O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Nomoddiy madaniy merosimizning yana ikkita elementi UNESCO ro‘yxatiga kiritildi

2022-12-02 | Madaniyat

Marokash davlatining Rabot shahrida bo‘lib o‘tayotgan Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha Hukumatlararo qo‘mitaning 17-sessiyasi Oʻzbekiston uchun muhim madaniy voqea boʻldi.  O‘zbekiston tomoni ishtirokida ikkita ko‘pmillatli element Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi.

O‘zbekiston tomonidan Ozarbayjon, Afg‘oniston, Eron, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya bilan birgalikda “Ipakchilik va to‘quv uchun an’anaviy ipak ishlab chiqarish” nomli birinchi fayl taqdim etildi. Ikkinchi nominatsiya “Xo‘ja Nasriddin haqidagi latifalarni takrorlash an’analari” deb nomlangan bo‘lib, O‘zbekiston tomoni Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya bilan hamkorlikda tayyorlagan.

Qo‘mitaning baholash komissiyasi nomzodlik hujjatlarini tayyorlashda ishtirok etayotgan davlatlarning birgalikdagi faoliyatini yuqori baholadi va ularning Vakillik ro‘yxatiga kiritish uchun barcha mezonlarga muvofiqligini qayd etdi.

“Davlatimiz rahbari boshchiliklarida mamlakatimizning boy nomoddiy madaniy merosini muhofaza qilish va uni ko‘paytirish yo’lida tizimli ishlar olib borilmoqda. Yana ikki an’anamizning UNESCO ro’yxatidan joy olishi buning yaqqol dalilidir, – deydi Bosh vazir o‘rinbosari – Oʻzbekistonning UNESCO ishlari boʻyicha Milliy komissiyasi raisi Aziz Abduhakimov. –  Bu yo’nalishda  O'zbekistonning UNESCOdagi doimiy vakili Umid Shadiyevning sa’y-harakatlari alohida tahsinga sazovordir”.

Tadbir davomida nominatsiyalar taqdimotida madaniyatlarni boyitish, mahalliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro hurmat va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashdagi unsurlarning tarixiy o‘rni va ahamiyatini atroflicha ochib beruvchi videofilmlar namoyish etildi. Tadbir ishtirokchilari ipak yetishtirishning an’anaviy texnologiyalari, keyingi yillarda O‘zbekistonda ipakchilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan salmoqli ishlarga alohida e’tibor qaratdilar. Aholi orasida mashhur va sevimli folklor qahramoni sanalgan Xo’ja Nasriddinning Buxoro shahrida qad rostlagan noyob haykali katta qiziqish uyg‘otdi.

Ta’kidlash kerakki, Reprezentativ roʻyxatga kiritilgan Oʻzbekiston elementlarining umumiy soni 11 taga yetdi. Ilgari bu roʻyxatga “Baxshi”, “Lazgi”, “Palov”, “Askiya”, “Miniatyura”, “Navroʻz”, “Shoshmaqom” va boshqalar kiritilgan edi. Atlas va adras tayyorlashning anʼanaviy texnologiyalarini saqlash boʻyicha Margʻilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi Nomoddiy madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash boʻyicha yetakchilar reestridan joy olgan.

Ma’lumot uchun, endi yangi elementlar xalqaro miqyosda butun insoniyat merosining ajralmas qismi sifatida tavsiflanadi va bu nomoddiy madaniy merosning ushbu turlarini e’tirof etish va keng targ‘ib qilishni sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi. O'z navbatida, UNESCO ushbu elementlarni turli loyihalarni amalga oshirish orqali targ‘ib qiladi.

Sessiya 3-dekabrgacha davom etadi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi

Поделиться