O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Iqtisodiy forum doirasida mamlakatimiz innovatsion ekotizimini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi
2022-11-04 | Iqtisodiyot
Innovatsion Rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Samarqand shahrida o'tkazilayotgan Iqtisodiy forum doirasida AQShning Whiteshield boshqaruv kengashi a'zosi va YuNESKOning sobiq Bosh direktori Irina Bokova hamda Whiteshield kompaniyasining ijrochi direktori Antonio Somma bilan uchrashuv o'tkazdi. Uchrashuv tomonlar uchun sermahsul va qizg'in ruhda davom etdi.
Whiteshield kompaniyasi Evropa, Osiyo, Afrika, va AQSh bo'ylab o'ndan ortiq vakolatxonalariga ega bo'lib, dunyoning etakchi xalqaro ekspertlar jamoasi bilan fan va innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlash strategiyalarini ishlab chiqish va amaliyotga targ'ib etish bo'yicha faoliyat yuritib kelmoqda.
Uchrashuv doirasida mamlakatimizda innovatsiya sohasida erishilgan yutuqlar va kelgusi besh yil davomida olg'a surilgan ulkan reja va maqsadlar ko'rib chiqildi. Shuningdek, Global innovatsion indeksda Respublikamiz o'rnini yanada yuksaltirish strategiyasi bo'yicha takliflar ko'rib chiqildi. Whiteshield kompaniyasi tomonidan loyiha ishlab chiqishning 100 kunlik dasturi doirasida Global innovatsion indeksdagi eng asosiy 26 ta indikatorlarda mamlakatimizning o'rnini yaxshilash bo'yicha chora-tadbirlar rejasi taklif etildi. Uchrashuv yakunida mamlakatimizni innovatsion ekotizimini yanada takomillashtirish bo'yicha uzoq muddatli hamkorlikni yo'lga qo'yishga kelishib olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi