O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buxoro neftni qayta ishlash zavodi xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritdi
2023-01-10 | Texnologiyalar
Buxoro neftni qayta ishlash zavodi “International Aerospase Quality Group” (IAQG) - Xalqaro aerokosmik sifat guruhining teng huquqli a’zosiga aylandi. Natijada aviatsiya yoqilg‘isi yetkazib beruvchisi sifatida “OASIS” xalqaro ma’lumotlar bazasiga kiritildi.

Zavod investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni mahalliylashtirish borasida ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlik aloqalari kuchaytirilmoqda.
Xususan, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish hajmini oshirish va O‘zbekiston samolyotlarini yuqori sifatli aviayoqilg‘i bilan uzluksiz ta’minlash imkoniyatlari kengayib bormoqda.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida “Uzbekistan GTL”dan olib kelinayotgan sintetik xom ashyodan “Djet” rusumli yarim sintetik aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
2022 yilning 14 noyabridan 2 dekabriga qadar zavodda “AS 9100D” menejment tizimi (Sifatni boshqarish tizimi. Aviatsiya, kosmik va mudofaa tashkilotlariga qo‘yiladigan talablar) xalqaro standarti talablariga muvofiqligi bo‘yicha sertifikatlash auditi o‘tkazilgan edi.
Sertifikatlashtirish auditi DNV (Det Norske Veritas) sertifikatlashtirish organi tomonidan italiyalik auditorlarni jalb qilgan holda “Managament certification” MCHJ mutaxassislari yordamida o‘tkazildi.
Auditning asosiy maqsadi sertifikatlashtirish ko‘lamini kengaytirish va “Djet A-1” avia yoqilg‘isi va “Djet” yarim sintetik aviatsiya yoqilg‘isini ishlab chiqarish va sotish bilan bog‘liq boshqaruv tizimining muvofiqligini baholashdan iborat edi.
Auditning muvaffaqiyatli natijalariga ko‘ra, “DNV” sertifikatlashtirish organi Buxoro neftni qayta ishlash zavodini “ANAB” tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan va jahon miqyosida e’tirof etilgan xalqaro sertifikatni olishi uchun tavsiya qilishga qaror qildi.
“Managament certification” MCHJ direktori Rahimjon Hakimov Buxoro neftni qayta ishlash zavodi rahbari Akbar Fozilovga “ANAB” akkreditatsiyasiga ega jahonda e’tirof etilgan xalqaro sertifikat va esdalik “Sifat belgisi” topshirildi.
Ma’lumot uchun, “ANAB” - Shimoliy Amerikadagi eng yirik akkreditatsiya organi bo‘lib, 75 dan ortiq mamlakatlarda xizmat ko‘rsatadi.
Endilikda Buxoro neftni qayta ishlash zavodi O‘zbekiston Respublikasining “OASIS” ma’lumotlar bazasiga kiritilgan yagona korxonasi bo‘lib, “Airbus”, “Honeywell”, “Lufthansa” kabi aviatsiya sohasida dunyoning eng yirik kompaniyalari bilan bir xil ro‘yxatga kiritildi.
Erishilgan natija sarmoyadorlarni jalb etishga xizmat qiladi.
Manba: O'zA