O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston – Singapur: Ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishning yangi ufqlari

2023-01-17 | Siyosat

Bugun, 17-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Singapurga davlat tashrifi doirasida oliy darajadagi tadbirlar – ushbu mamlakat Prezidenti Halima Yaqub va Bosh vaziri Li Syan Lun bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston-Singapur sammitidan avval Singapur Prezidentining “Istana” saroyida davlatimiz rahbarini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

Saroy oldidagi maydonda oliy martabali mehmon sharafiga Faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr ikki davlat madhiyalarini ijro etdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Singapur Prezidenti Halima Yaqub Faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.

So‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sharafiga Singapurning milliy ramzi bo‘lgan orxideya gulining yangi naviga nom berish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bunday tadbirlar an’anaviy ravishda ushbu mamlakatning oliy martabali mehmonlari va taniqli arboblarga yuksak hurmat va ehtirom belgisi sifatida o‘tkaziladi.

An’anaga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev gulning yoniga yangi turdagi orxideyaning nomi - “Shavkat Mirziyoyev orxideyasi” deb yozilgan taxtachani joylashtirdi.

Ushbu ko‘rkam va yoyilib o‘suvchi gul Encbi Purple va Kila Blue orxideyalarining gibridi hisoblanadi. Uzunligi 45 santimetr bo‘lgan qat-qat yaproqli qo‘shgullar, ularning har birida 17 tadan 20 tagacha gul hosil qiladi, har bir gulning eni 5 santimetr atrofida. Och siyohrang barglar va kosachabarglarning cheti mayin binafsharang.

Shundan so‘ng Prezidentlar ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdilar.

O‘zbekiston va Singapur o‘rtasidagi munosabatlarni yanada chuqurlashtirish istiqbollari, ijtimoiy-siyosiy hayotni demokratlashtirish borasidagi islohotlar yuzasidan fikr almashildi.

Ta’lim sohasida faol hamkorlik qilinayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Toshkentda Singapur menedjmentni rivojlantirish instituti hamda Singapur texnologiyalar, menedjment va kommunikatsiyalar akademiyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Ikki mamlakatning Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va integratsiyani kengaytirish borasidagi tajribasi batafsil ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston va Singapur xalqaro maydonlarda mintaqaviy barqarorlik va izchil taraqqiyot masalalarida bir-birini anglashi va bu boradagi tashabbuslarni ilgari surishda o‘zaro ko‘maklashayotgani qayd etildi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.

Shavkat Mirziyov Halima Yaqubni o‘ziga qulay bo‘lgan vaqtda mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

So‘ng “Istana” qarorgohida Prezidentimiz Singapur Bosh vaziri Li Syan Lun bilan muzokara o‘tkazdi.

Yetakchilar hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini har tomonlama ko‘rib chiqdilar, ustuvor yo‘nalishlardagi aloqalar jadal sur’at bilan rivojlanib borayotganini ta’kidladilar.

Jumladan, savdo-iqtisodiy sohada sezilarli natijalarga erishildi. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash ikki barobarga oshdi. O‘zbekistonda Singapur kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 4 karra ko‘paydi. Ushbu mamlakatdan yurtimiz iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi 700 million dollarga yetgan.

Ko‘plab sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun katta zaxiralar mavjudligi qayd etildi.

Singapur – Osiyo-Tinch okeani mintaqasining iqtisodiy markazi. Ko‘p yillardan buyon ushbu mamlakat elektronika, kimyo sanoati, biotexnologiyalar, bank sohasi, logistika va transport mashinasozligi kabi muhim tarmoqlardagi muvaffaqiyatlariga tayanib, jahondagi eng yirik va rivojlangan iqtisodiyotlardan biri bo‘lib kelmoqda.

Shularni hisobga olib, davlatimiz rahbari Singapur bilan yaqin istiqboldagi hamkorlikning beshta asosiy yo‘nalishini ko‘rsatib o‘tdi.

Birinchisi – inson kapitalini rivojlantirish va davlat boshqaruvi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash. Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabi ishtirokida boshqaruv, shaharsozlik, infratuzilmani rivojlantirish, raqamli transformatsiya, innovatsiyalar, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida birgalikda davlat xizmatchilarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturini amalga oshirishga kelishib olindi. Shuningdek, O‘zbekiston Davlat boshqaruvi akademiyasi negizida Singapurning yetakchi ekspertlarini jalb qilgan holda davlat xizmatchilarini intensiv qayta tayyorlash dasturi ishga tushiriladi.

Ikkinchi yo‘nalish Singapurni O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlariga jalb qilishga qaratilgan. Shu ma’noda, muzokaralarda Singapurning yetakchi kompaniyalari ilg‘or tajribasi, zamonaviy texnologiyalari va boshqaruv usullaridan foydalangan holda O‘zbekistonning yirik korxonalarini xususiylashtirish dorasidagi loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Davlat korxonalarini transformatsiya qilish va tarkibiy o‘zgartirish, keyinchalik ularni IPOga chiqarish va tashqi investitsiyalarni jalb qilish uchun qo‘shma Investitsiya jamg‘armasini tuzish taklif qilindi.

Uchinchi ustuvor yo‘nalish sifatida ilg‘or “yashil” texnologiyalar va raqamli yechimlarni jalb qilish belgilandi. Singapurning raqamlashtirish sohasidagi yutuqlarini joriy qilish, shuningdek, ushbu mamlakatning “yashil” taraqqyot bo‘yicha innovatsiyalari va texnologiyalarni qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi.


To‘rtinchisi – shahar infratuzilmasi va kommunikatsiyalarni takomillashtirish. Shaharlarni rejalashtirish va qurilish, ko‘kalamzorlashtirish, kommunal xo‘jalik sohalarida hamkorlik bo‘yicha tadbirlar kelishib olindi. O‘zbekistonda infratuzilma va tarmoq loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma Loyihalashtirish va injiring markazini tashkil etish bo‘yicha kelishuv bu boradagi birinchi qadam bo‘ldi.

Hamkorlikning beshinchi yo‘nalishi doirasida investitsiyalar va o‘zaro savdoni kengaytirish, Singapurning yetakchi kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalarni ilgari surish muhimligi qayd etildi.

Ustav kapitali 500 million dollar bo‘lgan O‘zbekiston-Singapur investitsiya kompaniyasini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, tomonlar xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Ochiq va do‘stona muhitda o‘tgan uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Li Syan Lunni o‘ziga qulay vaqtda mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Muzokaralardan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘ldi.

Delegatsiyalar rahbarlari huzurida ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida O‘zbekiston-Singapur hamkorligini yanada kengaytirishga qaratilgan 8 ta hujjat almashildi.

Xususan, ta’lim, transport, sog‘liqni saqlash, kadrlar, shu jumladan davlat xizmatchilarini tayyorlash sohalarida hamkorlik to‘g‘risida bitimlar qabul qilindi.

Shuningdek, savdo-iqtisodiy sheriklik hamda ikki mamlakat prokuraturalari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Kunning ikkinchi yarmida davlatimiz rahbari Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabiga tashrif buyuradi va Singapurning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazadi. Bugunning o‘zida Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentga jo‘nab ketadi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Поделиться