O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yoshlarning budjet savodxonligi oshirildi.
2022-12-05 | Yoshlar
Moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazida “Budjet savodxonligi” haftaligi tashkil etildi.
“Yoshlar – yuqori marralar” platformasi doirasida oʻtkazilgan haftalikning dastlabki kunida ishtirokchilarga Oʻzbekiston Respublikasi soliq siyosatining asosiy yoʻnalishlari va budjet jarayonidagi islohotlar keng yoritib berildi. Haftalikning ikkinchi kunida kapital bozorini rivojlantirish hamda tashabbusli budjetlashtirishni rivojlantirish boʻyicha batafsil maʼlumot berildi.
Jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlar yuzasidan loyihalarni taqdim etish, tanlash va ovoz berish bosqichlarini oʻz ichiga olgan amaliy mashgʻulot talabalarda katta taassurot qoldirdi. Tadbirning uchinchi kuni ham yuqori ishchanlik ruhida davom etdi. Talabalarga davlat xaridlaridagi oʻzgarishlar, davlat qarzi holati va dinamikasi boʻyicha atroflicha maʼlumot berildi. Amaliy mashgʻulotlar oraligʻida “blis” oʻyinlar oʻtkazilib, talabalarning nazariy bilimlari sinovdan oʻtkazildi.
Mazkur tadbirlarni onlayn tarzda yurtimizdagi oliy oʻquv yurtlarining 100 dan ziyod talabalari ham qiziqish bilan kuzatib borishdi. Interfaol usullar asosida va koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazilgan budjet savodxonligi haftaligi yakunida ishtirokchilarga Moliya vazirligining maxsus sertifikatlari topshirildi.
Ahamiyatli jihati, haftalik davomida yoshlardan amaliyot jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan takliflar qabul qilindi. Mazkur takliflar Moliya vazirligi mutaxassislari tomonidan tahlil qilinib, “Yoshlar − yuqori marralar” platformasi doirasida keng muhokama etiladi.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Mоliya vаzirligi