O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qishloq hududlarida ayollarning rasmiy bandligini taʼminlash - jiddiy masala
2022-10-15 | Jamiyat
Poytaxtimizda “15-oktabr—Xalqaro qishloq ayollari kuni” munosabati bilan “Qishloq hududlarida ayollar tadbirkorligini rivojlantirish istiqbollari va aholining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashdagi ishtiroki” mavzusida xalqaro forum oʻtkazildi.
Tadbirda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, ayniqsa, chekka qishloqlarda istiqomat qilayotgan ayollar turmush sharoitini yaxshilash, ularning muammolariga hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga eʼtibor qaratish, qishloq joylarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish uchun yaratilgan imkoniyat va shart-sharoitlar borasida soʻz bordi.
Forum ishida Oliy Majlis Senati Raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etdi.
Jumladan, Senat Raisi ishtirokchilar eʼtiborini xotin-qizlarning bandlik masalasiga qaratib, qishloq hududlarida ayollarimiz orasida norasmiy sektorda band boʻlganlar koʻpchilikni tashkil etayotgani, ularning rasmiy bandligini taʼminlash jiddiy masala ekanini, bu oʻz oʻrnida ularning munosib haq olishi, ishonchli ijtimoiy himoyasi va pensiya taʼminotini yanada yaxshilashga xizmat qilishini alohida qayd etdi.
T.Narbayeva hududlarda yashaydigan qizlarimizning oliy maʼlumotga egaligiga darajasiga toʻxtalib, “hozirgi kunda respublika oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan xotin-qizlarning soni 365 ming nafarni yoki, jami talabalar soniga nisbatan 47 foizni tashkil etayotgani yomon koʻrsatkich emasligi, ammo buni yanada yaxshilash, ayniqsa ilmiy darajaga ega boʻlgan xotin-qizlar sonini oshirishga erishish lozim”, – deya taʼkidladi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari qishloq hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishida, xususan, agrar sohada mamlakatimiz eksport salohiyati va sanoatini yuksaltirishda xotin-qizlarning roli, qishloq ayollarining sogʻligʻini mustahkamlash, onalik va bolalik muhofazasi va ijtimoiy himoyasiga oid amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalarni muhokama qildilar.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati
Manba: «Yangi O"zbekiston»