O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mamlakat chempionatining ochilish marosimida jahonda tengsiz boʻlgan yosh bokschilarimiz taqdirlanishdi
2022-12-09 | Sport
Poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida boks boʻyicha kattalar oʻrtasidagi Oʻzbekiston chempionati start oldi. Kunduzgi bellashuvlardan soʻng musobaqaning rasmiy ochilish marosimi oʻtkazildi. Tadbirda Adham Ikramov boshchiligidagi Sportni rivojlantirish vazirligi mutasaddilari, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosari, mamlakat boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Saken Polatov, MOQ raisi oʻrinbosarlari Ravshan Irmatov va Azizjon Kamilov ishtirok etishdi.
Rasmiylar musobaqani ochiq deb eʼlon qilishar ekan, Prezidentimizning eʼtibori bilan soʻnggi yillarda oʻzbek boksi dunyoda oʻz oʻrniga ega boʻlib borayotgani, charm qoʻlqop ustalarimizning Osiyo va jahon chempionatlarida qoʻlga kiritayotgan ulkan yutuqlarini alohida eʼtirof etishdi. Xususan, noyabr oyida Ispaniyada oʻtgan yoshlar oʻrtasidagi dunyo birinchiligida hamyurtlarimiz 5 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medallari bilan umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egallashdi. Marosim davomida ushbu musobaqa qahramonlari taqdirlanishdi.
Bellashuvlarga toʻxtaladigan boʻlsak, janglar kutilganidek shiddatli va murosasiz ruhda oʻtmoqda. Bahslarni baholab borishda xorijlik hakamlarning ishtirok etayotgani gʻolibni aniqlashda adolatli meʼzonlarga amal qilinayotganidan dalolat beradi. Bugungi janglar orasida Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni Bahodir Jalolov ham ishtirok etib, katta qiyinchiliksiz keyingi bosqich yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Musobaqa tafsilotlari bilan kelgusi xabarlarda maʼlum qilamiz.
Manba: O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi