O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
UNFPA mintaqaviy direktori bilan uchrashuv to’g’risida
2022-11-07 | Siyosat
2022-yilning 5-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Erkin Xamrayev BMT Aholishunoslik jamg‘armasining (UNFPA) Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Florens Bauer bilan uchrashdi.
Suhbat avvalida E.Xamrayev F.Bauerni UNFPA mintaqaviy direktori lavozimiga tayinlangani bilan tabrikladi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va UNFPA o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Jamg‘arma delegatsiyasiga O‘zbekistonda jamiyat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan, Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq mos keladigan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berildi.
F.Bauer respublikada, xususan, gender tengligi, ayollar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi.
O‘zbekiston va BMT Aholi jamg‘armasi o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, aholishunoslik sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali aloqalarni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi