Xalqaro va mahalliy ekspertlar O‘zbekistonda elektr energiyasining ulgurji raqobatbardosh bozorini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar
Bugun, 14-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligida “Elektr energiyasi bozoriga o‘tish bo‘yicha xalqaro tajriba va O‘zbekistonda elektr energetikasi bozoriga o‘tishning istiqbollari” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Moliya vazirligi, Strategik islohotlar agentligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, manfaatdor vazirlik va idoralar, energetika sohasi korxonalari hamda boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida bugungi kundagi natijalar va hukumat tomonidan mamlakatimiz elektr energetikasini yana-da modernizatsiya va isloh qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar hamda rejalar muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning kirish so‘zida taʼkidlanganidek, so‘nggi bir necha yil ichida mamlakatimiz energetika sohasini isloh qilish bo‘yicha ko‘plab yutuqlarga erishildi. Shu bilan bir qatorda yana bir muhim masalaga alohida eʼtibor berish kerakki, bozor munosabatlariga o‘tish va raqobatbardosh energiya bozorini yaratish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinishi lozimligi taʼkidlandi.
Tadbirda Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi yekspertlari ishtirok etdi. Ikkala tashkilot ham Jahon banki guruhiga aʼzo bo‘lib, hukumatga mamlakat energetika sohasini modernizatsiya va isloh qilishda moliyaviy va maslahat yordamini taqdim etadi.
Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli va Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha Global energetika amaliyoti menejeri Sudeshna Gosh Banerji xonim Jahon banki Energetika vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, xususiy investorlar hamda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda O‘zbekistonda elektr energiyasining ulgurji bozorini rivojlantirishda moliyaviy va maslahat yordamini ko‘rsatish bo‘yicha aniq reja va vazifalarni amalga oshirish uchun tizimli ishlar olib borilishini taʼkidladi.
Maʼlumot uchun: Hozirda Jahon banki ko‘magida Hukumat energetika sohasida umumiy qiymati qariyb 1,2 milliard AQSH dollari bo‘lgan qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Ularning maqsadi – elektr energetikasi infratuzilmasini modernizatsiya qilish, sanoat korxonalari va jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirish, shaharlarda yana-da samarali isitish va issiq suv xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, xususiy investorlar ishtirokida qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasini rivojlantirishdan iborat.
Tadbir davomida tinglovchilarga Turkiya, Armaniston, Lotin Amerika davlatlari va Sharqiy Yevropada elektr energiyasining ulgurji bozorini rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalar taqdim etildi. Xususan, ushbu davlatlarda Jahon banki guruhi energetika sohasi islohotlarini ishlab chiqish va uni modernizatsiya qilish uchun xususiy investitsiyalarni jalb qilishda muhim rol o‘ynagani taʼkidlandi.
Shuningdek, yig‘ilish ishtirokchilariga O‘zbekistonda elektr energiyasining raqobatbardosh bozoriga o‘tish bo‘yicha, jumladan, ushbu sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilish uchun zarur institutsional va qonunchilik sharoitlarini yaratish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” loyihasi taqdim etildi.
O‘zbekiston sharoitida xalqaro ekspertlar elektr energiyasi bozori transformatsiyasini jadallashtirish, mustaqil xususiy operatorlar tomonidan elektr energiyasini uzatish va taqsimlash imkoniyatlarini kengaytirish muhimligini, shuningdek, energetika korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish va modernizatsiya qilish zarurligini, butun mamlakat bo‘ylab yakuniy isteʼmolchilarni, jumladan, uy xo‘jaliklari, korxonalar va xususiy sektorni barqaror va uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qila oladigan kompaniyalarga aylantirish kerakligini taʼkidladilar.
Tadbir so‘ngida Jahon bankining tegishli sohaviy islohotlarni amalga oshirishga ko‘maklashish qatʼiyati yana bir bor tasdiqlandi. Ikki tomonlama hamkorlik yuqorida qayd etilgan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishni yakunlashga ham qaratiladi. Uda elektr energetikasi sohasining samarali faoliyat yuritishi uchun qonunchilik, institutsional va tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirishga ko‘maklashish, eskirgan infratuzilma obyektlarini yangilash hisobiga elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish, shuningdek, ushbu sohaga xususiy investitsiyalarni keng jalb etish va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida elektr energiyasini ishlab chiqarish va uzatish sohasida hamkorlikni rivojlantirishni yana-da qo‘llab-quvvatlashga eʼtibor qaratiladi.
Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi