O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ilmiy-texnikaviy va innovatsion sohalardagi hamkorlik bo'yicha davlatlararo kengashining 31-yig'ilishi bo'lib o'tdi
2022-12-06 | Innovatsiya
Ilmiy-texnikaviy va innovatsion sohalardagi hamkorlik bo'yicha davlatlararo kengashining 31-majlisi gibrid (onlayn va offlayn) formatda o'tkazildi.
Majlis Belarus Respublikasi Fan va texnologiyalar davlat qo'mitasi tomonidan MDH Ijroiya qo'mitasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda MDHga a'zo davlatlar: Belarus Respublikasi, Qozog'iston Respublikasi, Qirg'iziston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi va O'zbekiston Respublikasi, shuningdek, MDH Ijroiya qo'mitasi va Fanlar akademiyalarining Xalqaro uyushmasi vakillari ishtirok etdi. O'zbekiston tomonidan Innovatsion rivojlanish vazirligi Ilmiy va innovatsion faoliyatga oid dasturlarni shakllantirish va monitoring qilish boshqarma boshlig'i Shuhrat Otajonov ishtirok etdi.
Majlisda Kengashga a'zo MDH mamlakatlarida ilmiy-texnik, texnologik va innovatsion sohalarda olib borilgan ishlar holati, MDHga a'zo davlatlarning 2030 yilgacha bo'lgan davrga mo'ljallangan innovatsion hamkorlik Davlatlararo dasturini amalga oshirish doirasida texnologik tanlovlar o'tkazish tartibi loyihasini tayyorlash, MDHga a'zo mamlakatlarning ilmiy-texnikaviy va texnologik hamkorligi kontseptsiyasi va uni amalga oshirish bo'yicha chora-tadbirlar rejasi kabi masalalar ko'rib chiqildi.
Sh.Otajonov ayni paytda O'zbekistonda akademik, oliy o'quv yurti va sanoat profilidagi muassasalardan 300 dan ziyodi ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug'ullanib, ularda 40 mingga yaqin olimlar mehnat qilayotganini aytib o'tdi.
Xorijlik hamkorlar bilan hamkorlikda maqsadli loyihalar, xususan, 100 dan ortiq qo'shma ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Qo'shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish bo'yicha hamkor davlatlar qatorida Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Rossiya, Belarus, Germaniya, Turkiya, Vengriya va boshqalarni qayd etish mumkin.
Ilg'or xorijiy tajribadan kelib chiqib, O'zbekistonda ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasini shakllantirishning yangi mexanizmi joriy etilgani qayd etildi. Ayni paytda umumiy qiymati 100 million AQSh dollaridan ziyod ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Ilmiy va innovatsion faoliyat natijalarini tijoratlashtirishning yangi mexanizmlari joriy etilmoqda. 300 dan ortiq ishlanmalar asosida umumiy qiymati 15 million dollardan ortiq ilmiy hajmdor mahsulotlar ishlab chiqarildi.
Ilmiy-texnikaviy va innovatsion sohalardagi hamkorlik bo'yicha davlatlararo kengashining navbatdagi 32-yig'ilishi 2023-yilning aprel oyida o'tkazilishi kutilmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi