O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha Xalqaro olimpiada boshlandi

2022-10-17 | Madaniyat

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlikda O‘zbek tili va adabiyoti fanidan xalqaro olimpiada tashkil etildi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda va xalqaro miqyosda o‘zbek tilining nufuzi tobora yuksalmoqda. O‘zbek tilining jamiyatimizda keng qo‘llanilishi bilan bir qatorda xorijlik fuqarolar tomonidan o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqish ortib bormoqda.  

bugungi kunda dunyoning 60 dan ortiq universitetlari va markazlarida o‘zbek tili kurslari faoliyat olib bormoqda. Ushbu markazlarni o‘zbekistonlik professor-o‘qituvchilar tomonidan yaratilgan o‘zbek tilini o‘rganishga oid adabiyotlar bilan ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan.  

Prezidentimizning 2021-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yanada yangi bosqichga olib chiqmoqda.  

Mazkur farmon bilan tasdiqlangan  “2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020-2022 yillarda amalga oshirish dasturi” ijrosini ta’minlashga katta  e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish, fan va ta’limdagi hamkorlikni kuchaytirish orqali chet ellik yoshlarning o‘zbek tiliga bo‘lgan qiziqishini oshirish va ularni qo‘llab-quvvatlash  maqsadida talabalar o‘rtasida O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha Xalqaro fan olimpiadasini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.   

Olimpiadada xorijiy va mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan chet davlat fuqarosi bo‘lgan (millati o‘zbek bo‘lmagan) bakalavr bosqichi talabalari ishtirok etmoqda.   

Olimpiada har yili o‘tkazilishi belgilangan. Bu yilgi Xalqaro olimpiadaga 10 ga yaqin davlatdan 45 nafar chet ellik talabgorlardan arizalar kelib tushganligi quvonarli. Jumladan, Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Tojikiston, Yaponiyadagi oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan va o‘zbek tilini o‘rganayotgan talabalar ishtirok etmoqda.   

Ularning  bilim, ko‘nikma va malakalari Hakamlar hay’ati tomonidan baholanadi. Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Hakamlar hay’atiga o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha chet ellik tajribali mutaxassislar jalb qilingan. Xususan, Azizulloh Arol (AQSH), Shafiqa Yorqin (Shvetsiya), Husayn Kaba (Turkiya), Almaz Ulvi Binnatova (Ozarbayjon), To‘rali Qidir (Qozog‘iston), Darya Jigulskaya (Rossiya). Shuningdek, o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha o‘zbekistonlik yetakchi olimlar ham hay’at tarkibida ishtirok etmoqda.   

Xalqaro fan olimpiadasini o‘tkazishga Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti mas’ul bo‘lib, barcha tayyorgarlik ishlari olib borildi.   

– O‘zbek tilining jozibadorligi, sofligi, rang-barangligini saqlash burchimizdir, – dedi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri maslahatchisi Odinaxon Jamoliddinova. – Bunda yoshlarni kitobga kengroq jalb etish, davlat tili bo‘lmish ona tilimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga da’vat etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek tilini o‘qitish sifatini takomillashtirish borasida qator ishlar olib borilmoqda. Sir emaski, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarning o‘zbek tilini buzib ishlatayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Shunday holatlarning oldini olishda, yoshlarda o‘zbek tiliga hurmat tuyg‘ularini shakllantirishda turli ijodiy tanlovlar, onlayn musobaqalar, bilimlar bellashuvlari, viktorinalarni tizimli tashkil etishga ahamiyat qaratilmoqda.  

 O‘zbek tili va adabiyoti fanidan Xalqaro olimpiada ikki kun davom etadi.  

Nazokat Usmonova

Manba: O'zA

Поделиться