O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
C.A.T. Science Accelerator 4.0 ilmiy startaplar akseleratorining Demo kuni o'tkazildi
2022-11-29 | Fan
Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg'or texnologiyalar markazida C.A.T. Science Accelerator 4.0 ilmiy startaplar akseleratorining Demo kuni o'tkazildi.
Tadbirni Innovatsion rivojlanish vazir o'rinbosari Shaxlo Turdiqulova ochib berdi. Akselerator 4 yildan beri o'tkazib kelinadi. Tadbirda 13 ta startap o'z loyihalarini taqdim etdi. Har bir jamoaga taqdimot uchun 5 daqiqa va hay'at a'zolarining savollariga javob berish uchun 5 daqiqa vaqt berildi. Shuningdek jamoalarning aksariyati o'z ishlanmalarining prototiplarini ham taqdim etdi. An'anaga ko'ra sovrinlar ikki nominatsiya bo'yicha topshirildi:
hakamlar hay'atining versiyasi bo'yicha eng yaxshi loyihalar;
akselerator mentorlari va akseleratsiya platformasining versiyasi bo'yicha eng yaxshi loyihalar.
Hakamlar tanlagan eng yaxshi loyihalar:
Eko Bubble — kir yuvish kukunini organik komponentlardan ishlab chiqarish
Lucky Step: Diabetic Shoes — diabetik oyoq kaftiga ega bemorlar uchun tabiiy materiallardan tayyorlangan ortopedik poyabzal
Doc-Soap — shifobaxsh xususiyatlarga ega sovunni ishlab chiqarish.
Yuqoridagi g'olib loyihalarning g'ar biri 100 mln so'mdan pul mablag'ini oladi.
Akselerator mentorlari tanlagan eng yaxshi loyihalar:
Lucky Step: Diabetic Shoes — diabetik oyoq kaftiga ega bemorlar uchun tabiiy materiallardan tayyorlangan ortopedik poyabzal
Star&Coch — koxlear implantlar, eshitish va nutq qobiliyati buzilgan bolalar uchun dasturiy ta'minotni ishlab chiqish
Tile MosaiC — qayta ishlangan plastikdan plitkalar ishlab chiqarish
Qayd etib o'tamiz, har bir finalchi-loyiha Innovatsion rivojlanish vazirligining startaplar uchun grantlar tanloviga ariza berishni rejalashtirmoqda. Bitiruvchilarimizga omad tilaymiz!
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi