O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
MOMIH vazirlar konferensiyasi: Yashil, barqaror va inklyuziv rivojlanish uchun hamkorlik
2022-11-24 | Iqtisodiyot
Shu yilning 24-noyabr kuni videokonferensiya tarzida Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik (MOMIH) dasturining 21-Vazirlar konferensiyasi boʻlib oʻtdi.
Konferensiyani Xitoy moliya vaziri Lyu Kun va Osiyo taraqqiyot banki Prezidenti Masatsugu Asakava qutlov so‘zlari bilan ochib berdi.
Konferensiyada Ozarbayjon Respublikasi, Gruziya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, XXR, Moʻgʻuliston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston delegatsiyalari ishtirok etdi.
Dasturiy hujjatlar muhokamasida, shuningdek, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi yuqori darajadagi delegatlar qatnashdi.
O‘rta va uzoq muddatli istiqbolda o‘sishning yangi nuqtalari va mintaqaviy rivojlanish drayverlaridan foydalanishga asoslangan mintaqada iqtisodiy hamkorlikning yangi modelini shakllantirish dolzarbligi qayd etildi.
Konferensiya davomida "MOMIHning 2023-2025 yillarga mo'ljallangan pandemiyadan keyingi yashil, barqaror va inklyuziv tiklanish Rejasi", "MOMIH mintaqasida qishloq xo'jaligini rivojlantirish va oziq – ovqat xavfsizligi bo'yicha hamkorlikning hadli dasturi", "Yashil energiya Alyansi"ning konsepsiyasi va "Iqlim o'zgarishi bo'yicha loyihaoldi tadqiqot o'tkazish doirasida mintaqaviy hamkorlik va integratsiya" masalalari kelishildi.
Spikerlar MOMIH iqtisodiy va moliyaviy barqarorlikka erishish, savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish, infratuzilmaviy, transport va iqtisodiy o'zaro bog'liqlikni kengaytirish bo'yicha umumiy yondashuvlarni birgalikda ishlab chiqish platformasi sifatida yuqori salohiyatga ega ekanligi to'g'risida yakdil fikrlar bildirdilar.
Ma’lumot uchun: 2022-yilning yanvar-oktabr oylarida O‘zbekiston Respublikasi eksportining qariyb 36 foizi MOMIH dasturida ishtirok etuvchi davlatlar bozorlariga to‘g‘ri keldi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi