O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Ipak yo‘lida turizm” 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi
2022-11-23 | Turizm
Bugun, 23-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi binosida “Ipak yo‘lida turizm” 2022 Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi “Milliy PR markazi” direktori Dilfuza Samandarova, “THE SAYS LOT” kompaniyasi ijrochi Bosh direktori Rustam Munasipov, “Mangold Consulting GmbH” konsalting kompaniyasi direktori Mangold Klaus, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari va boshqa rasmiylar ishtirok etdi.
“TXTY-2022 1995-yildan buyon har yili BMT Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) ko‘magida o‘tkazib kelinayotgan sayyohlik tadbiridir. Ko‘rgazma har yili butun dunyodan turizm sanoatining yuzlab mutaxassislarini o‘zida jamlab, ushbu sohani xalqaro miqyosda rivojlantirish uchun sharoit yaratib bermoqda, – ta’kidlab o‘tdi A. Abduhakimov. Shuningdek, vazir o‘z nutqida “TXTY-2022 ko‘rgazmasida ko‘plab xorijiy davlatlar ishtirok etishi kutilmoqda. Ular orasida Yaponiya va Fransiya kabi yangi a’zo-davlatlar ham bor”, – deya ta’kidladi.
Matbuot anjumanida “Milliy PR-markazi” direktori jurnalistlarga o‘tgan yillardagi yarmarkalar bilan bu yilgi yarmarkaning dasturi va formatidagi tafovutlar haqida ma’lumot berdi:
Joriy yilda TXTY-2022 maydonchasida mahalliy aholidan, shuningdek, MDH va Yevropadan 20 ming nafargacha tashrif buyuruvchi ishtirok etishi kutilmoqda. Yarmarkaga tashrif buyuruvchilar va ishtirokchilar yangi sayyohlik yo‘nalishlari bilan tanishish, xorijiy mamlakatlarning rang-barang muhiti, madaniyati va an’analariga sho‘ng‘ish uchun noyob imkoniyatga ega bo‘ladilar. Shuningdek, O‘zbekistonning barcha hududlaridagi yangi manzillarning turizm salohiyatini baholash imkoniyati bo‘ladi.
O‘zbekiston butun dunyo bilan aloqa o‘rnatish uchun xalqaro maydonga aylanib bormoqda va TXTY-2022 buning yaqqol isbotidir. Ta’kidlash joizki, bu holat mamlakat Rahbariyati tomonidan turizmning faol qo‘llab-quvvatlayotgani bilan bog‘liq. 2022-yil 19-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ichki va kirish turizmi salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tegishli boshqarmalar ishtirokidagi mazkur yig‘ilishda hududlarda turizmning holati tahlil qilindi hamda ulkan imkoniyatlar namoyish etilib, ulardan foydalanish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
“Bu qaytishning o‘ziga xosligi shundaki, biz bu yil tarixda birinchi marta byudjet mablag‘larini jalb qilmasdan, ushbu yarmarkani davlat-xususiy sheriklik ko‘rinishida o‘tkazmoqdamiz, – ta’kidlab o‘tdi “Milliy PR-markazi” direktori.
TXTY-2022 forumiga turizm sohasidagi taniqli mutaxassislar taklif etilgan. Ular orasida: O‘zbekiston sayyohlik brendi elchilari, “BBC World News”, “Lonely Planet”, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya turizm tashkilotlari uyushmalari vakillari, PR mutaxassislari va boshqalar bor. Shu bilan birga, joriy yilda turli mamlakatlarning xususiy kompaniyalari vakillari orasida ko‘plab B2B uchrashuvlari rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun:
30-noyabrdan 2-dekabrga qadar Toshkent shahrida “Ipak yo‘lida turizm” 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi bo‘lib o‘tadi. Yarmarka tashkilotchilari - O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, “Milliy PR-markazi” DUK, SAYS” ko‘rgazma kompaniyasi nomidan “THE SAYS LOT” MCHJ.
TXTY-2022 bosh hamkori - “Uzbekistan Airways” AJ aviakompaniyasi, premium-hamkor - Orient Finance Bank, gastronomik hamkor - Coca-Cola Ichimligi O‘zbekiston, LTD”. Yarmarka o‘tkaziladigan joy sifatida an’anaga ko‘ra “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar majmuasi pavilyoni tanlandi.
Har kim www.titf.uz saytida onlayn ro‘yxatdan o‘tish orqali TXTY-2022 mehmoni bo‘lishi va tadbirga tashrif buyurish qoidalari bilan tanishishi mumkin.
Manba: uzbekistan.travel