O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Termiz innovatsion hududida Jeonbuk Technopark filialini ochish taklif etildi
2022-11-16 | Innovatsiya
Joriy yilning 16-noyabr kuni Innovatsion rivojlanish, Moliya vazirliklari, Chirchiq shahar hokimligi va "UzTest" vakillaridan iborat delegatsiya Jeonbuk texnoparkiga tashrif buyurdi.
Koreya tomondan muzokaralarda texnopark direktori Yang Gyun va uning o'rinbosari Moon Song Shik qatnashdi. Tomonlar "O'zbekiston uchun ekologik toza qishloq xo'jaligi texnikasi platformasini yaratish" loyihasi muhokamasini o'tkazdi.
Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi ijrochi direktori Bunyodjon Oxunov loyiha ikkala tomon uchun muhimligini ta'kidlab, kuni kecha loyihaning master plani bilan tanishgani va O'zbekiston tomon o'z fikrlarini bildirganini aytib o'tdi.
- 2016-yildan buyon Jeonbuk texnoparki O'zbekiston, efiopiya, Indoneziya kabi mamlakatlarga mo'ljallangan qishloq xo'jaligi mashinasozligi sohasida ODA loyihalarini ilgari surmoqda, - dedi Jeonbuk texnoparki direktori Yang Gyun.
Uchrashuvda O'zbekiston tomonidan ekologik toza (CNG) qishloq xo'jaligi texnikasini etkazib berishni qo'llab-quvvatlash loyihasi ilgari surilishi mamlakatimizda qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash hamda energetika mustaqilligiga ijobiy ta'sir ko'rsatishi kutilayotganligi ta'kidlandi.
Uchrashuv davomida Surxondaryo viloyat innovatsion rivojlanish hududiy boshqarmasi boshlig'i Sherxon Kichkilov Surxondaryo viloyatidagi Termiz innovatsion tumani haqida ma'lumot berib, unda sanoat, qishloq xo'jaligi, issiqxona xo'jaliklari, baliqchilik sanoati rivojlangan bo'lib, innovatsion strukturani amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar etarli ekanini ta'kidladi. Sh.Kichkilov Termiz innovatsion tumanida Jeonbuk texnoparkining filialini ochish yoki hamkorlikda texnopark tashkil etish taklifini ilgari surdi.
Jeonbuk texnoparki direktori Yang Gyun mazkur taklifni iliq kutib oldi va uni atroflicha o'rganib, ko'rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar Kelajakda Jeonbuk texnoparki O'zbekiston bilan uzluksiz almashinuv va hamkorlik orqali ODA dasturi bo'yicha yangi loyihalar hamda amalga oshirilayotgan loyihalarning yutuqlarini ilgari surishga umid bog'lashini bildirdi.
"O'zbekiston uchun ekologik toza qishloq xo'jaligi texnikasi platformasini yaratish" loyihasi doirasida mamlakat qishloq xo'jaligi texnikalari uchun ekologik toza siqilgan tabiiy gaz balon yoqilg'isiga o'tkazish hamda R&D-tadqiqot markazi faoliyatini yo'lga qo'yish ko'zda tutilgan.
‘O'zbekistonning ekologik toza qishloq xo'jaligi texnikasi platformasini yaratish" loyihasini amalga oshirish uchun Koreya tomonidan Jeonbuk Texnopark boshchiligida konsortsium tuzilib, uning tarkibi KOAMI, Agrosolution Korea, KITECH dan iborat. O'zbekiston tomonidan asosiy hamkor tashilotlar - Innovatsion rivojlanish vazirligi, "Uzavtosanoat" AK, Chirchiq shahar hokimiyati hisoblanadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi