O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mehnat shartnomasini tuzish uchun asoslar yanada kengaymoqda
2022-11-11 | Jamiyat
Prezidentimiz tomonidan 2022-yil 28-oktabr kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi tasdiqlandi.
Farg‘onada Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi va mahalliy kengash deputatlari, tashkilot va boshqarmalar rahbarlari, soha mutaxassislari ishtirokida yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov, Farg‘ona viloyati hokimi X.Bozorov, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari B.Umrzoqov va boshqalar mamlakatimizda “inson qadri uchun” ezgu tamoyil hayotda o‘z o‘rnini topayotganini qayd etib, qonunchilikdagi yangilanishlar xususida so‘z yuritdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida barcha sohalar qatori mehnat munosabatlari tizimida ham sezilarli o‘zgarishlar bo‘ldi. Sohaga institutsional, tashkiliy-huquqiy, qonunchilik, norma ijodkorligi hamda xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli tizimli ishlar olib borildi.
Seminarda Mehnat kodeks loyihasini ishlab chiqish chog‘ida 10 dan ortiq xalqaro tashkilot, jumladan, Xalqaro mehnat tashkilotining qator konvensiyalari, 60 dan ziyod davlat tajribasi o‘rganilgani, Kodeks loyihasi Qonunchilik palatasida 1 yil davomida juda chuqur tahlil etilib, maromiga yetkazilgani qayd etildi. Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksidagi normalarning asosiy qismi hayotimizning barcha sohasida yuz berayotgan ulkan o‘zgarishlarga hamohang tarzda ishlab chiqilib, ularning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashini ta’minlashga jiddiy urg‘u berildi.
– Yangi tahrirda kuchga kiradigan kodeks hajmi amaldagiga nisbatan deyarli 3 barobar katta bo‘lib, 600 ga yaqin moddani o‘z ichiga olgan, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Inomjon Qudratov. – Unga bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqini himoya qilish, mehnat nizolarini ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi normalar qo‘shildi. Amaldagi Mehnat kodeksida muddatli mehnat shartnomasini tuzish uchun faqat 3 ta asos mavjud. Yangi Mehnat kodeksida esa 19 ta asoslar keltirilmoqda. Ushbu asoslarning kengayishi biznes yuritish hamda jadal sur’atlarda o‘zgaruvchan bozor sharoitlariga tezkor moslashish imkonini beradi. Shuningdek, amaldagi Kodeksda faqatgina xodimlarning mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilishlari bo‘yicha majburiyatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, yangi Kodeks bilan ish beruvchilarning ham tegishli majburiyatlari ko‘rsatilmoqda.
Yangi kodeksdagi normalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashida, hayotda samarali tatbiq etilishida mehnat bozori ishtirokchilari, ishchi-xodimlar, ish beruvchilar, ish izlovchilar hamda vakolatli tashkilot va idoralar mas’ullariga hujjatdagi moddalarning mazmun-mohiyatini sodda, aniq va to‘g‘ri tushuntirish muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur seminarda oddiy misollar yordamida Kodeksning muhim jihatlari, yangiliklari tushuntirib berildi.
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat)
Manba: O'zA