O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlariga
2022-12-11 | Siyosat
Qadrli yurtdoshlar!
Hurmatli dehqon va fermerlar, agrar soha xodimlari!
Muhtaram faxriylar!
Mehnat mavsumi oxirlab, sohadagi ishlar sarhisob qilinayotgan mana shu qutlug‘ damlarda siz, azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi kasb bayramingiz – Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu shukuhli ayyomda, avvalo, halol peshona teri, fidokorona mehnati bilan yerdan noz-ne’mat undirib, hayotimizga qut-baraka, fayzu quvonch olib kiradigan mirishkor dehqonlarimiz, barcha soha xodimlariga eng ezgu tilaklarimizni bildiramiz.
Biz sizlarning timsolingizda har qanday murakkab sharoitda ham o‘z kasbi va burchiga sodiq qolib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilib kelayotgan zahmatkash, mard va olijanob insonlarni ko‘ramiz.
Ayniqsa, butun dunyoda iqlim o‘zgarib, yer va suv resurslari borasida ham turli muammolar ko‘payib borayotgan hozirgi vaqtda haqiqiy matonat va jasorat, omilkorlik fazilatlarini namoyon etib, barcha qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirib kelayotganingiz yuksak tahsin va tasannolarga munosibdir.
Shu ma’noda, bozor va do‘konlarimizdagi to‘kinlik va arzonchilik, shahar va qishloqlarimiz, xonadonlarimiz obodligida sizlarning hissangiz beqiyos, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Aziz do‘stlar!
Keyingi yillarda mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlar qatori qishloq xo‘jaligida ham tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda inson qadri va manfaatlarini ta’minlash ustuvor vazifa sifatida birinchi o‘ringa qo‘yilmoqda.
Bu haqda so‘z yuritganda, boshoqli don yetishtirish va xarid qilishning yangi tizimi joriy etilib, dehqonlarimizning omborlari donga, ro‘zg‘ori qut-barakaga to‘layotgani, agrar sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalqaro imtiyozli kreditlar ajratilgani, mahsulot yetishtirish, sug‘orish, urug‘ va ko‘chat sotib olish bilan bog‘liq xarajatlar subsidiya hisobidan qoplab berilayotganini ta’kidlash lozim.
O‘zbek paxtasiga joriy etilgan boykot bekor qilinib, to‘qimachilik sohasidagi yirik brendlar mamlakatimiz paxta bozoriga qaytmoqda.
Dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirish uchun joriy yilda 100 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, ochiq elektron auksion orqali aholiga tarqatildi. Buning hisobidan 420 mingdan ortiq yangi xo‘jalik tashkil etilib, 1 million 200 ming dan ortiq doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratilgani ayniqsa muhim ahamiyatga ega.
Hech shubhasiz, dunyoda oziq-ovqat taqchilligi tobora ortib, mintaqamizda cho‘llashish jarayoni kuchayib borayotgani qishloq xo‘jaligi xodimlari oldiga ham dolzarb vazifalar qo‘ymoqda.
Biz sohani barqaror rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida agrar tarmoqda boshlagan islohotlarimizni izchil davom ettiramiz. Xususan, qishloq xo‘jaligida suv ta’minotini yaxshilash, suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik loyihalarni boshlaymiz.
Paxtachilik va g‘allachilikda bozor tamoyillarini keng joriy etish, ilmiy asosda mahsulot yetishtirish, fermer va dehqonlar manfaatdorligini oshirish choralari kuchaytiriladi.
Shu bilan birga, mahalliy sharoitga mos, arzon qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish, ularni fermer va dehqonlarimizga imtiyozli shartlarda yetkazib berish, subsidiyalar ajratish va qo‘shimcha moliyalashtirish imkoniyatlari kengaytiriladi. Qishloq xo‘jaligida xizmat ko‘rsatish sifati va darajasini oshirish, amaliyot va ilm-fan integratsiyasini mustahkamlash masalalari ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish, bandlikni ta’minlash maqsadida boshlangan ijobiy tajriba davom ettirilib, dehqon xo‘jaliklari tashkil etish uchun qo‘shimcha 100 ming gektardan ortiq yer aholiga tarqatiladi.
Qadrli yurtdoshlar!
Mana shu quvonchli ayyomda o‘zining fidokorona mehnati, boy bilim va tajribasi bilan mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi rivojini yangi bosqichga olib chiqishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan dehqon va fermerlarimiz, agroklasterlar rahbarlari va xodimlariga, sohada mehnat qilayotgan barcha vatandoshlarimizga o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman.
Sizlarni bugungi qutlug‘ bayram bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, ezgu faoliyatingizda ulkan yutuqlar tilayman.
Doimo mehnatingizning rohatini ko‘rib yuring!
Hech qachon kam bo‘lmang, azizlarim, qadrdonlarim!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti