O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Akademik Abdumavlon Abdullayev vafoti munosabati bilan hamdardlik
2022-12-09 | Jamiyat
Akademik Abdullayev Abdumavlon Abdullayevich O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi. O‘zbekistonda genetika sohasining yetakchi namoyandasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Abdullayev Abdumavlon Abdullayevich 2022-yilning 8-dekabr kuni 92 yoshida vafot etdi.
A.Abdullayev 1930-yilning 13-iyulida Namangan viloyatida tug‘ildi. 1952-yili O‘rta Osiyo davlat universitetini tugatib, mehnat faoliyatini O‘simlikshunoslik ilmiy tekshirish instituti O‘rta Osiyo tajriba stansiya kichik ilmiy xodimi lavozimida boshladi. 1961-yilda nomzodlik, 1973-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1995-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.
Iste’dodli olim o‘zining qariyb 70 yillik ilmiy faoliyati davomida Fanlar akademiyasida fidoyilik bilan mehnat qildi. Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti kichik, katta ilmiy xodimi, laboratoriya mudiri, direktori, O‘zRFA Prezidiumining qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘limi raisi hamda umrining so‘nggi kunlarigacha instituti bosh ilmiy xodimi lavozimida samarali faoliyat ko‘rsatib, ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shdi.
A.Abdullayev ilmiy faoliyati davomida g‘o‘za genetikasining fundamental asoslarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shdi. Olim yaratgan ilmiy maktab asosida g‘o‘zaning bir qator yangi navlari kashf etildi hamda genetika seleksiyasida g‘o‘zaning yovvoyi turlaridan foydali donorlar sifatida foydalanish imkoniyati yaratildi. Mamlakatimiz paxtachilik ilm-fani rivojining fundamental asosi va milliy boyligi bo‘lgan g‘o‘za genlari kolleksiyasining asoschilaridan biridir.
U 600 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan 10 dan ortiq monografiyalar muallifi. Ilmiy maqolalarining 300 dan ortig‘i xalqaro nufuzli jurnallarda chop etilgan.
Jonkuyar ustoz sifatida ko‘plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan zahmatkash olimning bevosita rahbarligida 20 dan ortiq fan doktori va 40 ga yaqin fan nomzodlari tayyorlangan.
Akademik A.Abdullayevning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” (1980), “Mehnat shuhrati” ordeni (2003) “O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofoti” (2011) bilan mukofotlangan edi.
Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Abdumavlon Abdullayevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Narbayeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, B.Yuldashev
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti