O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda aralash moliyalashtirish uslubida moliyaviy manbalardan foydalanish istiqbollari
2023-01-06 | Iqtisodiyot
Bugungi islohotlarda xalqaro tajriba ham muhim hisoblanadi. Shu bois, mamlakatimiz iqtisodiyoti va moliya tizimidagi har bir jarayon Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tomonidan tahlil qilinadi.

Yaqinda ilmiy muassasa ekspertlari tomonidan aralash moliyalashtirishning jahon tajribasi va bu yo‘nalishda yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar tahlili havola etildi.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi Islom XUDOYBERDIEV tadqiqot natijalari haqida O‘zA muxbiriga intervyu berdi.
– Institutimiz jamoasi barcha sohalar bo‘yicha prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlarni olib boradi, – dedi I. Xudoyberdiyev. – Shu bilan birgalikda, xalqaro tajriba ham tahlil qilinadi. Olingan natijalar asosida sohalar rivoji uchun taklif va tavsiyalar beriladi. Yaqinda biz aralash moliyalashtirishning jahon tajribasi va bu yo‘nalishda mamlakatimizda amalga oshrilayotgan ishlarni o‘rgandik va tahlil qildik.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston 2015- yildan buyon BMT tomonidan ilgari surilgan va 2030- yilga qadar Global kun tartibida bo‘lgan Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ni amalga oshirib kelmoqda.
Barqaror rivojlanish maqsadlari o‘zida insoniyat tomonidan 2030- yilga qadar hal etilishi lozim bo‘lgan va bir-biri bilan chambarchas bog‘liq 17 ta maqsadni o‘z ichiga oladi. Ekspertlarning fikriga ko‘ra, ayni maqsadlarni amalga oshrish uchun barcha turdagi moliyaviy manbalarni ishga solish lozim. Birgina davlat mablag‘lari hisobiga BRMni amalga oshirishning imkoni yo‘q. Ba’zi manbalarga ko‘ra, ushbu maqsadlarni loyihalashtirish uchun donor agentliklar hamda banklar yordamida dunyo bo‘ylab yiliga 500 milliard dollar miqdorida mablag‘ jalb etish zarur.
Ushbu muammolarni hal etish va BRMni moliyalashtirish uchun tijorat mablag‘larini jalb qilishda aralash moliyalashtirishdan foydalanish O‘zbekiston singari rivojlanayotgan mamlakatlar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Aralash moliyalashtirish – davlat va xususiy fond mablag‘larining umumiy investitsiya dasturi yoki bitimi orqali birlashishini anglatadi va bu jarayonda tomonlar o‘z tajribasidan bir-birini to‘ldirishda foydalanadi. Qayd etish kerakki, investorlar tomonidan rivojlanayotgan mamlakatlarning yangi bozorlariga sarmoya kiritish xohishi yuqori bo‘lmasligi ayni bozorlarning ayrim xatarlari mavjudligi bilan izohlanadi. Bu jarayonda davlat ishtirokining ta’minlanishi ma’lum ma’noda investorlar uchun xatarlarni kamaytirish imkonini beradi. O‘z navbatida, davlat muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalarni moliyalashtirish orqali barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshiradi. Ushbu jarayonda uchinchi tomon sifatida xalqaro xayriya fondlari, yirik moliya tashkilotlari ham ishtirok etishi mumkin.
Ta’kidlash kerakki, Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida iqtisodiyotga 2026- yilga qadar jami 120 milliard dollar, jumladan, 70 milliard dollar miqdorida xorijiy investitsiyalarni jalb etish belgilangan. Bu esa yangi innovatsion moliyalashtirish manbalaridan keng foydalanishni talab etadi.
Aralash moliyalashtirish yondashuvidan davlat va homiylik fondlari loyihaning xatarli jihatlarini kamaytirish hamda moliyalashtirish hajmini oshirish va sarmoya qiymatini kamaytirish maqsadida foydalaniladi.
Masalan, tailandlik tadbirkor K.Vandi "quyosh fermasi" qurish uchun kreditorlarga murojaat qilganida, ular bunday tekshirilmagan bozorga pul ajratishni istamagan. 2011- yilda tadbirkorga Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan jami 8 million dollar miqdorida tijorat krediti, shu jumladan, Iqlim investitsiya fondi 4 million dollar hajmida imtiyozli kreditlarni taqdim etdi. Buning natijasida ushbu sohaga bo‘lgan ishonch ortib, kompaniya 2015- yilda qo‘shimcha 800 million dollar miqdoridagi xususiy sektor mablag‘larini jalb qilishga erishdi.
bugungi kunda rivojlanayotgan mamlakatlar aralash moliyalashtirishdan foydalanib, barqaror rivojlanish maqsadlariga qariyb 172 milliard dollar miqdorida investitsiya jalb qilgan.
Aralash moliyalashtirish bo‘yicha dunyoda yetarlicha tajriba to‘plangan bo‘lsa-da, yurtimizda ushbu sohada dastlabki qadamlar qo‘yilmoqda.
"Yashil" energiya bo‘yicha BAAning yirik kompaniyalaridan biri "Masdar" O‘zbekistonda shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurishda aralash moliyalashtirishdan foydalangan holda jami 154 million dollar miqdorida investitsiyalarni jalb qildi. Ushbu mablag‘lar Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Kanada iqlim fondi, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Gollandiya tadbirkorlikni rivojlantirish banki tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlar asosida shakllantirildi.
Orolbo‘yi mintaqasi uchun BMTning Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondiga Yevropa Ittifoqi, Finlyandiya, Norvegiya davlatlari va Yevropa investitsiya banki, Kreditanstalt fur Wiederaufbau banki (Germaniya) tomonidan jami 163,5 million dollar miqdoridagi mablag‘lar aralash moliyalashtirish orqali ajratildi. Ushbu moliyaviy resurslar aholini toza ichimlik suvi, sifatli tibbiy xizmat bilan ta’minlash hamda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yo‘naltiriladi.
Garchi, aralash moliyalashtirish tushunchasi ona tilimiz leksikasi uchun yangi termin bo‘lib kirib kelgan bo‘lsa-da, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda aynan aralash moliyalashtirish uslubida moliyaviy imkoniyatlardan keng foydalanishning istiqboli yuqoridir.
Manba: O'zA