O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston – Turkmaniston: do‘stlik, qo‘shnichilik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash ruhidagi strategik sheriklik
2022-12-12 | Iqtisodiyot
Turkmanistonning Ashxobod shahrida “Muloqot – tinchlik garovi” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda Senat raisi boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Tadbirda BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining ijrochi kotibi O.Algayerova, YeI Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili T.Xakala, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti a’zolari hamda boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlarning yuqori martabali vakillari ishtirok etdi.
BMT Bosh kotibi A.Guterrishning konferensiya ishtirokchilariga o‘qib eshittirilgan murojaatida BMT va uning ixtisoslashgan idoralari bundan keyin ham Markaziy Osiyo davlatlarining tinchlik va xavfsizlikni, umuman, barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan global sa’y-harakatlari va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda davom etishi ta’kidlandi. Forumda O‘zbekiston Senati raisi T.Norboyeva O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar qardosh xalqlarning ko‘p asrlik do‘stligi, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash ruhidagi strategik sheriklik xarakteriga ega ekanini ta’kidladi.
Umumiy siyosiy iroda va oliy darajadagi ishonchga asoslangan muloqot O‘zbekiston – Turkmaniston munosabatlarini yanada mustahkamlashning asosiy kafolatidir.
O‘z navbatida, Turkmaniston tomonidan O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi beqiyos ekani, ikki davlat rahbarlarining keyingi yillardagi sa’y-harakatlari tufayli ikki tomonlama turkman - o‘zbek aloqalari mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlab o‘tildi.
Davlatlar o‘rtasida parlamentlararo hamkorlik, shuningdek, Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti doirasidagi o‘zaro hamkorlik jadal rivojlanmoqda. O‘zbekiston Senati raisi muloqot doirasida mintaqada xotin-qizlar huquqlarini ilgari surishda muhim rol o‘ynamoqda.
Konferensiya yalpi majlisi hamda “Muloqot – nizolarning oldini olish asosi”, “Muloqot orqali oziq-ovqat va ekologik xavfsizlikni mustahkamlash”, “Kibermakonda ko‘p tomonlama hamkorlik va onlayn tarmoqlarning xalqaro muloqotni barpo etishdagi roli” mavzularidagi uchta sessiyada xalqaro hamkorlikni kuchaytirishning amaliy jihatlari hamda ushbu yo‘nalishlardagi sa’y-harakatlarni birlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Manba: O'zA