O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Senat raisi Qirg‘iziston Jogorku keneshi rahbari bilan uchrashdi
2022-10-27 | Siyosat
Samarqandda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) ishtirokchi davlatlari Parlamentlararo assambleyasi sessiyasi davom etmoqda.
«Buyuk ipak yo‘li» xalqaro turizm majmuasidagi Kongress markazida bo‘lib o‘tayotgan sessiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva qator davlatlar parlamentlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Senati raisi Tanzila Norboyevaning Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi torag‘asi Nurlanbek Shakiyev bilan uchrashuvida ikki tomonlama hamkorlik va parlamentlararo hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
T.Norboyeva parlamentlararo hamkorlik, qonun ijodkorligining turli jihatlari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish muhimligini alohida ta’kidladi. Jumladan, parlament a’zolari ko‘magida, birinchi navbatda, ikki tomonlama kelishuvlarning huquqiy asoslarini ta’minlab, ularni yuqori darajada amalga oshirish doirasida yangi sezilarli natijalarga erishish zarur. Bu yo‘nalishda Oliy Majlis va Jogorku Kenesh o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiya muhim rol o‘ynashi kerak.
O‘z navbatida, N.Shakiyev O‘zbekiston Respublikasi bilan do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish Qirg‘iziston Respublikasi tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdi. O‘rnatilgan yaqin, ishonchli aloqalar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va muntazam muloqotlar sharofati bilan barcha darajalarda so‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda sezilarli ijobiy dinamika kuzatilayotganini ta’kidladi.
Uchrashuvda tomonlar chegaradosh hududlar deputatlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish, ikki tomonlama savdo hajmini yanada oshirish, shuningdek, madaniyat, ta’lim, fan va san’at sohalarida ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash muhimligiga e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida Parlamentlararo komissiyaning uchinchi majlisini 2023-yilning boshida O‘zbekistonda o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Manba: O'zA