O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston-Vengriya: o‘zaro manfaatli hamkorlik ko‘lamini kengaytirish yo‘lida

2022-10-04 | Siyosat

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Vengriyada bo‘lib turibdi.

Vengriya - O‘zbekistonning strategik sherigi. Ushbu tashrif joriy yilda 30 yilligi nishonlanadigan ikki tomonlama hamkorlik tarixida yangi bosqichni boshlashi kutilmoqda.

Zamonaviy bosqichda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda. Bunga so‘nggi yillarda o‘rnatilgan oliy darajadagi siyosiy muloqotlar ko‘maklashmoqda. Ma’lumki, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil oktabr oyida Boku shahrida (Ozarbayjon) bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining yig‘ilishida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashgan edi.

2021-yil 29-30 mart kunlari Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgan va uning yakunlari bo‘yicha 10 dan ortiq ikki tomonlama hujjatlar imzolangan edi.

Ekspertlarning baholashlaricha, Toshkentda o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston-Vengriya sammiti o‘z ahamiyati va muvaffaqiyatli natijalari bilan tarixiy voqea hisoblanadi. Ikki davlat rahbarlarining muzokaralari to‘la qamrovli davlatlararo muloqotni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi. Strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya imzolandi. Shu tariqa Vengriya Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston bilan hamkorlikni siyosiy jihatdan eng yuqori darajaga olib chiqqan birinchi mamlakati bo‘ldi.

Vengriya Bosh vazirining O‘zbekistonga buyurgan tashrifi chog‘ida unga 30 dan ortiq yirik milliy kompaniyalar vakillari hamrohlik qildi. Ular Qo‘shma ishbilarmonlik kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi, ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi. 

Erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama munosabatlarga yangi turtki berdi. Muhim bitimlar mintaqalararo hamkorlik, yadro energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasida kadrlar tayyorlash, innovatsion rivojlanish, irrigatsiya va suv xo‘jaligi sohasida hamkorlik masalalaridagi rejalarni belgilab berdi.

Shuningdek, ikki davlat yetakchilari muntazam ravishda telefon orqali muloqot o‘tkazishlari asnosida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning borishi, kooperatsiya loyihalarining hayotga tadbiq etilishi  masalalari muhokama qilinmoqda, shuningdek, dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan o‘zaro fikr almashilmoqda.

Oliy darajadagi aloqalar sezilarli darajada faollashdi, parlamentlararo rishtalar izchil rivojlanmoqda. Ikki mamlakat vakillik organlarida Do‘stlik guruhlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida konstruktiv hamkorlik tobora rivojlanmoqda. Bugungi kunga qadar vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarning to‘rt davrasi bo‘lib o‘tdi. 2016 yildan buyon Toshkentda Vengriya elchixonasi faoliyat yuritib kelmoqda, mamlakatimizning Venadagi diplomatiya missiyasi bir vaqtning o‘zida O‘zbekistonning Vengriyadagi manfaatlarini ifoda etmoqda.

Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyarto O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurdi, mamlakatimizda davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilindi, muhim ikki tomonlama va ko‘p tomonlama tadbirlarda ishtirok etdi.

Joriy yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi doirasida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov va Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyarto o‘rtasida  uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Vengriya rahbarlarining o‘zaro tashriflari yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish bo‘yicha tomonlarning mushtarak sodiqligi tasdiqlandi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston va Vengriya BMT, YEXHT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro institutlar doirasida muvaffaqiyatli hamkorlik qilayotganini qayd etish o‘rinlidir. Mamlakatlarimizning global kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha nuqtai nazarlari yaqin yoki bir-biriga mos keladi, tomonlar xalqaro tashabbuslarni ilgari surishda bir-birlarini o‘zaro qo‘llab-quvvatlamoqda.

Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi hamkorlik ham jadal rivojlanmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-sotiqda eng qulay savdo rejimi o‘rnatilgan. So‘nggi 4 yil ichida O‘zbekiston-Vengriya savdo aylanmasi hajmi 2,5 baravarga oshdi, hatto 2020-2021 yillarda ham pandemiyaning salbiy oqibatlariga qaramasdan bu borada o‘sish kuzatildi. Shu tariqa 2021-yil oxiriga kelib mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar aylanmasi 114 million AQSH dollaridan oshdi, joriy yilning olti oyi mobaynida esa qariyb 50 million AQSH  dollarini tashkil etdi.

O‘zbekistonda Vengriya sarmoyadorlari ishtirokida tashkil etilgan 10 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, ularning oltitasi qo‘shma korxona, to‘rttasi yakka tartibdagi korxonalar hisoblanadi.

2013-yildan buyon Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Vengriya hukumatlararo komissiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Uning  yettinchi yig‘ilishi joriy yil 3-4 may kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish davomida sarmoyaviy, sanoat, savdo-iqtisodiy, bank-moliya, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi va kelishib olindi.

Har ikki davlatning umumiy qiziqish kasb etadigan sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlik ko‘lamlarini izchil kengaytirishga bo‘lgan intilishlari o‘zgarmasdir. O‘zbekiston va Vengriya bozorlar va savdo oqimlarini diversifikatsiya qilish, kimyo, oziq-ovqat, mashinasozlik, farmatsevtika va to‘qimachilik sanoati mahsulotlarini yetkazib berish hajmlarini ko‘paytirish uchun salmoqli salohiyatga ega. Tomonlar investitsiya, savdo, turizm, moliyaviy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va mintaqalararo hamkorlik sohalarida o‘zaro sheriklikni mustahkamlashga tayyordir.

Shuni ham qayd etish joizki, Vengriya O‘zbekistondagi biznes  faoliyati ko‘lamlarini kengaytirishdan hamda O‘zbekiston iqtisodiyotining qator tarmoqlarida mavjud bo‘lgan salmoqli sanoat salohiyatidan manfaatdor. Bugungi kunga qadar yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va kelajakda ularni uchinchi mamlakatlar bozorlariga eksport qilish maqsadida yuqori texnologiyaga asoslangan ishlab chiqarishlarni yaratishga qaratilgan qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy, madaniy-gumanitar almashuvlar tobora kengaymoqda. Ikki mamlakat olimlari materialshunoslik, mikroelektronika, asbobsozlik, tibbiyot, farmakologiya, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash sohalarida ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha ko‘p yillik tajribaga ega.

Buxorodagi viloyat o‘lkashunoslik muzeyida XIX asrning mashhur venger sharqshunos olimi va sayyohi Arminiy Vamberi sharafiga yodgorlik lavhasi o‘rnatilgan. Arminiy Vamberi 1863 yilda O‘rta Osiyoga safar qilib, Xiva xonligi, Buxoro amirligida bo‘lgan, Samarqandni ziyorat qilgan. Sayohatlari natijalari bo‘yicha "Buxoro tarixi yoki Transoksaniya qadim zamonlardan to hozirgi kungacha" hamda "O‘rta Osiyo bo‘ylab sayohat" nomli asarlarini yozgan.

2018-yildan beri Vengriya har yili O‘zbekiston fuqarolariga ushbu mamlakatdagi universitetlarda o‘qish uchun stipendiyalar taqdim etmoqda. 2021-yildan beri ushbu stipendiyalar soni 150 tagacha yetdi. Universitetlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik "Erasmus" loyihalari doirasida amalga oshirilmoqda.

Toshkent shifokorlar malakasini oshirish instituti va Semmelvays nomidagi Budapesht tibbiyot universiteti o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasi ishlab chiqilmoqda. Toshkent va Budapesht shaharlari, Farg‘ona viloyati va Dabash shahri o‘rtasida birodarlik rishtalari o‘rnatildi. Surxondaryo viloyati hokimligi va Peshtin viloyati meriyasi o‘rtasida amaliy aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.

Joriy yilda o‘tkazilgan Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning yig‘ilishi doirasida Sayyohlik sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Ushbu kelishuvda o‘zaro sayyohlik oqimlarini kuchaytirish uchun qulay sharoitlarni yaratishga da’vat etilgan. Shuni ham qayd etish kerakki, 2018 yil fevral oyidan e’tiboran O‘zbekistonda Vengriya fuqarolari uchun  soddalashtirilgan viza rejimi amal qilmoqda.

Muxtasar qilib aytganda, O‘zbekiston va Vengriya o‘zaro hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishga intilmoqda. Bunga ikki mamlakatning salmoqli salohiyati, uni hayotga tadbiq etishdan mushtarak manfaatdorlikning mavjudligi, o‘zbek va venger xalqlari o‘rtasidagi chuqur tarixiy ildizlarga ega bo‘lgan o‘zaro hamkorlik va samimiy do‘stona aloqalar bo‘yicha to‘plangan tajriba buning uchun yaxshi asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Поделиться