O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Senatning oʻttiz beshinchi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish masalasi koʻrib chiqildi
2022-11-21 | Iqtisodiyot
2022-yilning 18–19-noyabr kunlari Senatning oʻttiz beshinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni koʻrib chiqildi.
Mazkur Qonun bilan “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi va “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonunlarga ham oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-avgustdagi PQ–5210-son qarori bilan auditorlarni sertifikatlash tizimini takomillashtirish va Moliya vazirligining auditorlarni sertifikatlashtirish bilan bogʻliq funksiyalari auditorlarning respublika jamoat birlashmalariga oʻtkazilishi bilan “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 13 ta moddasiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 3 ta moddasiga xalqaro tajriba va amaliyotdan kelib chiqqan holda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 46-moddasidan majburiy auditorlik tekshiruvdan oʻtkazish normasini chiqarib tashlash taklif etilmoqda.
Qonunni ishlab chiqishda ilgʻor xorijiy davlatlarning ijobiy tajribasi tahlil qilingan boʻlib, uning qabul qilinishi tadbirkorlik subyektlari faoliyatining huquqini kafolatlashga, ular faoliyatiga asossiz aralashuvga chek qoʻyishga hamda mamlakatimizda auditorlik xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishiga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Mоliya vаzirligi