O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O'zbekiston mehmonxonalar uyushmasi hamkorlarining biznes nonushtasi bo‘lib o‘tdi
2022-12-25 | Turizm
24-dekabr kuni Toshkentdagi “Wyndham Tashkent” mehmonxonasida O'zbekiston mehmonxonalar uyushmasi hamkorlarining biznes-nonushtasi tashkil etildi.
Ushbu tadbir O'zbekiston mehmonxonalar uyushmasi tashabbusi bilan 2022-yil yakunlarini sarhisob qilish maqsadida o‘tkaziladi. Shuningdek, tadbirda uyushma faoliyati va kelgusi yil rejalari ham muhokama qilindi.
Tadbirni Bosh vazir o'rinbosari - Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi.
“2022-yil noyabr oyi holatiga koʻra, Oʻzbekistonda 113 570 oʻrinli 4879 ta joylashtirish vositasi faoliyat koʻrsatmoqda. Shundan 939 tasi mehmonxona bo‘lib, 55 471 kishiga mo‘ljallangan. Shuningdek, 27 836 o‘ringa ega 3180 ta oilaviy mehmon uyi, 18 761 oʻrinli 556 ta hostel mehmonlarga xizmat ko‘rsatmoqda, — dedi Aziz Abduhakimov. — 2022-yilda Oʻzbekistonga xorijiy mamlakatlardan 4 mln 700 nafar sayyoh tashrif buyurgan. 2023-yilda xorijiy sayyohlar sonini - 7 millionga, mahalliy sayyohlar sonini esa 12 million nafarga yetkazish rejalashtirilgan”.
Tadbirda O'zbekiston mehmonxonalar uyushmasi raisi Farangiz Abdullayeva ham so‘zga chiqdi. U yurtimizda joylashtirish vositalarini amaldagi yagona davlat standartlariga moslashtirish, xizmat sifatini yanada yaxshilash borasida qator ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Tadbir davomida hamkorlar mehmonxona sohasida foydali bo'lishi mumkin bo'lgan loyihalarini taqdim etdilar.
Qolaversa, har bir ishtirokchi muzokaralar va munozara o‘tkazish, tajribali soha mutaxassislari bilan tanishish, shuningdek, “Eng yaxshi nonushta” nominatsiyasi doirasida mazali nonushta qilish imkoniga ega bo‘lishdi.
Ma’lumot uchun, 2022-yil yakuniga koʻra, Toshkent shahrida mehmonxona xizmatlari sohasida "Hilton Worldwide", "InterContinental Hotel Groups", "Hyatt Hotels Corporation", "Accor Hotel Group", "Marriott International", "Radisson Hotel Group", "Reikartz Hotel Group", "Azimut Hotels", "Wyndham Hotel Group", "Lotte Hotels&Resorts", "ATEKA Hotels" kabi xalqaro brendlar faoliyat yuritmoqda.
2022-yilda "Reikartz" Andijon, Buxoro, Qoʻqon, Samarqand, Toshkent, Urganch va Termiz shaharlarida 9 ta mehmonxona ochib, Oʻzbekistondagi eng yirik mehmonxonalar tarmogʻiga aylandi.
“Accor” xalqaro fransuz brendi ham 2022-yilda oʻzini faol namoyon etib, Toshkentda "Mercure" mehmonxonasini ishga tushirdi. Shu bilan birga, Buxoro va Samarqandda mehmonlarni qabul qilishga tayyorgarlik qilmoqda. 2025-yilda esa Xivada ushbu tarmoq mehmonxonasini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2022-yilda Samarqandda koʻp profilli "Silk Road Samarkand" turistik kompleksi oʻz faoliyatini boshladi. 260 gektar maydonda joylashgan majmua jahonga mashhur mehmonxonalarni oʻz ichiga olgan.
Trilliant kompleksiga kiruvchi "Intercontinental" mehmonxonasi 2023-yilda faoliyat boshlash uchun soʻnggi bosqich ishlarini amalga oshirmoqda. Bu Oʻzbekistondagi birinchi LEED GOLD (butun dunyoda qoʻllanuvchi “yashil” binolarni sertifikatlash dasturi) sertifikatiga ega loyiha boʻlishini alohida taʼkidlash zarur.
Bu ishlarning bari Oʻzbekistonda mehmonxonalar sanoatining barqaror va toʻxtovsiz oʻsishiga yoʻnaltirilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi