O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
UNESCOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Buxorodagi madaniy meros obyektlarini ko’zdan kechirdi
2022-10-10 | Madaniyat
7-oktabr kuni UNESCOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi Bosh vazir oʻrinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov bilan Buxorodagi madaniy meros obyektlarini ko’zdan kechirdi.
Jumladan, ular Buxoroning tarixiy qismidagi “Ark” qalʼasi, Masjidi Kalon, “Abdulazizxon” va “Ulugʻbek” madrasalari, “Nodir Devonbegi” madrasasi, “Xoʻja Kalon” masjidi va “Xoʻja Kalon” hovuzi kabi madaniy meros obyektlarida olib borilayotgan taʼmirlash-tiklash, restavratsiya ishlari bilan tanishishdi.
Shuningdek, Buxoro shahar, Gʻijduvon koʻchasida joylashgan “Metric Ventures” (Hyatt Regency), “International Hotel Services” (Whyndham), “Tinchlik”, “Olmachi Tur Servis” masʼuliyati cheklangan jamiyatlariga qarashli mehmonxonalarga loyihalarining qurilish jarayonlarini koʻzdan kechirishdi.
Aziz Abduhakimov Buxoroning tarixiy qismida joylashgan madaniy meros obyektlari, shuningdek Kogon tumanida joylashgan Amir Olimxon saroyi restavratsiyasi, uning taʼmirlanishiga doir mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berdi.
Bundan tashqari, mas’ullarga Buxoroda tashkil qilinishi kutilayotgan “Turizm shaharchasi” boʻyicha takliflar tayyorlanishi boʻyicha topshiriqlar berildi.
Buxorodagi Turizm va madaniy meros texnikumi ham e’tibordan chetda qolmadi. Ayni damda bu yerda qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Taʼmirlash ishlarini noyabr oyiga qadar tugallanish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Ta’kidlash lozimki, tashrif davomida Buxorodagi Kogon tumanidagi “Bahouddin Naqshband” majmuasi, Buxoro shahrining tarixiy qismidagi “Ismoil Somoniy” va “Chashmai Ayub” maqbaralari hamda boshqa qadamjolarga borish ham rejalashtirilgan.
Qayd etish joizki, Vazirlar Mahkamasining shunga doir “2022–2026-yillarda Buxoro viloyatida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi ham e’lon qilingan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi