O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va Xorazm viloyati hokimi harbiy yig‘inda ishtirok etmoqda

2022-11-24 | Xavfsizlik sohasi

Davlatimiz rahbarining farmoyishiga muvofiq, “Nukus” umumqo‘shin poligonidagi yig‘inda ishtirok etayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda davlat tashkilotlari rahbarlari harbiycha hayotga ancha moslashib oldi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmatidan ma’lum qilinishicha,  shu yilning 21 noyabr kuni boshlangan yig‘inning ikkinchi kuni tongda badantarbiya mashqlari bilan davom etdi. Ikki kun ichida harbiycha hayotga ancha ko‘nikib qolgan rahbarlar bilan o‘quv mashg‘ulotlari qat’iy intizom va rejaga muvofiq olib borilmoqda.

Nonushtadan so‘ng ishtirokchilar bilan saf tayyorgarligi mashg‘uloti o‘tkazilib, unda tajribali harbiy xizmatchilar tomonidan saf va uning elementlari, yurish-turish, saf nizomiga asosan qurolsiz harakatlanish qonun-qoidalari amalda ko‘rsatilib, mashqlar o‘tkazildi.

Yig‘inda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Qahraman Sariyev hamda Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov ham ishtirok etmoqda.

Tushlikkacha yig‘in qatnashchilari uchun poligondagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida dunyo va mintaqamizda hukm surayotgan harbiy-siyosiy vaziyat, harbiy xizmatni tashkil etishning qonuniy asoslari, mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida olib borilayotgan islohotlar samarasi, safarbarlik asoslari hamda qo‘shinlarda jangovar tayyorgarlikni tashkil etishning o‘ziga xos xususiyatlari bo‘yicha harbiy okrug vakillari tomonidan leksiyalar taqdim etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish, ular bilan ma’naviy-ma’rifiy, madaniy va boshqa tadbirlarni tashkil etish asoslari tushuntirib berildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati yoshlari o‘rtasida “Bir o‘qituvchiga – bir nomzod” tamoyili asosida respublika oliy harbiy ta’lim muassasalariga nomzodlarni saralash va tayyorlash tizimining samaradorligi,  erishilgan natijalar yetkazildi.

Tushlikdan so‘ng yig‘in ishtirokchilari bilan jangovar, aloqa va taktik tibbiy tayyorgarlik bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.

O‘qotar qurollarni noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish, o‘qdonlarni o‘q-dori bilan to‘ldirish, qurolni o‘q otishga tayyorlash, mo‘ljalga olish hamda taktik harakatlar bilan jangovar juftlikda belgilandan to‘siqlardan o‘tib, pozitsiyani egallash bo‘yicha o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda ishtirokchilar katta ishtiyoq bilan qatnashdi.

Harbiy sohada qo‘shinlar boshqaruvini tashkil etish va hamkorlikni ta’minlashda aloqaning o‘rni muhim. Yig‘in davomida harbiy sohada qo‘llaniladigan aloqa vositalari, turlari, aloqa va bo‘linmalar boshqaruvini tashkil etish ham ko‘rgazmali tarzda namoyish etildi.

Jang maydonida yaralangan safdoshini pana joyga olib o‘tish, o‘ziga yoki o‘zgalarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha harbiy-tibbiyot mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan mashqlar ishtirokchilarda zarur ko‘nikmalar shakllanishiga xizmat qildi.

Arqon tortish, tosh ko‘tarish, pichoq uloqtirish bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvlar qoraqalpog‘istonlik va xorazmlik hamkasblarning kuchini sinab, sog‘lom raqobat ostida musobaqalashishga imkon yaratdi. Musobaqalar yakuni bo‘yicha do‘stlik g‘alaba qozondi.

Yig‘inning ikkinchi kunini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan konsert dasturi barchaga xushkayfiyat ulashib, yakunlab berdi.

Yig‘in shu yilning 25 noyabr kuniga qadar davom etadi. Ishtirokchilarni  oldinda ko‘p mashg‘ulotlar kutmoqda.

Manba: O'zA

Поделиться