O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Janubiy Koreyaning rasmiy va ishbilarmon doira vakillari Sirdaryoda
2022-11-10 | Iqtisodiyot
Bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz tomonidan tashqi siyosat doirasida olib borilayotgan do‘stona munosabatlar O‘zbekiston va Janubiy Koreya davlatlari o‘rtasidagi aloqalarni yana-da mustahkamlab, savdo, investitsiyalar sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi.
Viloyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qilish borasidagi ishlarni yana-da jadallashtirish maqsadida joriy yilning 2-4 noyabr kunlari viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya xizmat safari bilan Janubiy Koreyada bo‘lib qaytgan edi.
Bugun esa Janubiy Koreya–O‘zbekiston biznes uyushmasi raisi o‘rinbosari va Koreyaning Pyontek shahri hokimi boshchiligidagi delegatsiya Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Mehmonlarni Sirdaryo tumanida viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev kutib oldi.
Tashrifdan maqsad o‘tgan hafta viloyat delegatsiyasining Koreyaga qilgan xizmat safari davomida Pyontek shahrida boshlangan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlash, viloyatdagi investitsiyaviy muhit bilan yaqindan tanishish va savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikning amaliy jihatlarini muhokama qilishdan iborat.
Delegatsiya aʼzolari dastlab "Sirdaryo universal oyna” hamda “Sirdaryo Glass” korxonalarida bo‘ldi va farmatsevtika, oziq-ovqat sanoatida foydalaniladigan shisha idishlar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.
Mazkur korxonaga sig‘imi 120 va 160 tonna bo‘lgan pechlar o‘rnatilgan bo‘lib, kuniga 800 ming dona shisha idishlar ishlab chiqariladi.
"Sirdaryo Mega Lux" korxonasida polipropilendan katta sig‘imli qop ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishildi.
“Yumshoq konteyner” deb ataluvchi qoplar 500 kilogrammdan 5000 kilogrammgacha yuk ko‘taradi. Ularga ishlab chiqarish, savdo, qishloq xo‘jaligi, logistika kabi ko‘plab sohalarda talab yuqori. Korxona yiliga 132 million dona shunday mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.
O‘tgan yili ikki qavatli plyonka tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Yaqinda esa strech plyonka ishlab chiqarish boshlandi.
Hozirda korxonada 2 mingdan ortiq kishi ish bilan taʼminlangan. Loyihalar to‘liq quvvatda ishga tushgach ish o‘rinlari 5 mingga yetadi.
Koreya delegatsiyasi, shuningdek, ikki kun davomida viloyatning ishlab chiqarish va investitsion salohiyati bilan yaqindan tanishib, mahalliy ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashuv hamda muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Manba: Sirdаryo vilоyati hоkimligi