O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yaponiyada “O‘zbekiston bilan tanishing” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi
2023-01-20 | Turizm
Mamlakatimizning Tokiodagi elchixonasi tomonidan Yaponiyaning “Zion Investment Trust” kompaniyasi bilan o‘zaro hamkorlikda “O‘zbekiston bilan tanishing” deb nomlangan tadbir tashkil etildi.
Uni uyushtirishdan ko‘zlangan maqsad Yaponiyaning sarmoya, savdo va turizm yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan yetakchi kompaniyalari va OAV vakillariga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatimizning investitsiya jozibadorligi hamda turizm salohiyati haqida taqdimotlar o‘tkazish bilan izohlanadi.
Tadbirda Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari, tashkilot va uyushmalarining 50 nafardan ortiq vakillari, shuningdek, ushbu tadbirni Yaponiya OAVlarida keng yoritish maqsadida “Asahi TV”, “TBS”, “Fuji TV” kabi yetakchi teleradiokompaniyalar, “Yomiuri shimbun”, “Jiji tsushin”, “Daily”, “Oricon news” kabi ommaviy axborot vositalarining 20 nafardan ortiq jurnalistlari hozir bo‘lishdi.
Tadbir avvalida O‘zbekistonning Yaponiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi M.Abdurahmonov tomonidan so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi sifatida yapon ishbilarmon doiralari vakillarining mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotgani taʼkidlandi.
“Zion Investment Trust” kompaniyasining bosh ijrochi direktori K.Yamamoto O‘zbekistonning sarmoyaviy va sayyohlik salohiyati, xorijiy investorlarga yaratilgan qulayliklar, davlat mulklarini xususiylashtirish hamda xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash bo‘yicha so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashdi. K.Yamamoto yapon kompaniyalari O‘zbekistonda to‘qimachilik, qurilish, ko‘chmas mulk, axborot texnologiyalari va xizmat ko‘rsatish sohalarida faollikni yana-da oshirishga daʼvat etdi.
Shuningdek, tadbirda Yaponiyaning mashhur teleboshlovchisi Xideyuki Nakayama hamda YouTube videoxostingida salkam 1 million kuzatuvchisiga ega bo‘lgan bloger Neo O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, qadimiy obidalari, urf-odat va anʼanalari hamda iqtisodiy salohiyati haqida viktorina o‘tkazdi. Bu tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi