2012-yildan beri har yilning 11-oktabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Xalqaro qizlar kuni etib belgilangan.
Undan ko‘zlangan maqsad – turli mamlakatlarda qizlarning kamsitilishi muammosiga jahon hamjamiyati e'tiborini jalb qilishdan iborat. Qizlarning ta'lim olishi, ijtimoiy va siyosiy huquqlardan, tibbiy xizmatdan foydalanishiga imkon berish uchun dunyo ahlining sa'y-harakatlarini birlashtirish ham bu sananing mohiyatini tashkil etadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda qizlarimizning salomatligini mustahkamlash, ularning to‘laqonli ta'lim olishlari, o‘zlari qiziqqan kasb-hunarga ega bo‘lishlari, qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishlari, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Xususan, sog‘liqni saqlash sohasida qizlarni bolalikdanoq sog‘lom o‘sishlarini ta'minlash, ularning tibbiy savodxonligini oshirish borasida izchil choralar ko‘rilmoqda.
Ta'lim sohasida ham qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e'tibor berilmoqda. Xususan, joriy yilda ular uchun oliy o‘quv yurtlarida maxsus qo‘shimcha qabul kvotalari joriy etildi. Bilimga intilgan yoshlar, shu jumladan qizlarga oliy ma'lumot olish imkonini berish maqsadida 2019/2020 o‘quv yilida 59 ta oliy o‘quv yurtida sirtqi kurslar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu ayniqsa qishloq qizlari va ayollari uchun juda muhim imkoniyat bo‘ldi.
Shuningdek, qizlarimizni erta turmush bilan bog‘liq muammolardan asrash maqsadida nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun teng – 18 yosh deb belgilandi. Umuman, O‘zbekistonda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilib, bu yo‘nalishdagi muntazam monitoring olib borilmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi