Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida videokonferensaloqa orqali O'zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o'rtasida Erkin savdo to'g'risidagi Bitim yuzasidan kelishish jarayoni doirasida investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o'rinbosari Badriddin Abidov hamda Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligining erkin savdo shartnomalari masalalari bo'yicha Bosh direktori Yang Gi Uk boshchiligidagi muzokaralar guruhlarining navbatdagi uchrashuvi bo'lib o'tdi.
Uchrashuvda 2021-2022-yillarda bo'lib o'tgan bosh muzokarachilar o'rtasidagi muzokaralarining ikki bosqichi va ekspert guruhlarining to'rtta uchrashuvi yakunlariga asosan Bitim loyihasini kelishish jarayonida ikkala tomon ko'rayotgan sa'y-harakatlar samaradorligi ta'kidlandi.
Muzokaralar davomida tomonlar Erkin savdo to'g'risidagi bitimni tuzish bo'yicha keyingi qadamlarni muhokama qildilar, xususan, bozorlarni liberallashtirish darajasi va bitim tuzish formatini qayta ko'rib chiqish masalasi alohida ko'rib chiqildi.
Bundan tashqari, Koreya tomoni JSTga qo'shilishi jarayonida O'zbekistonning faol sa'y-harakatlari va muhim yutuqlarini olqishlab, mamlakatimiz ushbu Tashkilotga a'zo bo'lishi bo'yicha Ishchi guruhining 6-yig'ilishini o'tkazishda yordam berishga tayyorligini ta'kidladi.
Uchrashuv yakunida bozorlarni liberallashtirish darajasi va Erkin savdo bitimini tuzish formatini belgilash bilan bog'liq masalalarni hal etish bo'yicha ekspert guruhlari ishini faollashtirish to'g'risida kelishuvga erishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi