O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2025
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Jiddada O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari Saudiya Arabistoni Haj va umra ishlari vazirligi rahbariyati bilan uchrashdilar

2023-01-09 | Jamiyat

Jidda shahrida O‘zbekiston delegatsiyasi hamda Saudiya Arabistonining Haj va umra ishlari vazirligi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Muloqot chog‘ida Saudiya Arabistoni haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia hamda O‘zbekiston Prezidentining maslahatchisi Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev ishtirokida o‘zaro aloqalarning istiqbollari hamda 2023 yilgi haj mavsumini yuqori darajada tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasidagi hamkorlik bosqichlari, haj va umra tadbirlarini tashkil etish rivojlanib borayotgani, so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar taraqqiy etayotgani, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil avgust oyida ikki Muqaddas masjid xodimi, Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud taklifiga binoan, davlat tashrifi bilan Saudiya Arabistoniga borishi hamkorlik munosabatlarini yana-da yuksak darajaga ko‘tarishga xizmat qilayotganini alohida qayd etdi.

Shuningdek, Muzaffar Komilov Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabiaga nufuzli anjumanga taklif etgani va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirar ekan, mazkur tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yana-da takomillashtirish bilan izohlanishini maʼlum qildi.

Saudiya Arabistoni Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia so‘nggi yillarda Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotgani, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga buyurgan davlat tashrifi o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqqanini eʼtirof etdi.

Shuningdek, vazir Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun O‘zbekistonga safar qilishda vizasiz tizim joriy etilgani juda katta yengillik ekanini taʼkidlashi barobarida ushbu imkoniyatlarni Saudiya Arabistonida keng targ‘ib etish yaxshi natija berishini bildirdi.  

Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev haj va umra ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatish sifatini yana-da oshirish borasidagi o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Muzokaralarda Madina shahridagi Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam siyratlariga oid innovatsion muzey kabi Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy majmuasida ham mazkur buyuk muhaddis hayoti va ijodiga bag‘ishlangan muzey barpo etish ishlari jadal davom ettirilayotgani maʼlum qilindi.

O‘z navbatida, Saudiya tomoni ushbu muzeyning ochilish marosimiga borish niyatida ekanini bildirdi.

Manba: Oʻzbekiston musulmonlari idorasi

Поделиться