O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Niderlandiyada O‘zbekistonning harbiy sanʼat tarixi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi eʼtirof etildi
2022-11-10 | Xavfsizlik sohasi
Maʼlumki, keyingi yillar davomida mamlakatimizda boshqa barcha sohalarda ro‘y berayotgani singari harbiy ilmni rivojlantirish borasida ham eʼtiborga molik islohotlar hayotga tadbiq etilayotir. Bunda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va o‘zaro tajriba almashish masalalarga katta ahmiyat berilmoqda.
Kecha O‘zbekiston Qurolli kuchlari Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar istituti hamda Niderlandiya harbiy tarix instituti o‘rtasida vidomuloqot tashkil etildi.
Tadbir davomida tomonlarning ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyati taqdimoti o‘tkazilgani barobarida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda tajriba almashishning istiqbolli yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi.
Niderlandiya harbiy tarix instituti direktori o‘rinbosari, ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘limining boshlig‘i Yan Xoffenaar tomonidan maʼlum qilinishicha, ushbu institut mamlakatning harbiy tarixini o‘rganishga ixtisoslashgan tadqiqot markazi hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu muassasa 2001-2021 yillarda NATO qo‘shinlari tarkibida jangovar faoliyat olib borgan Niderlandiya harbiy bo‘linmalarining Afg‘onistondagi ishtirokini tahlil etish bilan bog‘liq ishlarni olib bormoqda.
Niderlandiyalik tarixshunos O‘zbekiston harbiy sanʼat tarixini rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shganini qayd etar ekan, bu tarixni ilmiy jihatdan o‘rganish Niderlandiya tomoni uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi. “Biz bu yo‘nalishda o‘zaro hamkorlik qilishdan manfaatdormiz”, dedi u.
Uchrashuv yakunida har ikki tomondan harbiy ilm-fan va taʼlim sohasida o‘zaro manfaatli va mustahkam aloqalar o‘rnatishga hozirlik bildirilar ekan, mavjud imkoniyatlardan keng foydalangan holda muhokama qilingan takliflarni hayotga tadbiq etish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi