining yaqqol tasdig‘i bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ikki mamlakat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarovning 2021-yildagi samarali uchrashuvi barcha sohalardagi munosabatlar rivojida yangi bosqichni boshlab berganiga barchamiz guvoh bo‘lib turibmiz.

Shuningdek, 2022-yili O‘zbekiston Prezidentining Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi ishida ishtiroki doirasida Qirg‘izistonga, Qirg‘iziston Prezidentining Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari doirasida O‘zbekistonga amaliy tashriflari bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, mamlakatimiz delegatsiyalarining Qirg‘izistonga qator yuqori darajadagi tashriflari tashkil etildi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilarining siyosiy irodasi hamda ikki tomonlama hukumatlararo komissiyaning mashaqqatli mehnati samarasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi davlat chegarasini delimitatsiya qilish bo‘yicha eng murakkab masalalar hal etildi. Va bu, men aytmoqchimanki, bizning o‘zaro munosabatlarimizdagi juda ulkan natijalardir!  

Hamkorlikdagi sa’y-harakatlar tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar aylanishida barqaror o‘sish kuzatilmoqda. So‘nggi 6 yil mobaynida o‘zaro tovar aylanmasi hajmi 7 barobardan ko‘p o‘sdi va 2022 yili uning hajmi 1,26 milliard dollarga yetdi, sanoat va investitsiya kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlik ravnaq topmoqda.

- Bo‘lajak davlat tashrifidan nimalar kutilmoqda va ikki davlat rahbarlari tomonidan o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun qanday ustuvor yo‘nalishlar belgilanadi?

- O‘zbekiston Prezidentining ushbu davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantirish uchun ulkan ahamiyat kasb etadi.

Buni tashrif davomida imzolash uchun tayyorlangan hujjatlar to‘plami ham tasdiqlaydi. 

Qirg‘izistonda avtomobil va tijorat texnikalarini ishlab chiqarishni tashkil etish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Investitsiyalar bo‘yicha Milliy agentlik o‘rtasidagi memorandum, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Qirg‘iziston Respublikasi Iqtisodiyot va savdo vazirligi o‘rtasida sanoatning ustuvor yo‘nalishlarini rivojlantirish to‘g‘risidagi memorandum, 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan, aniq qo‘shma loyihalarni o‘z ichiga olgan savdo-iqtisodiy hamkorlik kompleks dasturi, siyosiy, madaniy-gumanitar sohalardagi boshqa qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar shular jumlasidandir. 

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikni kengaytirish muhim o‘rin tutishini ta’kidlash lozim. Chegaradosh viloyatlar, jumladan, Namangan va Jalolobod, Andijon va O‘sh, Farg‘ona va Botken viloyatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha kompleks dasturlar ishlab chiqilmoqda.

Qirg‘izistonga oliy darajadagi tashrif arafasida, 26-yanvar kuni Bishkek shahrida ikki davlat viloyat hokimliklari rahbarlari va tadbirkorlarini keng jalb etgan holda biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Ikki davlatning vakolatli davlat organlari va tadbirkorlari 1,5 milliard dollarlik yangi investitsiya shartnomalari va savdo shartnomalarini imzolashga tayyorlab qo‘ygan.
Gidroenergetika va transport sohalaridagi hamkorlik juda muhim yo‘nalish hisoblanadi. 

– Keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar Qirg‘iziston aholisi, ayniqsa, ijtimoiy-siyosiy, ishbilarmon doiralar, fan va madaniyat vakillarida qanday qiziqish uyg‘otmoqda?

– Qardosh Qirg‘izistonda keng jamoatchilik, ijtimoiy-siyosiy, ishbilarmon va ilmiy doiralar vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni tobora ortib borayotgan qiziqish bilan kuzatib, ijobiy munosabatda bo‘lmoqda. Mamlakatimiz yangiliklari eng ommabop bosma va elektron ommaviy axborot vositalari, blogerlar tomonidan muntazam ravishda yoritib borilmoqda.
Qirg‘iziston ekspertlari ko‘pincha valyuta kurslarini unifikatsiya qilish, valyuta bozorini liberallashtirish, joriy amaliyotlar uchun konvertatsiyani ta’minlash, tovarlar va odamlarning transchegaraviy harakatidagi qator ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona to‘lovlarini kamaytirish, bank sektori va pul muomalasini isloh qilish, soliq sohasidagi tub o‘zgarishlar, qator ma’muriy cheklovlar va biznes yuritish xarajatlarini qisqartirishdagi muvaffaqiyatli natijalarni muntazam qayd etadi.

Ma’muriy islohotlar, agrar sohadagi o‘zgarishlar, davlat korxonalarini tarkibiy o‘zgartirish va xususiylashtirish kabi boshqa qator muhim yo‘nalishlarda ham qirg‘iz ekspertlari, siyosatchilari, iqtisodchilari va ishbilarmon doiralari vakillari tomonidan ijobiy fikrlar bildirilmoqda.

– O‘zbekiston keyingi yillarda xorijlik sayyohlar uchun jozibador yo‘nalishga aylandi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi bu boradagi hamkorlik istiqbollari qanday?

– Mamlakatlarimiz o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik faol rivojlanmoqda. Avvalambor, biz yaqin qo‘shnilarmiz, O‘zbekistonda ko‘plab qirg‘izlarning qarindosh-urug‘lari, do‘stlari bor va aksincha.

Oilaviy muloqotdan tashqari, O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosi ham katta qiziqish uyg‘otadi. Mamlakatimiz Markaziy Osiyoda turizm sohasida ulkan salohiyatga ega. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan turizm infratuzilmasi tubdan yangilanib, bu sohaga davlat tomonidan ko‘mak berilayotgani Qirg‘iziston ekspertlari tomonidan alohida ta’kidlab o‘tilmoqda. 

Jahon ilm-fani va madaniyati tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk insonlar yashab, ijod qilgan qadimiy shaharlar, me’moriy obidalar bilan tanishish istagida bo‘lgan qirg‘izistonlik sayyohlar soni ortmoqda. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda O‘zbekistonga Qirg‘izistondan 1 million 300 ming nafardan ortiq, o‘z navbatida, Qirg‘izistonga qariyb 2,5 millon nafar fuqarolar tashrif buyurgan. Qulay jug‘rofiy joylashuv, to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo va avtobus qatnovlarining mavjudligi mamlakatlarimiz o‘rtasida turizmni rivojlantirish uchun juda qulay sharoit yaratmoqda.

 

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Поделиться