O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

​Ayollarga ko'makdosh bo'lib...

2014-11-19 | Jamiyat

Poytaxtimizning Shayxontohur tumanida tashkil etilgan Ayollar maslahat markazi qisqa vaqtda mahallalarda istiqomat qiluvchi xotin-qizlarning yaqin maslakdoshiga, ko'makchisiga aylandi.

Ushbu markazga borganimizda "Shukronalik – farog'at manbai" mavzusida suhbat bo'layotgan ekan. Suhbat davomida shaxsning oila, farzandlar, ularning kelajagi, jamiyat, o'zi tug'ilib o'sgan yurt oldidagi burch va mas'uliyati sodda, samimiy misollar bilan tinglovchilarga tushuntirib berildi. Tinglovchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob olgach, ko'ngillari to'lib uylariga qaytishdi.

"Mahalla" xayriya jamoat fondining Shayxontohur tumani bo'limi huzurida tashkil etilgan mazkur markaz xotin-qizlar o'rtasidagi ma'naviy muhitni sog'lomlashtirish, tibbiy savodxonligini oshirish, ayollarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoyalashdek ezgu maqsadga xizmat qilmoqda. Ushbu muassasa faoliyatida uy bekalarining turmush tarzi, dunyoqarashini o'rganish, ularni turli ma'naviy tahdidlardan asrash asosiy o'rin egallaydi.

– Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xotin-qizlarni e'zozlash, ularga doimiy g'amxo'rlik va e'tibor ko'rsatish, oilalarni kuchli ijtimoiy himoyalash, barkamol avlodni voyaga yetkazish masalasiga davlatimiz siyosatining ustuvor yo'nalishi sifatida e'tibor qaratilmoqda, – deydi markaz rahbari Dilbarxon Ahmedova. – Markazimiz faoliyat boshlaganiga endi olti oy bo'ldi. Hududdagi ayollarning o'z huquqlarini to'laqonli anglashi, ma'naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirishiga hissa qo'shib kelmoqda.

Darhaqiqat, xotin-qizlarga turli hayotiy muammolarni yechishda yo'l-yo'riq ko'rsatish, ularni ma'naviy, psixologik, ijtimoiy qo'llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan ushbu markaz oilalarni mustahkamlash, aholi salomatligi va sog'lom turmush tarzini keng targ'ib etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Bu yerda haftaning har seshanba va payshanba kunlari jamiyatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning ahamiyati, xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash, oilalar farovonligini ta'minlash borasidagi ishlar, ayollarning huquqiy savodxonligini oshirishga oid sa'y-harakatlar, milliy-diniy qadriyatlarning mazmun-mohiyatini ochib beruvchi suhbatlar, seminar-treninglar o'tkaziladi. Bu mashg'ulotlarga yetakchi oliy o'quv yurtlarining professor-o'qituvchilari, psixologlar, huquqshunoslar, ulamolar keng jalb etilgani ahamiyatlidir.

Shu bilan birga, ushbu muassasada huquqshunos, psixolog va shifokor maslahati doimiy yo'lga qo'yilgani ayollarni o'ylantirayotgan masalalarni kompleks tarzda o'rganish va hal etishda alohida rol o'ynamoqda. Ushbu mashg'ulotlar, ma'ruzalar va davra suhbatlari, jonli muloqotlar ayollarni diniy ekstremizm, giyohvandlik, boshqa illatlardan asrash, ular odam savdosi qurboniga aylanishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mahallalarda jamoat tashkilotlari tomonidan keng yo'lga qo'yilgan "Oilalarga kirish" sektori faoliyati orqali oilalar, ulardagi ma'naviy muhit atroflicha o'rganilmoqda. Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari xodimlari, mahalla fuqarolar yig'inlari raislari, diniy ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo'yicha maslahatchilarga murojaat etgan ayollar ushbu maslahat markaziga tinglovchi sifatida yuborilmoqda.

– Inson ba'zan ruhiy ko'makka, zarur maslahatga muhtoj bo'lib qoladi, – deydi markaz psixologi Muazzam Rahmatullayeva. – Bizga murojaat qilayotgan fuqarolarning oilaviy holati, yashash sharoiti, ularni o'ylantirayotgan masalalar atroflicha o'rganiladi. Aksariyat hollarda oila psixologiyasi, qaynona-kelin o'rtasidagi munosabatlar, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, reproduktiv salomatlik yuzasidan bizga murojaat etayotgan ayollar, kelinlar ko'pchilikni tashkil etadi. Mashg'ulotlar jonli muloqot tarzida o'tkazilayotgani hayotiy masalalarni chuqurroq o'rganish va shunga yarasha yechimini topish imkonini bermoqda.

Bu yerda maslahatga muhtoj xotin-qizlarning istagiga ko'ra individual saboq olish imkoniyati yaratilgan.

Bandlikka ko'maklashish markazlari, ta'lim, sog'liqni saqlash muassasalari, tegishli idora va tashkilotlar bilan uzviy hamkorlikning yo'lga qo'yilgani bois ko'plab xotin-qizlar, kollej bitiruvchilarining ishga joylashishi, salomatligini tiklashi, oila mustahkamligini ta'minlash yuzasidan ham zarur maslahat va yordam ko'rsatilmoqda.

Markaz shifokori Dildora Dadaxo'jayevaning ta'kidlashicha, bu yerga murojaat qilayotgan ayollar ko'pincha depressiya, stress holatida bo'lgani uchun shifokor maslahati, zarur tavsiyalarining berilishi, qon bosimi, ruhiy holati doimiy nazoratga olinishi yo'lga qo'yilgan.

– Murakkab vaziyatda qolgandim, – deydi Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi H.Qosimova. – Markazdagi suhbatlarda ishtirok etib, o'zimni o'ylantirayotgan muammolarga yechim topdim, hayotda o'zim ilg'amagan, qadriga yetmagan jihatlar mavjudligini anglab yetdim. Bunda malakali mutaxassislar ishtirokidagi mashg'ulotlarning ahamiyati katta bo'ldi.

Markazda musiqiy-madaniy tadbirlar ham muntazam tashkil etilishi ayollarning ruhiyatiga musiqa san'ati orqali ta'sir o'tkazish, ularni ma'naviy rag'batlantirish, kayfiyatini yanada yaxshilashda muhim omil bo'layotir.

Bularning barchasi mamlakatimizda ijtimoiy holati, millati, e'tiqodi, dunyoqarashidan qat'iy nazar, barcha xotin-qizlar kuchli va ishonchli himoyada ekanining amaliy ifodasidir.

Поделиться