"Yangi O‘zbekiston" gazetasida Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamovaning dolzarb maqolasi e'lon qilindi.
Har bir davrning o‘z ruhi bo‘ladi. Bugungi zamon ruhi inson qadrini, o‘zaro hurmat va azaliy qadriyatlar falsafasini o‘zida mujassam etgan. E'tibor berib qarasak, yangi O‘zbekistonda xotin-qizlar yuksak e'zoz topib, oilalar farovonligi har tomonlama ta'minlanayotganini ko‘ramiz.
Biz bu haqda bejiz gap boshlamadik. Bugun dunyoning ko‘plab davlatlarida Xalqaro qishloq ayollari kuni keng nishonlanadi. Chunki BMT Bosh Assambleyasining 2007-yil 18-dekabrdagi rezolyusiyasiga asosan, 15-oktabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni, deb e'lon qilingan. Xalqaro hamjamiyat har yili mazkur sana arafasida butun jamiyat e'tiborini qishloq ayollarining muammolariga qaratadi. Xususan, ularning ta'lim olishi, mehnat qilishi, farovon turmush kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik va tazyiqdan himoyalash, gender tenglikni ta'minlashga da'vat etadi.
Mamlakatimizda ham ushbu sanani munosib nishonlash yaxshi an'anaga aylanib boryapti. Joriy yil Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan maxsus oylik e'lon qilinib, uning doirasida joylarda turli tadbirlar, uchrashuvlar, muloqotlar o‘tkazilmoqda.
Bu, albatta, bitta sana. Muhimi, yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning hayotiy ta'sirchan mexanizmi yaratildiki, uning samarasini birma-bir sanasak, bugun katta kitob bo‘ladi.
Yaqinda tog‘li qishloqda bo‘ldik. Buloqlardan hosil bo‘lgan soyning ikki qirg‘og‘ida joylashgan oddiy uylar sivilizasiya nafasini yashirib turadi. Shunday uylardan biriga kirib, yashash sharoiti bilan tanishdik. Kir mashina, muzlatkich, kondisioner, changyutgich, mini-pech, suyultirilgan gaz bilan to‘la ballon, xullas bir ro‘zg‘or uchun nima kerak bo‘lsa, bari muhayyo. Mana yangi O‘zbekistonda xotin-qizlar siyosatiga, xususan, qishloq ayollariga qaratilayotgan e'tibor mahsuli.
Shunda Prezidentimizning 2017-yil aprel oyida Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida aytgan bir gapini esladim. Davlatimiz rahbari zamonaviy changyutgichlar ishlab chiqaradigan “Coven Elektro” mas'uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lganida, oilalar maishiy texnikalar bilan ta'minlangani ayollar turmush darajasi asosiy ko‘rsatkichlaridan biri ekanini ta'kidlagan edi.
Bu, bir qarashda oddiy eshitiladi, lekin teran mulohaza bilan yondashsak, zamirida nihoyatda katta ma'no, ko‘p yillik orzu-istaklar mujassam ekanini sezish mumkin.
Bir tasavvur qilaylik, o‘sha yillardagi qishloq ayollarining orzu-umidlari qanaqa edi? Biz ham, avvalo, ayolmiz, onamiz, uyda farzandlar tarbiyasi, ro‘zg‘or ishlari bilan shug‘ullanamiz. Shu bois, xotin-qizlarning o‘y-fikrlari – o‘zimizniki. Xullas, bundan olti yil avval qishloq ayoli farzandini bog‘chaga yuborishni o‘ylamas, hatto orzu qilmas edi.
Bugun holat butunlay boshqacha. Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi 38-maqsadida maktabgacha ta'limdagi qamrovni hozirgi 67 foizdan kamida 80 foizga yetkazish maqsad qilingan. 2026 yilga kelib esa 6 yoshli bolalarni 100 foiz maktabgacha tayyorlov tizimiga jalb etish ko‘zlanmoqda.
Shu o‘rinda, olis qishloqlarda ham bog‘chalar ish boshlaganini alohida mamnuniyat bilan aytishimiz kerak. Bu yangi O‘zbekiston tarixiga katta oltin harflar bilan bitib qo‘yiladigan nihoyatda buyuk voqelik bo‘ldi. Negaki, shu paytgacha millat bolasiga bu qadar keng qamrov bilan e'tibor qaratilmagan.
Agar tarixga nazar solsak, aytaylik, Nurotaning Oqtov yonbag‘ridagi qishloqlarda hech qachon bog‘cha bo‘lmagan, bu haqda o‘ylanmagan ham. Bugun shu tog‘li qishloqlarda ham bog‘chalar ochilayotgani kimni quvontirmaydi, deysiz.
Yaqinda Oqtov bag‘ridagi qishloqlardan birida tug‘ilib, bugun Toshkentda ijod qilayotgan shoir tanishimiz bilan suhbatlashib qoldik. “Ota-onamdan hol-ahvol so‘ramoqchi bo‘lib telefon qilsam, kelinimiz oldi. Nevaralar katta bo‘layaptimi, desam, “kattasi maktabgacha tayyorlovga boryapti, kichigi bog‘chada”, desa bo‘ladimi. Hayron bo‘ldim, so‘ng hayratimni yashirolmadim: nima bizning qishloqda ham bog‘cha ochildimi?!”, deydi u.
Endi, bu yangilikning ijtimoiy ahamiyati haqida gapiradigan bo‘lsak, avvalo, qishloq ayolining ko‘ngli to‘q yashay boshlaganini tahlil qilsak yarashadi. Yangi islohotlar davrigacha qishloq ayollarining yuzida buyuk qayg‘u zohir edi. Ertaga farzandi kim bo‘ladi, qanday o‘qiydi, oliy ma'lumot oladimi yo‘qmi yoki shu changu g‘ubor ko‘chalar bilan qorishib yashaydimi? Shu kabi og‘riqli savollar ota-onalar yuragini ezib kelgan. Umidsiz kayfiyatda esa hafsalasiz tarbiya muhiti paydo bo‘ladi. Bu – millatni inqirozga yetaklovchi, qashshoqlikni keltirib chiqaruvchi omillardan biri.
Bugun boshqacha. Qishloq ayoli yuzida zo‘r umid uyg‘onganini, kelajakka ishonchi ortganini ko‘rasiz. Bu birgina maktabgacha ta'lim tizimining hayotbaxsh natijasi edi.
Aslida, o‘tgan besh-olti yilda xotin-qizlarning hayotini tubdan yaxshilash, ularning jamiyat hayotidagi ishtirokini ta'minlash borasida juda katta, misli ko‘rilmagan tarixiy islohotlar amalga oshirildi. Ayolni e'zozlash, og‘irini yengil qilish, hayot yo‘llarida hamisha tirgak bo‘lish umummilliy vazifaga, davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Xotin-qizlarning huquq va manfaatini muhofazalash, onalik-bolalikni asrash, ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, bandlikni ta'minlash, xotin-qizlar ta'lim olishi va o‘z iste'dodini namoyon etishi uchun zarur sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bunga misoldir.
Tabiiyki, yorug‘ kelajakni ko‘zlab amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlar qisqa muddatda o‘z samarasini namoyon etmoqda. Opa-singillarimizning jamiyatda faolligi tobora ortib borayotgani, gender tenglik borasida erishilayotgan natijalar bunga yaqqol misoldir.
Prezidentimizning 2022-1yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ezgu ishlar davomiyligini ta'minlash va yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Ayni paytda mazkur farmon ijrosini ta'minlash maqsadida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tizimli ish olib borilyapti.
Bu jarayonda, avvalo, sohadagi ishlarning huquqiy asoslari takomillashmoqda. Shu paytga qadar 10 ta qonunchilik hujjati qabul qilindi va ijroga qaratildi. Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida vazirlik va idoralar bilan hamkorlik memorandumlari va qo‘shma dasturlar imzolandi. Bu yo‘nalishda amaliy ishlar boshlab yuborildi. Bugungi kunga qadar mahalla xotin-qizlar faollari tomonidan fuqarobay olib borilgan o‘rganishlar natijasida 479 ming 496 muammo qayd tilib, ularning 318 ming 492 tasi hal etildi.
Xotin-qizlarning ta'lim olishi, iqtidorini ro‘yobga chiqarish maqsadida xotin-qizlar.uz platformasi yaratilib, ushbu tizim orqali ehtiyojmand oilalardagi ilmga intilgan xotin-qizlarning 35 ming 689 nafariga tavsiyanoma berildi. Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan, lekin oliy ma'lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlarni imtiyozli asosda davlat oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish maqsadida belgilangan mezonlar asosida 28 ming 664 nafari oliy o‘quv yurtida o‘qishga tavsiya etildi.
Baxti bekam, iqboli gulgun ayollar
Ilgari qishloq ayoli haqida gap ketganda, sahardan shomgacha dalada mehnat qilib kosasi oqarmagan, qo‘li qadoq jafokash insonni tasavvur qilardik. Yoki ro‘zg‘or yumushi bilan band bo‘lib, hatto o‘z sog‘lig‘i haqida qayg‘urishni ham unutgan, ozib-to‘zigan nochor ojiza qiyofasi ko‘z oldimizda gavdalanardi. Bugungi tasavvurlarimiz esa butunlay boshqacha. Avvalo, qishloq hududlarni obod qilish borasida amalga oshirilayotgan muhim chora-tadbirlar samarasida qishloq ayollari shahardan kam bo‘lmagan sharoitda yashash va mehnat qilish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Qishloq joylarda ham zamonaviy andozalar darajasida namunaviy uylar barpo etildi. Toza ichimlik suv tarmoqlari tortildi. Ilgari huda-behuda o‘chib qoladigan elektr energiyasi ta'minoti yil sayin yaxshilanyapti. Aholi zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatidan samarali foydalanmoqda. Internet tarmog‘i orqali dunyoning istalgan burchida ro‘y berayotgan yangiliklardan voqif bo‘lmoqda. Shu bilan birga, ta'lim olish, kasbi bo‘yicha malaka oshirish imkoniga ega. Qishloqlarda ham tadbirkorlikning turli yo‘nalishlari rivojlanmoqda. Ayniqsa, tomorqadan unumli foydalanib oila daromadini oshirish imkoniyati kengayayotir.
Chekka hududlarda yashayotgan xotin-qizlarni kasb-hunarga, tadbirkorlikka yo‘naltirish qo‘mitamiz faoliyatining ham muhim yo‘nalishidir. Bu borada joriy yilning o‘tgan davrida “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari”ning 159 filiali tashkil etildi. Bugungi kunga qadar ular tomonidan jami 75 ming xotin-qiz o‘qitildi. Markazlar faoliyatini tashkil etish uchun Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasi tomonidan 5,8 milliard so‘m moliyalashtirildi.
Aholi orasida tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni bartaraf etish borasidagi ishlar opa-singillarimiz hayotiga ham ma'no-mazmun olib kirdi. Bugungi kun ayollari davlatimiz tomonidan yaratilayotgan har bir imkoniyatdan oqilona foydalanib ro‘zg‘origa baraka olib kirishga intiladi. Bu jarayonda ularga mahallalarda faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari va xotin-qizlar faollari ham ko‘mak berib kelayotir.
Xususan, qo‘mitamiz va uning joylardagi tuzilmalari sa'y-harakati bilan xotin-qizlar bandligini ta'minlash borasida Bandlik markazlariga murojaat qilgan va uyma-uy yurish davomida aniqlangan 380 ming 236 ishsiz xotin-qiz ro‘yxatga olinib, aksariyatining bandligi ta'minlandi. Tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan 89 ming 782 xotin-qiz tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bugungi kunga qadar ular tomonidan 173 ming 165 yangi ish o‘rni yaratildi.
Qariyb 90 ming ayolga oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida jami 1 trillion 866 milliard so‘mdan ko‘proq imtiyozli, 85 ming 32 nafariga esa tijorat banklari mablag‘lari hisobidan 2 trillion so‘mdan oshiq kredit ajratildi.
Xotin-qizlar bandligini ta'minlashda Samarqand shahri misolida “Bir hunarmand ayolga – o‘nta shogird” loyihasi amalga oshirildi va uning natijalari asosida ushbu loyiha boshqa hududlarda ham joriy etildi. Loyiha doirasida hududlarda 30 ming 800 dan ziyod ishsiz xotin-qiz va 7941 hunarmand ayol aniqlanib, ularning 21 ming 601 nafari hunarmand ayollarga shogird sifatida biriktirildi hamda 5278 nafari o‘zini o‘zi band qilishga jalb etildi.
Oqila opa-singillarimizning hayoti farovonligini oshirishga oid bunday xayrli ishlarda davlat va nodavlat tashkilotlar qatori xalqaro tuzilmalar ham ko‘mak berayotgani quvonarli, albatta. BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ana shunday yaqin hamkorlarimizdan biri. Ular bilan hamkorlikda Mo‘ynoq, Bo‘zatov, Qo‘ng‘irot tumanlarida “Ayollar daftari”ga kiritilgan qizlarni tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi. Unda qatnashgan 250 xotin-qizdan 10 nafarining biznes rejasi moliyalashtirildi. Ayni paytda, ushbu jamg‘armaning 383 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘i hisobidan chegaraoldi hududlardagi qishloq ayollarining biznes loyihalari bosqichma-bosqich moliyalashtirilmoqda.
Salomatlik – bebaho boylik
Ayol qachon baxtli bo‘ladi, qachonki, o‘zi va farzandlari, yaqinlari sog‘-salomat bo‘lsa. Sog‘lom bo‘lishning esa omillari ko‘p. Ulardan eng muhimi malakali birlamchi tibbiy-profilaktika xizmatidan foydalanish imkoniyatidir. Prezidentimiz tomonidan belgilangan birlamchi tibbiy xizmatni aholiga yaqinlashtirish va ular tarmog‘ini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosi doirasida 2022-yilda 105 ta oilaviy shifokor punkti va 31 ta oilaviy poliklinika, shuningdek, 1002 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etilishi belgilangan edi. Joriy yilning o‘tgan 9 oyida bu yo‘nalishda 81 ta oilaviy shifokorlik punkti, 25 ta oilaviy poliklinika, 1002 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etildi. Natijada 3,5 million aholiga birlamchi tibbiy xizmat yaqinlashtirildi.
Yil yakunigacha hududlarda yana 30 ta oilaviy poliklinika, 298 ta mahalla tibbiyot punkti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Buning natijasida qo‘shimcha 700 ming aholiga birlamchi tibbiy xizmat yaqinlashtiriladi.
O‘z navbatida, qo‘mitamiz tizimida ham bu yo‘nalishda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Xonadonlarda sog‘lom turmush tarziga rioya etilishi bo‘yicha “Xonadon gigienasini baholash” elektron platformasi yaratildi. 2 million ayol onkoskrining tekshiruvidan o‘tkazildi va kasallik aniqlanganlar sog‘lomlashtirishga jalb qilindi. Oilalarimiz farishtasi bo‘lgan mehribon buvijonlarimiz salomatligi muhofazasi ham e'tibordan chetda qolmayapti. Jumladan, hozirgacha qariyb 650 ming onaxon chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, 12 ming 178 nafarining sanatoriylarda davolanishi tashkil etildi, 7989 nafariga reabilitasiya vositalari taqdim etildi.
Aholining ehtiyojmand qismi ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish maqsadida 208 ta tuman (shahar)da 17 ta vazirlik va idoralar mas'ullaridan iborat tarkibda Mahallalarda ijtimoiy xizmatlarni joriy qilish shtablari tashkil etildi. Farg‘ona viloyati misolida mahallada ijtimoiy xizmatlarni yaxlit tizimini yaratish maqsadida “Oila balansi” namunasi yaratildi.
Xotin-qizlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish borasida mahallalarda 9200 ta sport to‘garagi tashkil qilindi. Bunda stol tennisi, badminton, basketbol, shaxmat-shashka to‘garaklarini yo‘lga qo‘yish uchun jami 7,3 million so‘mdan ziyod subsidiya mablag‘lari ajratildi. Shuningdek, xotin-qizlar o‘rtasida, mehnat jamoalarida sport festivallari o‘tkazildi.
“Ayollar daftari”ning imkoniyatlari
Prezidentimizning har bir islohoti zamirida, avvalo, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib sharoit yaratish, muammolarini hal etish g‘oyasi mujassam. Davlatimiz rahbari odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun barcha sharoitlarni yaratish bosh maqsadimiz ekanini bot-bot ta'kidlaydi. Islohotlar butun xalqimizga, barcha ayollarimizga yetib borishi va yaratilgan imkoniyatlardan qishloq ayoli ham, shahar ayoli ham birdek bahramand bo‘lishi lozimligi ko‘p bor uqtiriladi.
Qishloq ayolining hayot tarzini yuksaltirish borasida BMT Global kun tartibining 2030 yilgacha bo‘lgan davr uchun belgilagan Barqaror rivojlanish maqsadlarida e'tibor qaratilgan va bu yo‘nalishda o‘zimizning milliy maqsad va vazifalarimiz aks etgan hujjatlar ham talaygina. Shuningdek, hozirda qishloq joylarida oilalarga sharoit yaratish, cheka joylarda infratuzilma va maishiy hayot tarzini yuqori saviyada bo‘lishini ta'minlash borasida alohida dasturlar, moliyalashtirilgan loyihalar yo‘naltirilmoqda.
Shahar va qishloqdagi maishiy hayot tarzi o‘rtasidagi tafovutni kamaytirish borasidagi islohotlarni jadallashtirishda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari, “Ayollar daftari” kabi ijtimoiy loyihalar ham o‘z samarasini beryapti. Buning natijasida qishloq ayolining maishiy hayot tarzi shahar ayolining hayotidan kam bo‘lmasligini ta'minlashga zamin yaratmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Qolaversa, “Ayollar daftari” yuritilishi, avvalo, hech bir ayolning e'tibordan chetda emasligiga isbot. “Ayollar daftari”da eng avvalo, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar manfaati birlamchi hisoblanadi. Shu bois, daftarga kiritilganlarning katta qismi qishloq ayollari ulushiga to‘g‘ri keladi. Ular uchun bo‘sh ish o‘rinlari yaratishda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash, noan'anaviy ekinlar yetishtirish, tomorqa yerlardan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish, issiqxonalar tashkil etish, chorvachilikni rivojlantirish yo‘nalishlaridan foydalanish nazarda tutilgan.
“Ayollar daftari” vositasida ijtimoiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor bo‘lgan ishsiz ayollarga yordam ko‘rsatiladi. Bu tizim har bir fuqaro uchun shaxsiy istaklarini davlat va hokimiyat tuzilmalariga o‘z ovozi bilan aytish imkoniyati hisoblanadi.
“Ayollar daftari” boquvchisini yo‘qotgan, zimmasiga oilani boqish va tirikchilik yuki tushgan, farzandlariga ham otalik, ham onalik mehrini berayotgan, xo‘jalik yuritishning og‘ir mas'uliyati ostida ezilgan, surunkali kasallik bilan og‘rigan ayollarimiz, opa-singillarimizning og‘ir yukini yengillashtirmoqda.
Daftarga ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar ehtiyojidan kelib chiqib kiritiladi. Hozirda respublikamiz bo‘yicha “Ayollar daftari”dagi 644 ming 849 xotin-qizdan 598 ming 794 nafariga turli yordam ko‘rsatildi. Xususan, 207 mingdan ziyod xotin-qiz ishga joylashtirildi, 38 ming nafariga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun imtiyozli kredit ajratildi, 160 mingdan ko‘prog‘iga bir martalik moddiy yordam berildi. Shundan 3742 ayolning uy-joyi ta'mirlandi. 1- va 2-guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlardan 115 ming 937 nafariga moddiy va tibbiy yordam ko‘rsatildi. Ehtiyojmand xotin-qizlarning 2 ming 170 nafari uy-joy bilan ta'minlandi, 6 ming 100 nafariga ijara kompensasiyasi to‘lab berildi. Tomorqadan unumli foydalanish uchun ham amaliy va moddiy yordam ko‘rsatilyapti.
Gender tenglik – farovonlik asosi
Gender tenglikni ta'minlash barqaror rivojlanishga erishishning muhim shartidir. Shu bois, so‘nggi yillarda jamiyatda bu masalaga e'tibor kuchaydi. Sohada ishlarni tashkil etishning huquqiy va tashkiliy asoslari takomilashtirilmoqda. Bu vazifalarni amalga oshirish qo‘mitamiz faoliyatining ham muhim yo‘nalishi. Shu maqsadda izchil ish olib borilmoqda. Jumladan, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini keng targ‘ib qilish uchun gender masalalari bo‘yicha 140 trener hamda 28 ta targ‘ibot guruhi shakllantirildi.
“Gender-madad” elektron huquqiy maslahat platformasi hamda uning mobil ilovasi ishga tushirildi. Ularga “Ayollar huquqiy himoyasi”, “Gender tenglik”, “Ayollarga imtiyozlar”, “Oilaviy munosabatlar” va “Oilaviy zo‘ravonlik” kabi huquqiy mavzularga oid ma'lumotlar bazasi joylashtirildi hamda huquqiy maslahatlarni onlayn chat orqali berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Maqsadimiz – illatning ildizini qirqish
Bugungi kunda hayotimiz farishtasi bo‘lmish opa-singillarimiz baxtli va to‘kis hayot kechirishi uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoitlarni yaratish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shubhasiz, bu ishlarning samarasi hayotimizda doimo bo‘y ko‘rsatib turadi. Opa-singillarimizning baxtli hayoti, shodon chehrasi, ulkan manzillarni ko‘zlagan gulgun nigohlari buning nishonasi. Biroq ahyon-ahyonda bo‘lsa-da, bu shodumonlikka soya soladigan holatlar ham uchrab turadi. Oilada, jamiyatda ayolga nisbatan ro‘y berayotgan zo‘ravonlik, tahdid buning isboti.
Bunday holatlar qonunlarimizga ham, milliy qadriyatlarimizga ham, mentalitetimizga ham butunlay ziddir. Shu bois, shunday holatlar ro‘y bersa, jamoatchiligimiz orasida jiddiy aks-sado beradi.
O‘z navbatida, bu illatga qarshi kurashish davlatimiz siyosatining muhim yo‘nalishiga aylangan. Milliy tajriba va xalqaro andozalar asosida qonuniy asoslar yaratilib, amaliy ishlar olib borilyapti. Jumladan, qo‘mitamiz faoliyatida ham bu muammoga qarshi kurashish muhim yo‘nalish hisoblanadi. Joriy yilda shu maqsadda hamkor vazirliklar bilan birgalikda umumta'lim maktablarida huquqiy madaniyatni yoshlikdan shakllantirish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv dasturi, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar bilan ishlashga oid o‘quv materiallari ishlab chiqildi.
Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka murosasizlik munosabatini shakllantirish, huquqiy nigilizmga barham berish va fuqarolarning qonunga itoatkorlik hissini kuchaytirish maqsadida mahallalar va tashkilotlarda qator tadbirlar o‘tkazildi. Chekka hududlardagi mahallalarda istiqomat qiluvchi ayollarga ijtimoiy reabilitasiya qilish xizmatini kengaytirish maqsadida 28 ta hududiy va namunali tumanlararo markazlar qoshida 181 ta “Ijtimoiy maslahatxona”lar tashkil etildi. Ushbu markazlar orqali 5000 dan ziyod xotin-qizga maslahat va tavsiyalar berildi.
Jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan va ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanayotgan xotin-qizlar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish maqsadida ish olib borilyapti. Mahallalarda xotin-qizlar va ularning yaqin qarindoshlari o‘rtasida olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 249 ming 993 migrant xotin-qiz o‘z uyiga qaytarildi. Maqsad – ayollar va oila taqdiriga soya solayotgan salbiy illatlar oldini olish, oilalarda tinchlik, totuvlik muhitini yaratish. Bu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom etadi.
Xulosa
So‘zimizni Xalqaro qishloq ayollari kuni bilan bog‘liq sana haqidagi ma'lumotlar bilan boshlagan edik. Darhaqiqat, qishloq ayollari kuni xalqaro miqyosda nishonlanishi zamirida ham o‘ziga xos ma'no bor. Zero, qishloq ayolining mehnati shahar ayolinikiga nisbatan biroz mashaqqatli. Hatto rivojlangan davlatlarda ham qishloq ayollari uy ishlaridan ortib dalada, tomorqasida, nisbatan og‘irroq ishlarda mehnat qiladi, farzandlarini mehnatga o‘rgatadi. Qishloq ayolining, ta'bir joiz bo‘lsa, maosh to‘lanmaydigan “ishlari” ko‘p. Shuningdek, qishloqlarda ishsizlik, gender tengligiga amal qilmaslik, infratuzilma yetarlicha rivojlanmagani kabi muammolarga nisbatan ko‘proq duch kelinadi. Shunday ekan, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini to‘la ro‘yobga chiqarish uchun, avvalo, qishloqlarda yashayotgan ayollarning hayotini yanada yengillashtirish, muammolariga yechim topish, orzu-umidlari ro‘yobga chiqishiga ko‘maklashish jamiyat oldidagi muhim vazifa bo‘lib qolaveradi.
Tabiiiyki, bu masala mamlakatimiz uchun ham muhim. Chunki, yurtimiz aholisining qariyb yarmi qishloqlarda istiqomat qiladi. Shu bois, qishloq aholisi turmush farovonligini oshirishga oid ishlar yildan yilga takomillashib boradi.
Bir so‘z bilan aytganda, dunyoda xotin-qizlar siyosatini olib borish yo‘lida “O‘zbekiston tajribasi” bo‘y ko‘rsatdi. Qiyosi yo‘q bu tizim davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Adolat va kuchli ijtimoiy siyosat xotin-qizlarimizga chinakam baxtli yashashi uchun keng imkoniyatlar yaratdi.