O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Vatan himoyachilari kuni shodiyonasi tantanali nishonlandi
2023-01-17 | Jamiyat
Poytaxtimizdagi “Forumlar saroyi”da O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unda senatorlar, deputatlar, hukumat aʼzolari, harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus hamda xalqaro tashkilotlar vakillari va keng jamoatchilik ishtirok etdi. Mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbanov Prezidentning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayrami oldidan Prezidentimiz farmoyishiga asosan mamlakatimiz bo‘ylab “Milliy armiyamiz – Yangi O‘zbekistonning mustahkam qalqonidir!” degan ustuvor g‘oya ostida vatanparvarlik oyligi tadbirlari o‘tkazildi. Ushbu ommaviy tadbirning 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida o‘tkazilishida ham juda katta maʼno bor. Vatan himoyachilari sizu bizning tinch, xotirjam va farovon hayotimizni ishonchli himoya qilib kelmoqda. Masʼuliyatli va sharafli burchini sidqidildan ado etayotgan, hayotimizning barqarorligiga kamarbasta bo‘layotgan navqiron o‘g‘lonlarimizni har qancha eʼzozlasak ham kam.
Bayram tadbirida harbiy xizmatchilar tomonidan jangovar sanʼat elementlarini o‘zida jamlagan va Qurolli Kuchlar qudratini namoyish etuvchi, vatanparvarlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.
Xushovoz xonandalar, taniqli sanʼatkorlar, harbiy orkestr, badiiy va havaskorlik jamoalari ijrosidagi ona Vatanni ulug‘lovchi kuy va qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Manba: «Xalq So'zi»