O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida
2022-11-29 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Mamlakatimizda tergov faoliyatida “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyani to‘liq ro‘yobga chiqarish, jinoyatlarni o‘z vaqtida fosh etishni tashkil etish tergov organlarining faoliyatini qonun ustuvorligini va qilmish uchun jazo muqarrarligini ta’minlash tamoyili asosida takomillashtirishning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
Shu munosabat bilan sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va zamon talablariga javob beradigan tergov sohasidagi yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimining samaradorligini tubdan oshirish talab etilmoqda.
Yangi O‘zbekiston sharoitida jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash amaliyotini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ushbu yo‘nalishga ilg‘or xalqaro standartlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida:
1. Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qo‘mitasi va Adliya vazirligining quyidagi takliflari ma’qullansin:
Bosh prokuratura Akademiyasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish aкaдемiясini (keyingi o‘rinlarda – Akademiya) tashkil etish hamda unda jinoyatlarni tergov qilish sohasida kadrlarni amaliyot bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlagan holda yagona yondashuv asosida tayyorlashga qaratilgan uzluksiz o‘quv tizimini yo‘lga qo‘yish;
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialini (keyingi o‘rinlarda – Ixtisoslashtirilgan filial) tugatish hamda uning shtat birliklari, o‘quv va moddiy-texnika bazasini Akademiyaga o‘tkazish.
2. Quyidagilar Akademiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
ta’lim oluvchilarda inson huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya qilish madaniyati bilan uyg‘unlashgan yuksak ma’naviy, psixologik, tahliliy va kasbiy sifatlarni rivojlantirishning samarali tizimini joriy etgan holda jinoyatlarni tergov qilish sohasida mutaxassislarni chuqurlashtirilgan maqsadli bazaviy tayyorlash;
maxsus kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish va rivojlantirish, sud-huquq sohasidagi islohotlarning mazmun-mohiyatini yetkazishga qaratilgan dasturlar asosida tergov hamda huquqni muhofaza qilish faoliyatining boshqa sohalarida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
korrupsiyaga hamda jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish sohalarida maxsus o‘quv dasturlari asosida davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish;
jinoyatlarni tergov qilish metodikasi va taktikasini samarali belgilash asosida jinoyat ishlari bo‘yicha mustaqil ish yuritish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan interfaol o‘qitish metodlarini ta’lim jarayoniga tatbiq etish;
o‘qitishning zamonaviy shakllari, pedagogik va axborot texnologiyalari asosida nazariy tayyorgarlikning huquqni qo‘llash amaliyoti bilan uzviy bog‘liqligini, shu jumladan, masofaviy ta’lim shaklida ta’minlashga qaratilgan o‘quv jarayonini tashkil etish;
prokuratura organlari xodimlarida bilim va ko‘nikmalarni, shu jumladan, tizimli tahlil va tanqidiy fikrlashni, qonuniylikni ta’minlash yuzasidan adolat va mas’uliyat kabi yuksak tuyg‘ularni shakllantirish va mustahkamlashga qaratilgan tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirishning yaxlit tizimini tashkil etish;
yuqori malakali ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, huquqni muhofaza qilish faoliyatining eng dolzarb masalalari bo‘yicha kompleks ilmiy tadqiqotlarni tizimli asosda, shu jumladan, milliy va xalqaro grantlarni jalb etgan holda amalga oshirish;
jinoyatlar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini, shu jumladan, tergovga qadar tekshiruv hujjatlari va jinoyat ishlarini o‘rganish asosida ularning alohida turlari kesimida tahlil va diagnostika qilish, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini uslubiy va konsultativ ta’minlash;
sud-huquq sohasida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, ilg‘or pedagogik tajriba almashish borasida uzluksiz xalqaro hamkorlikni amalga oshirish, o‘quv jarayoniga xorijiy mamlakatlar yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining malakali mutaxassislarini jalb qilish.
3. Akademiyaning Muvofiqlashtirish-vasiylik kengashi (keyingi o‘rinlarda – Vasiylik kengashi) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
Belgilansinki, Vasiylik kengashi Akademiya faoliyatiga quyidagi ustuvor masalalarda ko‘maklashadi:
o‘qitishga bo‘lgan ehtiyojga muvofiq, Akademiyada ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini tasdiqlash, o‘quv jarayonini tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli tashabbuslarni maqsadli belgilash;
talaba va tinglovchilar stajirovkasi hamda bitiruvchilarni ishga joylashtirish masalalarida surishtiruv va dastlabki tergov faoliyatini amalga oshirishga vakolatli davlat organlari hamda sudlar bilan samarali hamkorlikni tashkil qilish;
ta’lim va ilmiy muassasalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda xorijiy hamkorlar bilan ta’lim va ilm-fan sohalarida maqsadli hamkorlik o‘rnatish va rivojlantirish;
Akademiyaning rivojlanishini ta’minlash uchun moliyaviy yordam ko‘rsatilishini tashkil etish, byudjetdan tashqari mablag‘larni shakllantirish, milliy va xalqaro grantlarni jalb etish.
Vasiylik kengashining har bir a’zosi zimmasiga Akademiyaning samarali faoliyat ko‘rsatishi va rivojlanishiga ko‘maklashish bo‘yicha belgilangan vazifalarning o‘z vakolati doirasida har tomonlama amalga oshirilishi bo‘yicha shaxsiy mas’uliyat yuklansin.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
Akademiya Bosh prokuratura tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi, yuridik shaxs maqomiga ega, ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi;
Akademiyaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan boshliq rahbarlik qiladi, uning maqomi, transport hamda tibbiy ta’minoti shartlari oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari rahbarlari bilan tenglashtiriladi;
Akademiya Bosh prokuratura Akademiyasining huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Akademiyaning tergov sohasiga ixtisoslashtirilgan kafedralari tarkibining 30 foizdan kam bo‘lmagan qismi – ichki ishlar organlari, Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona organlarining surishtiruv hamda tergov tuzilmalarida ko‘p yillik amaliy ish tajribasiga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar hisobidan shakllantiriladi;
Akademiya boshqaruv xodimlari va professor-o‘qituvchilariga Bosh prokuratura xodimlari uchun, boshqa xodimlarga oliy ta’lim muassasalarining tegishli xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish shartlari va boshqa imtiyozlar tatbiq etiladi.
5. Akademiyada 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab quyidagi tartibni nazarda tutgan holda tergov faoliyati va huquqni muhofaza qilish faoliyatining boshqa sohalarida oliy ta’limning ikki bosqichli tizimi – bakalavriat va magistratura bo‘yicha to‘laqonli o‘quv jarayoni tashkil etilsin:
bakalavriat bo‘yicha o‘qitish kunduzgi ta’lim shaklida amalga oshiriladi hamda ixtisoslik va yuridik fanlarni o‘qitish, shuningdek, chuqurlashtirilgan stajirovkani tashkil etish orqali kadrlarni maqsadli tayyorlashga yo‘naltiriladi;
Akademiyaning tergov faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha magistraturasiga qabul surishtiruv va tergov faoliyatini amalga oshirish vakolatiga ega davlat organlarining mazkur vazifalarni amalga oshiruvchi tuzilmalarining hamda prokuratura organlarining (keyingi o‘rinlarda – vakolatli davlat organlari) amaldagi xodimlari (harbiy xizmatchilari) orasidan amalga oshiriladi;
Akademiyaning tergov faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat hamda magistraturasiga o‘qishga qabul qilish Vasiylik kengashining vakolatli a’zoci raislik qiladigan idoralararo qabul komissiyaci tomonidan tashkil etiladigan maxsus psixologik tanlov, yozma imtihon va test sinovlari orqali amalga oshiriladi;
Akademiyada ta’lim olish muddati bakalavriat dasturi bo‘yicha – uch yilni, tergov faoliyati yo‘nalishidagi magistratura dasturi bo‘yicha – bir yilni tashkil etib, bitiruvchilarga oliy yuridik ta’limning tegishli bosqichini yakunlaganligini tasdiqlovchi davlat namunasidagi diplomlar beriladi;
Akademiyaning tergov faoliyati yo‘nalishidagi har yilgi qabul kvotalari bakalavriat dasturi bo‘yicha – 250 нaфaрgaчa talaba, magistratura dasturi bo‘yicha – 50 нaфaрgaчa oliy yuridik ma’lumotli vakolatli davlat organlari xodimlarini tashkil etib, Vasiylik kengashi tomonidan vakolatli davlat organlarining hududlar kesimidagi ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda takliflar ishlab chiqiladi hamda magistraturaning boshqa mutaxassisliklari bo‘yicha qabul kvotalari Bosh prokuratura tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda belgilanadi.
Belgilansinki:
Akademiyada o‘qitish davlat grantlari va to‘lov-kontrakt asosida tashkil etilib, bakalavriat va tergov faoliyati bo‘yicha magistraturaga qabul parametrlari Vasiylik kengashining taklifini inobatga olgan holda har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi;
Akademiyaga qabul qilishda abituriyentlarning muayyan toifalariga respublikaning boshqa oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi;
Akademiyaning tergov faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha bitiruvchilari vakolatli davlat organlariga xizmatga (harbiy xizmatga) qabul qilinganda faqat ofitserlar tarkibiga kiruvchi yoki darajali unvon berilishi ko‘zda tutilgan lavozimlarga tayinlanadi;
davlat grantlari asosida o‘qishni tamomlagan Akademiya bakalavriatining bitiruvchilariga vakolatli davlat organlarida kamida uch yil ishlab berish (xizmatni o‘tash) majburiyati yuklanadi;
Akademiyaning tergov faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha magistraturasiga kunduzgi shaklda o‘qishga qabul qilingan vakolatli davlat organlari xodimlari, shuningdek, boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha magistraturaning kunduzgi shakliga o‘qishga qabul qilingan prokuratura organlari xodimlarini o‘qitish bepul asosda amalga oshiriladi hamda ularning egallab turgan lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi o‘qish davri mobaynida saqlab qolinadi.
6. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
o‘qish yakunlari bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan vakolatli davlat organlari xodimlari Akademiyaning tergov faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha magistraturasini tugatishi bilan, qoida tariqasida, ilgari egallab turgan lavozimiga nisbatan yuqori lavozimga tayinlanadi;
Akademiyada o‘qish davri vakolatli davlat organlari xodimlari uchun pensiyaga chiqish, unvon (daraja) olish va ko‘p yillik xizmatini hisoblash huquqini beruvchi umumiy xizmat (harbiy xizmat) stajiga o‘qishning bir yili xizmat (harbiy xizmat)ning bir yiliga tenglashtirilgan holda kiritiladi.
7. Vakolatli davlat organlari xodimlari uchun Akademiyada quyidagi o‘quv dasturlari bo‘yicha kasbiy qayta tayyorlash va malaka oshirishning majburiy tartibi joriy qilinsin:
birinchi marotaba vakolatli davlat organlariga xizmatga qabul qilinib, surishtiruvchi yoki tergovchi lavozimlariga tayinlangan hamda prokuratura organlariga ilk bor xizmatga qabul qilingan xodimlar uchun – davomiyligi 576 soatdan kam bo‘lmagan majburiy birlamchi ixtisoslashuv shaklida kasbiy qayta tayyorlash kurslari;
prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash maqsadida zaxirada turgan kadrlar uchun – davomiyligi 576 soatdan
kam bo‘lmagan rahbar kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash kurslari;
surishtiruvchi yoki tergovchi lavozimlariga tayinlash maqsadida vakolatli davlat organlari xodimlari uchun – davomiyligi 288 soatdan kam bo‘lmagan kasbiy qayta tayyorlash kurslari;
vakolatli davlat organlarining surishtiruv va tergov tuzilmalari xodimlari, shuningdek, prokuratura organlari barcha bo‘g‘inlari xodimlari uchun (har uch yilda kamida bir marotaba) – davomiyligi 144 soatdan kam bo‘lmagan malaka oshirish kurslari.
Belgilab qo‘yilsinki:
Akademiyaning kasbiy qayta tayyorlash kurslariga qabul qilish vakolatli davlat organlari rahbarlari tavsiyasiga ko‘ra amalga oshiriladi;
mazkur bandning ikkinchi va to‘rtinchi xatboshilarida belgilangan kurslarni tergovchi (surishtiruvchi) lavozimlariga tayinlangan hamda ilk bor prokuratura organlariga xizmatga qabul qilingan xodimlar ular lavozimga tayinlangan kundan e’tiboran olti oydan kechiktirmasdan o‘taydi. Ushbu kurslarni o‘tash bo‘yicha talab bakalavriatni Akademiyada bitirganlarga yoki Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining “Tergov faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha bitiruvchilariga nisbatan tatbiq etilmaydi;
qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimiga kiruvchi kurslarda o‘qiyotgan vakolatli davlat organlari xodimlarining egallab turgan lavozimlari bo‘yicha belgilangan tartib va miqdorda mehnatga haq to‘lash fondi to‘lovlari (pul ta’minoti) saqlab qolinadi.
8. Quyidagilar:
Jinoyatlarni tergov qilish sohasida kadrlarni uzluksiz o‘qitish yagona tizimining tuzilmaviy-mantiqiy sxemasi 2-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. Quyidagi huquqlar berilsin:
a) Vasiylik kengashiga – vakolatli davlat organlarining ehtiyojlarini inobatga olgan holda Akademiyaning tergov faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriati va magistraturasiga qabul parametrlarini oshirish yuzasidan takliflar kiritish;
b) Bosh prokurorga:
tergov faoliyati yo‘nalishidan tashqari mutaxassisliklar bo‘yicha Akademiyada o‘quv jarayonini ta’limning kechki, sirtqi va masofaviy shakllari asosida tashkil etish;
Akademiya tuzilmasiga xodimlarning umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish hamda to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish va pullik xizmatlardan tushgan mablag‘lar hisobidan qo‘shimcha shtatlar joriy etish;
Akademiya uchun belgilangan qabul parametrlaridan tashqari tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qo‘shimcha qabul kvotalarini belgilash;
v) Akademiyaga:
vakolatli davlat organlarining ehtiyojlarini inobatga olgan holda, bakalavriat va magistraturada o‘qish mutaxassisliklari va yo‘nalishlari bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejalari va dasturlarini mustaqil ravishda ishlab chiqish va tasdiqlash;
ilmiy, ta’lim, noshirlik, matbaa va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish bo‘yicha pullik xizmatlar ko‘rsatish;
Akademiya faoliyatiga mutaxassislarni (konsultant, ma’ruzachi, o‘qituvchi va boshqalar) soatbay va uzoq muddatli ishlash shartlarida jalb etish hamda ularga mehnat bozorining amaldagi kon’yunkturasini hisobga olgan holda to‘lov-kontrakt asosida byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan tegishli to‘lovlarni belgilash;
g) Akademiya boshlig‘iga:
Akademiya Kengashi tavsiyasiga ko‘ra byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan bakalavriatning iqtidorli talabalariga qo‘shimcha individual stipendiyalar ajratish;
yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan, kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish borasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum va bitimlar tuzish;
xalqaro hamkorlik va ikki tomonlama shartnomalar doirasida xorijiy davlatlarning vakolatli organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini tashkil etish.
10. Akademiya faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining mablag‘lari;
Akademiyada to‘lov-kontrakt shaklida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;
pullik xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek, vaqtincha bo‘sh turgan byudjetdan tashqari mablag‘larni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish orqali daromad olishdan tushadigan mablag‘lar;
Vasiylik kengashi tarkibiga kiruvchi davlat organlari tomonidan ajratiladigan byudjetdan tashqari mablag‘lar;
milliy va xalqaro grantlar, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Akademiyaga olti dona xizmat yengil avtotransport vositasi (shu jumladan, 5 ta shaxsiy biriktirilgan) hamda ikkita avtobusni saqlash uchun limit belgilansin.
11. Belgilab qo‘yilsinki:
Ixtisoslashtirilgan filialning amaldagi o‘quv dasturlari bo‘yicha o‘qitish ular yakunlanguniga qadar ilgari belgilangan tartibda Akademiyada davom ettiriladi, tinglovchilarga nisbatan ilgari o‘rnatilgan imtiyoz va majburiyatlar saqlab qolinadi hamda bitiruvchilarga tegishli mutaxassislik bo‘yicha diplom beriladi;
Akademiyaning qo‘shma ta’lim dasturlarini hamda qo‘shma fakultetlarini tugatgandan so‘ng o‘qishni davom ettirgan shaxslarga berilgan xorijiy ta’lim tashkilotlarining belgilangan shakldagi diplomlari (bakalavriat, magistratura) qo‘shimcha ma’muriy tartib-taomillarsiz oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadi;
Akademiya magistraturasini tamomlaganlik to‘g‘risidagi diplom harbiy xizmat (xizmat)ni o‘tashda Qurolli Kuchlar Akademiyasining ikki yillik magistratura dasturini, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining ikkinchi darajadagi magistraturasini tamomlaganlik to‘g‘risidagi diplomlarga tenglashtiriladi;
Akademiyada to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatlari har yili Vasiylik kengashi tomonidan belgilanadi;
tugatilayotgan Ixtisoslashtirilgan filial xodimlari qonunchilikda belgilangan tartibda tuziladigan muddatli mehnat shartnomasiga asosan Akademiyadagi mavjud shtat birliklari va mehnatga haq to‘lash miqdorlari doirasida ishga qabul qilinadi;
Akademiyani byudjet mablag‘lari hisobidan saqlash bilan bog‘liq xarajatlar 2022-yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan Bosh prokuratura va Adliya vazirligiga ajratilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtiriladi, 2023-yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
12. Toshkent shahar hokimligi (J.A.Ortiqxo‘jayev):
Bosh prokuratura bilan birgalikda 2023/2024 o‘quv yili yakuniga qadar Akademiyaning o‘quv-ma’muriy korpusini to‘laqonli tashkil etish va foydalanishga topshirish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rsin;
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda Akademiya kampusini bunyod etish bo‘yicha qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlanguniga qadar tugatilayotgan Ixtisoslashtirilgan filial talabalarining Akademiyada o‘quv jarayonini tashkil etish maqsadida boshqa ta’lim muassasalaridan bepul asosda bino, yotoqxona va auditoriya xonalari vaqtincha ajratilishini ta’minlasin.
13. Ichki ishlar vazirligi (P.R.Bobojonov) 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab:
Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida “Tergov faoliyati” yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriatga qabulni to‘xtatib, ushbu sohadagi o‘quv-uslubiy va axborot-resurs bazalarini bosqichma-bosqich Akademiyaga o‘tkazsin;
“Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat o‘quv dasturiga yillik qabul kvotani ko‘paytirish choralarini ko‘rsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi –Spichrayteri X.M.Sultanov Bosh prokuratura (N.T.Yo‘ldoshev), Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi (M.M.Xodjimatov) bilan birgalikda ikki oy muddatda prokuratura organlari xodimlarining umumiy dunyoqarashi, siyosiy ongi, ma’naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularda vatanparvarlik, kasbiga nisbatan sadoqat va yuqori mas’uliyat hislarini oshirish choralarini nazarda tutuvchi ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasini tasdiqlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin.
15. Bosh prokuratura (N.T.Yo‘ldoshev) uch oy muddatda:
Ixtisoslashtirilgan filialni tugatishga mas’ul bo‘lgan Adliya vazirligi bilan birgalikda tegishli bino-inshootlar, shtat birliklari, o‘quv-uslubiy va axborot-resurs baza, moddiy-texnika va boshqa mol-mulklarini mazkur Farmonga muvofiq topshirish-qabul qilish bo‘yicha tashkiliy choralarni ko‘rsin;
Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda ochiq, har tomonlama va xolis tanlov mezon va mexanizmlarini qamrab olgan Akademiyada oliy ta’lim hamda oliy ta’limdan keyingi ta’limga qabul qilish va o‘qitishning alohida tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda belgilangan tartibda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni kiritsin.
16. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Bosh prokuratura bilan birgalikda Akademiyaning zamonaviy kampusiga zarur bo‘lgan bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlari uchun tegishli mablag‘lar ajratish bo‘yicha takliflarni 2023–2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlariga kiritsin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
18. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019- yil 7- fevraldagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–4166-son qarori 5-bandining birinchi – beshinchi, yettinchi – sakkizinchi xatboshilari, 6-bandining birinchi – beshinchi xatboshilari hamda 9-bandining birinchi, uchinchi, to‘rtinchi, oltinchi xatboshilaridan tashqari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
19. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh prokuror N.T.Yo‘ldoshev belgilansin.
Mazkur Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari D.B.Kadirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2022-yil 28-noyabr
Manba: O'zA