O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Rivojlanayotgan bozorlarda CSR va ESG” xalqaro konferensiyasi
2022-11-30 | Iqtisodiyot
Singapur menejmentni rivojlantirish institutida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, “Care CSR” kompaniyasi, Germaniya xalqaro rivojlanish (GIZ) agentligi tomonidan “Rivojlanayotgan bozorlarda CSR va ESG” mavzusidagi xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish va Moliya vazirliklari mutasaddi rahbarlari, mahalliy va xorijiy tashkilotlar ekspertlari hamda biznes vakillari ishtirok etishdi. Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatda barqaror biznes amaliyotini rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy asosini takomillashtirish, korporativ ijtimoiy mas‘uliyat (CSR) hamda ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillarini tatbiq qilish bo‘yicha fikr almashish va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Konferensiya avvalida CSR (Korporativ ijtimoiy mas’uliyat) va ESG (ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv tamoyillarini tatbiq qilish) tushunchalarining mazmun-mohiyati, ustuvor vazifa va maqsadlari haqida so‘z bordi.
Konferensiya davomida davlat tashkilotlari, mahalliy va xorijiy tashkilotlar hamda biznes vakillari tomonidan O‘zbekistonda “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga erishishda ko‘rilayotgan choralar, keyingi 5 yillik iqtisodiy maqsadlarga erishishda inklyuziv o‘sish va barqarorlikni ta’minlash zarurati, mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar, inson kapitalini rivojlantirish istiqbollari kabi taqdimotlar o‘tkazildi.
“Tadbirkorlik va iqlim o‘zgarishi”, “To‘qimachilik va ishlab chiqarishda “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ni joriy etish”, “Kichik va o‘rta biznesda yashil texnologiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash”, “Kompaniyalar uchun inklyuzivlikning afzalliklari”, “O‘zbekistonda ESGni joriy etish: bugungi kun va yangi ustuvorliklar” kabi mavzular muhokama qilindi.
Shu bilan bir qatorda, tadbirda mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga erishishda xususiy sektorning roli yuqoriligi, iqlim o‘zgarishida innovatsion usullar va diversifikatsiyaning muhimligi ta’kidlandi.
Konferensiya so‘ngida tashrif buyurgan mehmonlar yuqoridagi mavzular bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi