O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davlat madhiyasi bu Vatanning ovozi
2022-12-10 | Madaniyat
Har tong yurtimizni mamlakatimiz madhiyasi uyg‘otadi. Mana o‘ttiz yildan buyon bu musiqa yer yuzida xalqimiz g‘ururi, iftixori, shonu-shavkati tantanasini namoyon etib kelmoqda. Buxoro viloyatida ham O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi keng nishonlandi.
Sana munosabati bilan O‘zbekiston madhiyasi bastakori, benazir iste’dod sohibi, Mutavakkil Burxonovning Buxoro shahri “Abu Hafs Kabir” ziyoratgohidagi qabriga gul qo‘yish marosimi o‘tkazildi. Marosimda Buxoro viloyati hokimligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat va shahar bo‘limi, oliy ta’lim muassasalari, bir qator davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Buyuk kompozitor albomidagi lirik romanslar, jozibali badiiy simfonik asarlar, “Abu Ali Ibn Sino”, “Surayyo”, “Maftuningman” singari kinofilmlarga bastalangan musiqiy durdonalari ayniqsa o‘zbek musiqa san’atining oltin fondidan o‘rin olgan “Alisher Navoiyga qasida” nomli operasi katta shuhrat qozongan. O‘zbek musiqa san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shgan buyuk kompozitor, O‘zbekiston xalk artisti Mutavakkil Burxonov 1916 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan.
Mutal Burxonov madhiya haqida quyidagi so‘zlarni iftixor bilan aytgan: “Men bir narsadan faxrlanaman, mening musiqam butun dunyo bo‘ylab yangraganida ne-ne insonlar o‘rnidan turib qulluq qiladi… Buning ma’nosi katta, ular mening san’atim qarshisida emas, Vatanim O‘zbekistonning salobatli ovozi qarshisida bosh egadilar. Davlat madhiyasi bu Vatanning ovozi… Menga yaratgan egam o‘sha ovoz ohanglarini qalbimga joylagani va bu ohangni o‘zga qalblarga yetkaza olishim uchun yo‘l berganiga beadad shukronalar aytaman…”
Darhaqiqat O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi mustaqillikka e’tiqodni targ‘ib qiladi. Uning matni fuqarolarimizni mustaqil davlat qurish yo‘lida matonat va jasoratga, sabr-toqat va fidokorlikka, tashabbuskorlik va kurashga chaqiradi, milliy g‘ururni uyg‘otadi. Madhiyamiz bayramlar, siyosiy chiqishlar, sport anjumanlari, rasmiy davlat qabullari, ahamiyatli mitinglar, turli davlat boshliqlarini kutib olish va kuzatish marosimlari hamda qonun bilan belgilangan boshqa hollarda ijro etilib, davlat suverenitetiga e’tiqod va hurmatni rasmiy musiqa hamda matn bilan ifoda etadi.
Madhiyamiz mamlakat mustaqilligi, xalq ozodligi davlatning buyuk kelajagi haqida kuylaydigan, farovon jamiyat qurilishi yo‘lida fidokorona mehnat, bunyodkorlik va tadbirkorlikka ruh bag‘ishlashga xizmat qiladigan istiqlol ramzidir. Yurtimiz vakillari ishtirok etadigan xalqaro miqyosdagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar va sport musobaqalarida mazkur shukuhli tarona jaranglaganda qalbimiz faxr iftixorga to‘ladi.
Yuksak vatanparvarlik tuyg‘usini mujassam etgan madhiyamiz bugun ta’lim maskanlarida yosh avlodning Vatanga muhabbat ruhida kamol topishiga xizmat qilmoqda. Endi harf taniy boshlagan jajji farzandlarimiz millatimizning bosh qo‘shig‘ini kuylay boshlaganida sevinchdan hayajonga tushamiz. Bunday lahzalarda xalq va Vatan ulug‘langan qo‘shiq insonlar qalbiga yuksak va beg‘ubor tuyg‘ularni jo etishga, bu yorug‘ olamni yanada munavvar ko‘rsatadigan ilohiy mo‘’jiza ekanligiga yana bir bor amin bo‘lamiz. Yurtning eng ulug‘ qo‘shig‘ini e’zozlash, yod olish va baralla kuylash har bir yurtdoshimizning burchidir.
Har tongni madhiyamiz sadolari bilan qarshi olamiz. Qalbimizda yangi kunga, istiqlolga va bugungi tinch-osoyishta hayotimizga shukronalik, kelajakka qat’iy ishonch tuyg‘usi jo‘sh uradi. Demak istiqlolimizni, yurtimizning kuch-qudrati, xalqimizning aql-zakovati, ajdodlarimizning shon-shuhrati va avlodlarimizning yorug‘ kelajagini sharaflovchi bu tarona asrlar osha baralla yangrayveradi.
Shuningdek, tadbir davomida Buxoro shahrining Bahouddin Naqshband ko‘chasida joylashgan Mutavakkil Burxonovning uy muzeyiga ham sayohat tashkil etildi. Uy-muzey Buxoro davlat badiiy me’morchilik muzey-qo‘riqxonasining filiali maqomida tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda bastakor hayoti va ijodi bilan bog‘liq 2 mingdan ortiq foto suratlar, turli hujjatlar, musiqa asboblari, kiyim-kechak va uy-ro‘zg‘or buyumlari jamlangan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018 yilda tashkil etilgan Mutal Burxonov uy-muzeyida bastakorning bolalik yillarini aks ettiruvchi fotosuratlar, ijod xonasida cholg‘u asboblari, esdalik sovg‘alar, kitoblar, hujjatlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasining notalari bilan yozilgan nusxasi, uning ijodini e’tirof etib taqdirlangan orden va medallari, davlat mukofotlari omma e’tiboriga havola qilinmoqda.
Muzey “Mutal Burxonov umr yo‘li”, “Bastakor ijod xonasi”, “E’tirof, ehtirom”, “Musiqa tarixi” kabi bo‘limlardan iborat. Uy-muzeyida Markaziy Osiyoda musiqa san’ati rivojiga oid hujjatlar, XVIII asrda Buxoroda shakllangan “Shashmaqom”ning dastlabki notaga solinishi, u bilan bog‘liq ilk tadqiqotlar, O‘zbekiston madhiyasi musiqasining yaratilish jarayoni aks etgan lavhalar ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy.
Tadbir Buxoro davlat universitetida davom etdi. Unda Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Xamidov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Marhabo Pardayeva va boshqalar so‘zga chiqdi.
Serquyosh hur o‘lkam, elga baxt, najot,
Sen o‘zing do‘stlarga yo‘ldosh, mehribon.
Yashnagay toabad ilmu fan, ijod,
Shuhrating porlasin, toki bor jahon…
Ana shunday satrlar bilan boshlanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangrab, bayrog‘imiz boshimiz uzra hilpiraganda, ozod Vatanimizga nisbatan qalbimizning tub-tubida g‘urur paydo bo‘ladi. Hurmat-e’tibor kuchayadi, faxr-iftixor hissi jo‘sh uradi. Bu muazzam sado azmu shijoatli xalqimizning ruhiga ruh, kuchiga kuch bag‘ishlab, yangidan-yangi bunyodkorlik ishlariga da’vat etadi deya ta’kidlandi tadbirda.
Madhiya faqat madh etish uchun emas, balki e’tiqodning ifodalanishidir. Davlat ramzlarida xalqning azaliy orzulari, uning ezgu niyatlari, bugungi hayot mazmuni aks etadi. Davlat madhiyasining huquqiy maqomi maxsus qonun bilan mustahkamlanib, uning maqsadi davlat suverenitetiga bo‘lgan e’tiqodning rasmiyligini ta’minlash, davlat suverenitetining idrok qilinishi uchun matn va musiqa yordamida ifodalashdan iboratdir.
Sana munosabati bilan viloyatning barcha shahar va tumanlarida, korxona, tashkilotlarda, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Zarif Komilov
Manba: O'zA