O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston janubi-sharqiy yo‘nalishda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirmoqda

2022-12-20 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 19-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev raisligida videokonferensiya shaklida Xitoy bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik, Ishchi guruhning Pokiston va Singapurga boʻlajak tashriflarining hamda Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning joriy yil 21-22-dekabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasiga davlat tashrifining tashkiliy va mazmun jihatidan yuqori darajada o‘tkazish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, O‘zbekistonning ushbu mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vazirining o‘rinbosari Xu Chunxuaning joriy yil dekabr oyida amalga oshirgan tashrifi yakunlari bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” bajarilishi muhokama qilindi. Hujjatda Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, xususan, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish, 500 million dollar miqdorida grant mablagʻlari va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etish, transport-logistika aloqalarini rivojlantirish, hududlararo hamkorlik masalalari oʻrin olgan. Shuningdek, “Yo‘l xaritasi” muqobil energetika, tog‘-kon sanoatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni birgalikda amalga oshirish, O‘zbekiston-Xitoy agroinnovatsion parkini tashkil etish va qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish, Xitoy tajribasi asosida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rishni va boshqa vazifalarni nazarda tutadi. “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash yuzasidan mas’ul rahbarlarga maqsadli topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda Ishchi guruhning Pokiston Islom Respublikasiga bo‘lajak tashrifi kun tartibining istiqbolli yo‘nalishlari ham tahlil qilindi. Xususan, Pokiston tomoni bilan dengiz portlaridan birgalikda foydalanish, ikki davlat oʻrtasidagi reyslar sonini koʻpaytirish, yuk tashuvchilar uchun viza rejimi va bojxona tartib-qoidalarini yengillashtirish, meva va sabzavotlarni qayta ishlash va eksport qilish boʻyicha qoʻshma korxonalar yaratish, Toshkent va Islomobod shaharlarida sanoat mahsulotlarining o‘zaro yarmarkalarini tashkil etish masalalari boʻyicha hamkorlikni faollashtirish vazifalari topshirildi.

Mutasaddi rahbarlarga elektrotexnika, kimyo, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston-Pokiston qo‘shma sanoat kooperatsiyasi loyihalarini, to‘qimachilik, turizm, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda hududlararo hamkorlik doirasidagi qator loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ishchi guruhning Singapurga tashrifiga tayyorgarlik koʻrish doirasida hamkorlik yoʻnalishlarini kengaytirish va qishloq xoʻjaligi, energetika, mashinasozlik, kimyo va toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, transport va logistika, axborot texnologiyalari, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari oʻrganildi.

Xususan, Toshkent viloyatida zamonaviy logistika markazi, Andijon viloyatida quruq port (logistika markazini) barpo etish, mamlakatimiz aeroportlarini modernizatsiya qilish loyihasini birgalikda amalga oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Xuddi shunday tarzda tibbiyot xodimlarining tajriba almashishi va malakasini oshirish, farmatsevtika mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish, ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston va Singapur o‘rtasidagi sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari alohida o‘rganildi. Tegishli rahbarlarga ikki davlatning yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirokida O‘zbekiston-Singapur qo‘shma investitsiya kompaniyasi, Milliy investitsiya jamg‘armasi, Ishbilarmonlar kengashi va Tadbirkorlar uyushmasini tashkil etish bo‘yicha ishlarni faollashtirish topshirildi.

Shuningdek, uchrashuv chog‘ida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning joriy yil 21-22 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasiga bo‘lajak davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.

Yig‘ilish yakuni bo‘yicha mas’ul rahbarlarga Ishchi guruhning barcha reja va vazifalarini sifatli va o‘z vaqtida bajarish hamda oliy darajadagi tashrifning iqtisodiy kun tartibini kengaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться