O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari savdo-iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar
30-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Suhbatda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Turli darajalarda faol muloqotlar davom etayotgani hamda oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha birgalikdagi sermahsul ishlar kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi 30 foizdan ziyodga oshdi. O‘tgan oyda Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. 1-2-dekabr kunlari Samarqand shahrida ikki davlat hukumatlari rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiyaning uchrashuvi bo‘lib o‘tadi, unda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlaridagi joriy va istiqbolli kooperatsiya loyihalari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, mamlakatlarimiz yetakchi sanoat korxonalari va kompaniyalari vakillari ishtirokida qator ishbilarmonlik tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Hududlararo hamkorlik kengaymoqda. Gumanitar almashinuv sohasida uchinchi O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumining samarali natijalari qayd etildi.
Bundan tashqari, ko‘p tomonlama formatdagi, shu jumladan Markaziy Osiyo mintaqasidagi amaliy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi. Yetakchilar bo‘lajak tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.
O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiq, ishonchli va do‘stona ruhda o‘tdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti