O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston - SAP: investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish yo‘lida

2022-11-28 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 28-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih bilan videokonferensaloqa orqali uchrashuv o‘tkazdi.

Yig‘ilishda Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil avgust oyida Saudiya Arabistoni Podshohligiga tashrifi chog‘ida imzolangan investitsiyaviy bitimlarni amalga oshirishning joriy holati va uni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Muzokaralarda ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Tomonlar ko‘p qirrali ikki tomonlama munosabatlar kun tartibini ko‘rib chiqib, mavjud ijobiy dinamika ikki davlat rahbariyati o‘rtasidagi ishonchli munosabatlarga asoslanganligini ta’kidladilar. Shu nuqtai nazardan erishilgan kelishuvlarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida hamkorlikni faollashtirishga tayyorlik bildirildi.

Energetika sohasida sarmoyaviy hamkorlikning amaliy jihatlari muhokama qilindi. Hozirda ACWA Power kompaniyasi umumiy qiymati 4 milliard dollardan ortiq va quvvati 4,1 GVt dan ortiq bo‘lgan 5 ta loyihani amalga oshirmoqda. Loyihalarni joriy etishni jadallashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrish, shuningdek, qayta tiklanadigan va vodorod energetikasini rivojlantirishni oʻz ichiga olgan 10 milliard dollarlik yangi investitsiya dasturini ishlab chiqishni maromiga yetkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.

1 milliard 310 million dollarlik MTP texnologiyasi asosida metanoldan propilen ishlab chiqarishni tashkil etishni nazarda tutgan holda kimyo tarmog‘ida investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlarning borishi ko‘rib chiqildi. Joriy yilning dekabr oyida loyihaning texnik va texnologik parametrlarini ishlab chiqishni jadallashtirish maqsadida Saudiya Arabistoni kompaniyalari delegatsiyasining tashrif buyurishi rejalashtirildi.

Tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi ishlar ham xuddi shunday konstruktiv ruhda muhokama qilindi. Tomonlar Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 5 ta shifoxonani rekonstruksiya qilish, Al-Habib tibbiyot akademiyasini tashkil etish va farmatsevtika ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yish haqida fikr almashdilar. Saudiya tomoni barcha tayyorgarlik jarayonlarini amalga oshirish va loyiha hujjatlarini shakllantirishni tezlashtirish maqsadida mutaxassislar guruhini yuborishga tayyorligini bildirdi.

Muloqot chog‘ida qishloq xo‘jaligi sohasidagi loyihalarni birgalikda amalga oshirish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. Iqlim sharoiti va tuproq sifatini o‘rganish bo‘yicha chora-tadbirlar kelishib olindi. Tahlil natijalariga koʻra, Navoiy va Toshkent viloyatlarida 1,8 ming gektardan ortiq maydonda “Al Rajhi International” va “Ajlan & Bros” kompaniyalari mutaxassislari tomonidan ilgʻor tajriba va texnologiyalardan foydalangan holda ishlar boshlab yuboriladi.

Tomonlar Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamg‘armasi bilan O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi o‘rtasida qo‘shma investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish to‘g‘risida Bitim tuzish, shuningdek, Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamg‘armasi ko‘magida O‘zbekistonda Indexga asoslangan aktsiyadorlik jamg‘armasini tashkil etish istiqbollarini muhokama qildilar.

Afg‘onistonda mintaqaviy ahamiyatga ega infratuzilmaviy loyihalarni, jumladan, O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘l liniyasi va Surxon-Puli-Xumri elektr tarmog‘ini qurishni amalga oshirishga Saudiya Arabistoni sarmoyalarini jalb qilish imkoniyatlari alohida ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar muhokama qilingan barcha loyihalarni o‘z vaqtida hayotga tatbiq etish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga sodiqligini bildirdilar.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться