O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning Janubiy Xitoy bozoriga eksporti hajmini oshirish istiqbollari muhokama qilindi
2022-12-07 | Iqtisodiyot
O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasi hamda Guanchjou shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Janubiy Xitoy hududidagi Guandun Oziq-ovqat mahsulotlari importi uyushmasi (Guangdong Imported Food Association - IFA) bilan birgalikda Xitoy bozoriga kirish va manfaatli eksport shartnomalari tuzishga bag‘ishlangan onlayn seminar-trening tashkil etildi.
400 dan ortiq yirik importyorlarni o‘z ichiga olgan IFA ko‘p yillar davomida importchilar, distribyutorlar, supermarket tarmoqlari va yangi chakana savdo tarmoqlarini o‘z atrofida birlashtirib keladi. Uyushma, shuningdek, xorijiy brendlar, eksportchilar va ishlab chiqaruvchilarga Xitoy bozorini o‘zlashtirishga yaqindan va manzilli ko‘mak ko‘rsatadi.
Mamlakatmizning 20 dan ortiq eksportyor kompaniyalari vakillari ishtirok etgan ushbu seminar-trening davomida O‘zbekiston eksportchilar uyushmasi va «Guangdong Imported Food Association» o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bitimi imzolandi. Xujjatni O‘zbekiston eksportchilari uyushmasi raisi Yo.Malikov va IFA prezidenti V.Chi imzoladi.
Ushbu kelishuv vositasida tomonlar ishtirokida mamlakatimiz eksportchi korxonalariga Xitoy xududlari importyorlari bilan o‘zaro aloqalar o‘rnatish va O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan hamda qayta ishlangan mahsulotlar eksporti hajmini oshirishga yana bir qulay platforma yaratildi.
IFA prezidenti V.Chi o‘zi rahbarlik qilayotgan uyushma O‘zbekistonning Guanchjoudagi Bosh konsulxonasi va O‘zbekiston eksportchilari uyushmasi bilan birgalikda “B2B” va “B2C” shaklidagi tadbirlarni tashkil etishga hozirlik ko‘rayotganini bildirdi.
«O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar haqida Xitoyda xabardorlikni oshirish va tovarlar eksportini ko‘paytirish orqali o‘zaro savdoni yangi bosqichga ko‘tarish mumkin. Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda madaniy hamkorlikni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shish uyushmamiz uchun katta sharafdir», dedi IFA prezidenti.
Tadbirda Bosh konsul Otabek Valiyev xorijiy tomonni mamlakatimiz savdo-iqtisodiy imkoniyatlari, investitsiya salohiyati, hamda tadbirkorlik uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirdi.
Diplomat so‘nggi yillarda ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam uchrashuvlar va olib borilayotgan ochiq pragmatik siyosat barcha biznes vakillariga keng yo‘l ochib berayotganligi qayd etdi. U shuningdek, iqtisodiy diplomatiya yo‘nalishida O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi, xorijdagi diplomatiya vakolatxonalari tomonidan mamlakatimiz eksport hajmini oshirishga qaratilgan manzilli ishlar va aniq tadbirlar tizimli ishlab chiqilganini maʼlum qildi.
Seminar-trening yakunida O‘zbekiston korxonalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga Xitoy tomonidan batafsil javoblar olishdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi