O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
ACWA Power O'zbekistonda o'z faoliyatini kengaytirmoqda
2022-11-15 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 15-noyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirinig o'rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayevning Saudiya Arabistoni ACWA Power kompaniyasi Boshqaruvi Raisi Muhammad Abunayan bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi.
Unda qo'shma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish va qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish sohasidagi investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, tomonlar Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi negizida quvvati 1500 MVt bo'lgan kombinatsiyalashgan tsiklli issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirilishini, shuningdek Buxoro viloyatida quvvati 500 MVt bo'lgan ikkita shamol elektr stansiyasini qurishga tayyorgarlik ko'rish jarayonini o'rganib chiqdilar. Rejalashtirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni jadallashtirish va barcha loyihalarni tezroq ishga tushirish bo'yicha aniq amaliy chora-tadbirlar ko'rish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Kompaniya tomonidan O'zbekistonda yangi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutgan holda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko'rib chiqildi. Shu nuqtai nazardan, Qoraqalpog'iston Respublikasida quvvati 1,5 GVt gacha bo'lgan shamol elektr stansiyalarini qurish bo'yicha yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish imkoniyatlari to'g'risida fikr almashildi.
Ushbu loyihalar O'zbekiston hukumatining 2030-yilga borib shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasini 30 GVt ga yetkazishga qaratilgan mamlakat energetika balansini diversifikatsiya qilish dasturining bir qismi ekanligi ta'kidlandi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, chiqarilayotgan uglerod chiqindilarini yiliga 1,6 million tonnaga kamaytirishi va shu bilan 2031-yilgacha mamlakatning energiya quvvatining 40 foizini qayta tiklanadigan energiyaga o'tkazish maqsadlariga hissa qo'shishi kutilmoqda.
Muzokaralar yakunida qo'shma loyihalarni jadal amalga oshirishga har tomonlama ko'maklashish va yangi kelishuvlar hamda tashabbuslarni ishlab chiqishga o'zaro intilish borligi bildirildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi