Bugun Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Kim Xi-Sangni qabul qildi.
Dastlab vazir mehmonni elchilikka yangi tayinlangani bilan samimiy qutlab, barcha sohalar qatori oliy taʼlimdagi aloqalar ham rivojlanib borayotganini alohida qayd etdi.
Taʼkidlanganidek, bugun Oʻzbekistonning koʻplab oliy taʼlim muassasalari Janubiy Koreya universitetlari bilan qator yoʻnalishlarda aloqalarni oʻrnatib, bu manfaatli hamkorlik talabalar, professor-oʻqituvchilar almashinuvi, malaka oshirish, kadrlar tayyorlash boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlari asosida yanada rivojlanmoqda.
Oxirgi yillarda Oʻzbekistonda koʻplab xorijiy oliy taʼlim muassasalari ochilib, ular orasida Koreya 2-oʻrinda. Hozirda Janubiy Koreya universitetlarining 5 ta filiali samarali faoliyat olib bormoqda. Ularda transport, mashinasozlik, arxitektura va qurilish, geologiya, innovatsion texnologiyalar, metallurgiya, energetika, qayta tiklanadigan energiya manbalari texnologiyalari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlanyapti.
Biz oliy taʼlim sohasida oʻrnatilgan hozirgi poydevordan foydalanib, professional taʼlimda ham aloqalarni yangi bosqichga koʻtarishdan manfaatdormiz, – dedi vazir.
Oʻz navbatida, Elchi ham ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik munosabati haqida toʻxtalib, oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimi masʼullari bilan 3 ta yoʻnalish boʻyicha aloqalarni yanada kuchaytirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi. Jumladan, Oʻzbekiston taʼlim muassasalarida koreys tilini oʻrgatishni kengaytirish, Koreya-Oʻzbekiston universitetlari hamkorligini kuchaytirish, kasb-hunar taʼlimni rivojlantirish.
Qayd etilganidek, bugungi kunda mamlakatimizning 14 ta taʼlim maskanida Janubiy Koreyaning KOICA tashkiloti koʻngillilari yordamida koreys tili oʻqitilmoqda. Galdagi vazifa esa qator tanlovlar, koʻrgazmalar oʻtkazib, hamkorlikni mustahkamlash. Shuningdek, hozirda Koreya oliy taʼlim muassasalarida 8 mingdan ziyod oʻzbekistonlik yoshlar tahsil olayotgani haqida ham maʼlumot berildi.
Muloqot soʻngida 2023-yil Oʻzbekiston-Koreya rektorlar ilk forumini oʻtkazish taklif etildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi