O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Parlament komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi
2022-12-24 | Siyosat
Oʻzbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalarning 2030-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.
Joriy yilning 23-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalarning 2030-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Uni Oliy Majlis Senati Raisi – Parlament komissiyasi hamraisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Majlisda Parlament komissiyasi va Muvofiqlashtiruvchi kengash aʼzolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Unda BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilib, shu yil 14-dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasida maʼqullangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish toʻgʻrisidagi rezolyutsiyasidan kelib chiqadigan vazifalar muhokama qilindi.
Majlisda rezolyutsiya loyihasi koʻp marotaba milliy va xalqaro miqyosda, ayniqsa, 2021-yilda dunyo tarixida ilk marotaba Buxoro shahrida boʻlib oʻtgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik” mavzusidagi xalqaro forum doirasida 100 dan ortiq mamlakatdan ishtirok etgan 500 dan ziyod parlament aʼzolari, xalqaro parlamentlararo tashkilot rahbarlari va xorijiy ekspertlar ishtirokida muhokama qilinganligi qayd etildi.
Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi butun dunyoga namuna sifatida koʻrsatilib, bu borada mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong, Ittifoq prezidenti Duarte Pacheko hamda BMT Bosh Assambleyasi
75-sessiyasi raisi Volkan Bozkir tomonidan yuqori baholanganligi eʼtirof etildi.
Barqaror rivojlanish sohasida olib borilgan barcha islohotlar, parlamentlararo munosabatlarning mustahkamlanishi hamda xalqaro maydonda Oʻzbekiston nufuzining ortishi BMTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan rezolyutsiyaning bir ovozdan maʼqullanishiga imkon berdi.
Rezolyutsiyada 13 ta ustuvor yoʻnalish qamrab olingan. Xususan, parlamentlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni ixtiyoriy milliy maʼruzalarni tayyorlashga jalb qilish, xotin-qizlarning qonun chiqaruvchi organlar ishida va parlament jarayonlarida toʻliq, teng huquqli va taʼsirchan ishtirokiga koʻmaklashish, gender tenglikni taʼminlash, parlamentlararo hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, oʻzaro tajriba almashish va taʼlim olish mexanizmlarini rivojlantirish kabi qator yoʻnalishlar belgilangan.
Majlisda alohida taʼkidlanganidek, BMT Rezolyutsiyasining maʼqullanganiga koʻp vaqt oʻtmay, milliy parlament ekspertlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hamda yoshlar tomonidan 100 dan ortiq taklif kelib tushgan.
Shundan kelib chiqib, Parlament komissiyasi tomonidan rezolyutsiyada belgilangan vazifalarni 2023–2024-yillarda amalga oshirish boʻyicha 50 dan ortiq chora-tadbirlar aks etgan “Yoʻl xaritasi” loyihasi ishlab chiqildi.
“Yoʻl xaritasi”da har yili Oliy Majlis palatalarida tegishli Bosh vazir oʻrinbosarining barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish boʻyicha milliy maʼruzasini eshitish, olib borilayotgan islohotlarning natijadorligini, aholining real hayotiga taʼsirini oʻrganish, aholini qiynab kelayotgan dolzarb muammolar ustidan parlament nazoratini kuchaytirish kabi qator chora-tadbirlar belgilangan.
Muhokama yakunida BMTning rezolyutsiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha Parlament komissiyasining tegishli qarori qabul qilindi.
Manba: «Xalq So'zi»