O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda "Uzbekistan Trade Info" savdo axboroti platformasi ishga tushirildi
2022-11-23 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 23-noyabr kuni Tashkent Citydagi Hilton mehmonxonasida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, UNCTAD/JST xalqaro savdo markazi (XSM) hamkorligida ishlab chiqilgan va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Ready4Trade Central Asia” loyihasi doirasida savdo qilish tartibi toʻgʻrisida batafsil axborot beruvchi Uzbekistan Trade Info platformasini ishga tushirish boʻyicha tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirni investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari Badriddin Abidov ochib berdi.
U oʻz nutqida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining biznesni qoʻllab-quvvatlash va savdoni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni ta'minlash, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va jahon bozorlari bilan savdo aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan izchil sa'y-harakatlari muhimligini ta'kidladi.
Tadbir davomida Uzbekistan Trade Info axborot platformasining rasmiy taqdimoti hamda uni ishga tushurish marosimi boʻlib oʻtdi. Shuningdek, ushbu platformaning Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning xalqaro bozorlarga chiqish uchun ochib berayotgan imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uzbekistan Trade Info onlayn-vosita transchegaraviy savdo bilan bogʻliq ma'lumotlarga bepul va doimiy kirishni ta'minlashga, tadbirkorlar uchun vaqt va xarajatlarni qisqartirish va savdoni tartibga solishga, shuningdek savdo jarayonidagi toʻsiqlarni olib tashlashga yordam beradi.
Platformadagi ma’lumotlarning yangilanishini ta’minlash uchun u jamoa tomonidan davlat organlari va xususiy sektor bilan birgalikda ishlab chiqilmoqda.
Platforma Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan 4 yillik “Ready4Trade – Markaziy Osiyo” loyihasi doirasida ishga tushirildi. Savdo aloqalarini kengaytirishga qaratilgan mintaqaviy loyiha Markaziy Osiyoning Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston kabi beshta davlatida mintaqalararo va xalqaro savdoni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlaydi.
Bosqichma-bosqich savdo axborot platformasi “Uzbekistan Trade Info” transchegaraviy savdoni osonlashtirish, mavjud milliy onlayn xizmatlarni toʻldirish va Oʻzbekiston xususiy sektoriga xalqaro savdoning barcha imkoniyatlaridan foydalanishda yordam berishning samarali vositasi boʻladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi